Jamiyat | 14:18 / 03.09.2018
69671
11 daqiqa o‘qiladi

Andijon tumanidagi uch mahallada ekologik tang holat yuz bermoqda

KUN.UZ tahririyatiga kelib tushgan murojaatni o‘rganib chiqqanimizga bir necha kun bo‘ldi. Avvaliga mazkur maqolani bayram kunlari omma e'tiboriga havola etishga istihola qilgandik. Biroq Andijon viloyati, Andijon tumanidagi “No‘hatak”, “Qashqar” va “Obi-hayot” mahallalaridagi achinarli ekologik holatning kundan kunga yomonlashayotgani dolzarb masalaga yechimni tezroq topishga undadi.

Ro‘y bergan holatdan eng ko‘p aziyat chekayotgan “No‘hatak” mahallasiga borganimizda bizning kelganimizni eshitib, mahalla ahli “ko‘chib chiqdi”.

Ana endi muammoga batafsil to‘xtalamiz. Bundan besh oy oldin 2018 yilning mart-aprel oyilarida “No‘hatak” mahallasining qoq o‘rtasida joylashgan sobiq XATP yuk mashinalari garaji hududidagi maydonda xorijiy sarmoya ishtirokida "METKO-PROFI" mas'uliyati cheklangan jamiyati ish boshlaydi. Aholi xonadonlari zich joylashgan hududda ish boshlagan korxonada temir qayta ishlanib, metallardan barcha turdagi armaturalar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Korxona ishlab chiqarish maydoniga katta yuk ko‘taruvchi qudratli (40 tonnalik) kran o‘rnatildi, gaz tarmog‘iga ulandi. Atrofdagi ishsiz yurgan 40-50 nafar kishi ish joyiga ega bo‘ldi.

Xitoylik tadbirkor Ding Suxua xonim mazkur loyiha uchun 2 million 452 ming AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritgan.

Qanday yaxshi, to‘g‘rimi? Yangi texnologiyalar asosida iqtisodiyotni rivojlantirish, xorij sarmoyasini kiritish, aholi bandligini ta'minlash... Chetdan turib qaraganda shunday tuyuladi.

Biroq korxona ishga tushgan kundan boshlab atrofdagi aholi juda og‘ir ahvolda qoldi. Tinchligi, xotirjamligi, havosi ayanchli tarzda buzildi. Har kuni sutka davomida beto‘xtov ishlab atrofga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan “zavodcha” turli zararli omillarga to‘la ekan!

Quyuq tutun. Ikkilamchi metall qayta ishlash uchun eritilayotganda chiqayotgan gaz va tutunlar. yoqimsiz kuchli kimyoviy hidlar aholi xonadonlari ichiga kirib bordi. O‘simliklar, daraxtlarda ham salbiy o‘zgarishlar ro‘y bergan.

 O‘sha relsda harakatlanuvchi kranning qattiq silkinib ishlashi oqibatida mahallada yer ham doim silkinib turadi. Buning “samarasi” - uy-joylar zarar ko‘ra boshladi.

Shovqin. Ikkilamchi metallni qayta ish jarayonidagi kichik portlashlar, shovqin va chiyillash.                  

  Korxonadan chiqayotgan badbo‘y hid sabab, aholi vakillari, katta-kichik burnini mato bilan berkitib olishgan. Biz ham tezda shu yo‘lni tutdik. Korxonadan chiqayotgan tutunga burun achishib, ko‘z yoshlanar, texnika vositalari shovqiniga esa quloq batang bo‘lardi. Mana shunday sharoitda yashayotgan odamlarga achinib ketdik. 

“Besh oy davomida mahallada istiqomat qilayotgan 6 ming aholi o‘rtasida asab kasalliklari, allergik kasalliklar, yuqori nafas yo‘llari kasalliklari va teri kasalliklari birdan ko‘payib ketdi. Bu turishda yosh bolalarimizning holi nima kechadi?”, - deydi shu mahallada istiqomat qiluvchi Mavludaxon Mamadaliyeva.

Ekologik holatning ayanchli oqibatidan biri atrofdagi turli daraxtlarning qurib qolayotganligida. “Toklarning  mevasi  o‘z-o‘zidan qorayib ketdi. Boshqa mevali daraxtlarda ham shu ahvol. Teraklarimiz ham asta qurishni boshladi”, - deydi xonadon egalaridan biri Shuhrat Yunusov.

Murojaatlar izidan: Ekologiya qo‘mitasi yordamga keldi...

Mahallada istiqomat qiluvchi aholi muammoli holat yuzasidan turli joylarga arznoma yoza boshladilar.  Hokimlik, huquq-tartibot idoralari tomon xatlarga o‘nlab fuqarolar imzo qo‘yib jo‘natishdi. Maktublar bee'tibor qolmadi, lekin foydasi ham bo‘lmayapti.

Andijon viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ishga jiddiyroq yondoshibdi. Aholining haqli talabiga boshqarma boshlig‘i M. Mamatov  2018 yil 28 avgust kuni № 01/16-01-11-16-89 sonli xat orqali javob qaytargan.

Unda xorijiy sarmoya ishtirokida “METKO-PROFI” MChJ (aynan keltiramiz) O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi, “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunlariga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 31 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida davlat ekologik ekspertizasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 491-sonli Qarori talabiga zid ravishda faoliyat yuritayotgani aniqlangani aytiladi. Shuningdek, ekologiya boshqarmasi murojaatni o‘rganish davomida korxona rahbariga faoliyatni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilgan.

Qarangki, mazkur korxona ish boshlashdan oldin mamlakatimizda qabul qilingan me'yoriy hujjatlarga asosan EKOLOGIK EKSPeRTIZAdan ham o‘tmagan ekan.

Viloyat ekologiya boshqarmasi o‘z xatida mazkur hududda DSENM xodimlari bilan hamkorlikda atmosfera havosidan tahlil uchun namunalar olingani va ushbu hujjatlar jamlanmasi viloyat prokuraturasiga taqdim qilinganini bildiradi.

Biz mazkur tahlil natijalari bilan tanishish maqsadida Andijon viloyat DSENM rahbari Akramjon Ikromovga murojaat qilishni rejalashtirdik.    

Tahlillarni berish DSENMga shunchalik qiyinmi?..

Darhaqiqat, viloyat DSENM boshlig‘i A. Ikromovga qo‘ng‘iroq qilganimizda mas'ul shaxs: “Hudud havosidan olingan tahlil namunalari juda salbiy natija berdi. O‘rganish davomidagi hujjatlarni sizga ham, albatta, bir soatda jo‘natamiz”, dedi. Biz unga ishondik. Oradan ko‘p kunlar o‘tdi. Lekin hujjatlardan darak bo‘lmadi. Yana qo‘ng‘iroq qildik. Yana va'da berilgach, hujjatlardan darak bo‘lmadi. Mutasaddiga qilingan navbatdagi qo‘ng‘iroqlar esa javobsiz qoldi.

Tushunamiz, DSENMda ish bisyor. Tashkilot ayni paytda tibbiy muassasalarda “tungi reyd”lar o‘tkazmoqda. Internet nashrimizda Andijon DSENM faoliyati bilan bog‘liq muammolar to‘g‘risida “Andijon “Jahon bozori”ga “SES” borib turadimi?” nomli maqolamizda to‘xtalgan edik...

Qisqasi, DSENM bizga tahlil natijalarini bergisi kelmadi. Sababi, o‘zlariga ayon. Lekin biz  baribir mazkur tahlillarni topdik.

Unda xorijiy sarmoya ishtirokida "METKO-PROFI" MChJ cho‘yan va metall eritish bilan bog‘liq faoliyatni boshlashdan oldin Andijon tuman DSENMdan tegishli xulosalar olmagani aytilgan. Tsexga xomashyo sifatida keltirilayotgan ikkilamchi metall qayta ishlash uchun eritilayotganida tarkibidagi texnik moy, bo‘yoq va boshqa nometall birikmalar eritish pechida yonib-tutashi, eritish pechining ochiq navesda joylashgani, chiqayotgan gaz va tutunni to‘sib turuvchi siklon va baland mo‘ri mavjud emasligi sabab zararli gaz va tutunlar to‘g‘ri aholi xonadonlariga kirayotganligi kuzatilgan.

O‘rganish kunida ishlab chiqarish sexidan oraliq masofa 10 metrda joylashgan xonadonlarda shovqin darajasi 59 Db ekanligi aniqlangan bo‘lib me'yoriy esa 40 Db bo‘lishi va bu ma'qul shovqindan 19 Db ortiqcha ekanligini ko‘rsatgan. Chang darajasi 1,4 mg/m³, belgilangan me'yor esa 0,5 mg/m³, bu holat belgilangan me'yordan 0,9 mg/m³ oshiqligi, fenol miqdori 1,1 mg/m³ ekanligi, ruxsat etilgan me'yor esa 0,1 mg/m³ aniqlangan ekan.

Bundan tashqari, juda ko‘plab tahlillar ham aholi hududi qoq o‘rtasiga joylashgan korxona atrof-muhit, eng avvalo, insonlar sog‘ligiga katta zarar yetkazayotganligini ko‘rsatib turibdi.

Yechim yoki xulosa

Mamlakatda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribalardan foydalanish, eng asosiysi, aholi bandligini ta'minlashga katta e'tibor qaratilayotgani va bu ishlar salmoqli samara berayotganining guvohimiz.

Biroq Andijon tumanidagi “No‘hatak”, “Qashqar” va “Obi-hayot” mahallalaridagi holat juda achinarli. Fikrimizcha, har qanday ezgu niyatli loyihani boshlashdan oldin, boshdan do‘ppini olib biroz o‘ylash lozim. Turli mas'ul idoralar ishlab chiqarish uchun berilgan joyni o‘rganib, o‘z xulosasini tegishli tarkibda berishi qonunlarimizda ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Korxona aholi va tabiatga zarar yetkazayotganiga tegishli idoralar tomonidan berilgan xulosalarda ham ko‘rinib turibdi.      

Shunisi aniqki, chet ellik sarmoyador tuman hokimligi mutasaddilari tavsiya qilgan joyda faoliyat yuritish uchun ancha mablag‘ sarflagan. Agar shu korxona endi boshqa joyga ko‘chiriladigan bo‘lsa behuda chiqim bo‘ladi. Ko‘chirilmasa, atrofda ekologik tang holat yuzaga kelib bo‘lgan.

Barcha tumanlarda ishlab chiqaruvchilar uchun aholi yashash joylaridan uzoqda bo‘lgan sanoat hududlari mavjud. Jumladan, Andijon tumanida ham. Endi xorijlik sarmoyador bilan muzokara stoliga o‘tirib, holat yuzasidan kelishib olish va korxonani aholi uchun xavfsiz hududga ko‘chirish ishlarini rejalashtirish lozim.

O‘ylaymizki, tuman hokimligi aholining haqli talabini tez kunlarda ijobiy hal qiladi.                                                                                             

O‘z muxbirimiz   

  

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid