O‘zbekiston | 18:41 / 01.09.2018
29795
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi oliygoh yoki fakultet ochilishi mumkin

Mamlakatda turizm va temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida respublika hududida mavjud oliygohlardan birining bazasida yangi fakultet ochilishi yoxud oliy ta'lim muassasasi tashkil etilishi mumkin. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

29-30 avgust kunlari Jizzax viloyatida bo‘lib o‘tgan Xalqaro investitsion forumda Beijing Jiufang Grang Move Transportation Equipment Co.Ltd kompaniyasi viloyatning Baxmal va Zomin tumanida amalga oshirilishi kutilayotgan turizm klaster loyihasi bilan tanishib chiqib, tegishli memorandumni imzolagan. Unga ko‘ra, Toshkent, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahri temir yo‘l infratuzilmasini yaxshilash nazarda tutiladi. Shuningdek, muhandislar va kadrlar boshqaruvi sohasida yangi xodimlarni yetkazib beruvchi zamonaviy oliygohni ochish masalasi ham ijobiy hal etilgan. 

Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Ulug‘bek Egamovning aytishicha, hokimiyat vakillari Xitoyning Tyantszin shahri vakillari bilan aloqa o‘rnatib, shahardagi Gaoshen oliygohining filialini Jizzaxda tashkil etish bo‘yicha muzokaralarni olib borishmoqda.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan chiquvchi va kirib keluvchi poyezdlarga xizmat ko‘rsatish xizmatiga ega logistika markazlari ham qurilishi rejalashtirilmoqda. 

Beijing Jiufang Grang Move Transportation Equipment Co.Ltd kompaniyasi esa past qavatli, bir relsga ega shahar ichida harakatlanuvchi transportni yetkazib berish bo‘yicha memorandumni imzolagan.

Mavzuga oid