Jamiyat | 18:24 / 03.09.2018
32447
6 daqiqa o‘qiladi

Namanganda masjid muammosi. Sansalorlikka qachon chek qo‘yiladi?

«Insonlarning dardu tashvishlari bilan yashash insoniylikning eng oliy mezonidir». Bu jumlaga ba'zi xalq qabulxonalariga kiraverishda ko‘zingiz tushadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqni rozi qilish, ularning muammolariga yechim topishni bugungi siyosatning asosi deb bilmoqda. Hozirgi kunda mazkur siyosat jamiyatning har bir sohasida jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy, diniy va boshqa sohalarda ham ijobiy tomonga o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Shunday bo‘lsada, ba'zi tashkilotlar tomonidan muammoni to‘liq o‘rganmaslik, xalq fikriga qiziqmaslik va qonunni mazmunan anglamaslik holatlari uchrab turibdi.

Yaqinda Namangan shahrida yashovchi bir guruh fuqarolardan KUN.UZ tahririyatiga murojaat kelib tushdi. Maktub mualliflarining ko‘pchilik qismini keksa yoshdagi, hayotiy tajribaga boy fuqarolar tashkil etadi. Uni o‘rganish maqsadida vodiyga, Namangan viloyatiga yo‘l oldik. Murojaat bir vaqtlari jome masjidi sifatida foydalanilgan va 1998 yil noma'lum sabablarga ko‘ra yopilgan masjid xususida edi.

Avvaliga masjid to‘g‘risida nafaqadagi tarixchi otaxon Adham Nuriddinov so‘zlab berdi. Bir vaqtlar Axsikent shahri (hozirgi Namangan shahri atroflari) XVIII asr boshlarida Shayboniylar sulolasiga qarashli hudud bo‘lgan. Shayboniylardan hududni asli mirlar urug‘idan bo‘lgan Mirzo Donoboy sotib olgan. U o‘z mablag‘i hisobidan madrasa, masjid, tegirmon va shunga o‘xshash xalq uchun zarur bo‘lgan bino-inshootlar qurdirgan. Keyinchalik «din afyundir (zahar)» shiori ostida mavjud masjidlar yopilishi boshlangan, qabrlar tekislangan. 1938 yilga kelib bu hududga paxta ekish boshlangan. Shu yillar ichida qarovsiz qolgan masjid xaroba holga kelib qolgan. 1942 yildan masjid faoliyatiga ruxsat beriladi. 

1953 yilgacha, Stalin o‘limiga qadar, masjid o‘z faoliyatini yuritgan. Keyinchalik Xrushchev hukmronligi davrida masjidlar faoliyati yana cheklangan. Vaqt o‘tishi bilan O‘zbekiston mustaqillikka erishgach bu tarixiy masjid faoliyati qayta tiklangan. 1992 yil 25 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 23-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ushbu majmua jome masjidi maqomida o‘z faoliyatini qonuniy asoslarda 1998 yilgacha yuritgan. 

Biroq masjid faoliyati 1998 yilga kelib noma'lum sabablarga ko‘ra taqiqlab qo‘yilgan. Shunday bo‘lsada, masjid o‘sha davrda amalda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 20.06.1998 yildagi 263-sonli qarori asosida tegishli tartibda yopilmagan. Jumladan, tashkilot rahbar organi qarori qabul qilinmagan, hisob raqamlari yopilmagan, matbuotda tashkilot tugatilayotgani haqida e'lon berilmagan, muhr va shtamplar yo‘q qilinmagan. 

Masjid taxminan 700-800 nafar insonning ibodat qilishi uchun mo‘ljallangan. Ichki qismi tadbirkor Qobil Mirzayev va mahalla faollari tomonidan ko‘ngilli ravishda ta'mirlangan. Ta'mirlash ishlarining tugashiga oz qolganda shahar hokimligi vakillari tashrif buyurib, mazkur hududda madaniy-ma'rifiy ko‘ngilochar dam olish maskani qurilishi va mahalla fuqarolar yig‘ini idorasi ko‘chirilishi haqidagi vajlar bilan barcha harakatlarni to‘xtatib qo‘ygan. 

Biroq hokimlikning bunday qarorga kelishida hududda yashayotgan mingga yaqin fuqarolarning xohish-istaklari inobatga olinmagan, deya fikr bildiradi mahalla faollari.

Holat bo‘yicha ma'lumot olish maqsadida Namangan shahar hokimligiga bordik. Hokimlik mas'ul xodimlari bilan bo‘lgan suhbatda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ruxsat bersa, diniy tashkilotning yuridik (pochta) manzili to‘g‘risida tegishli mahalliy davlat hokimiyati organining kafolat xati berilishi ma'lum qilindi. 

Biroq negadir hokimlik vakillarining izohi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 409-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga unchalik mos kelmayapti.

Jumladan, nizomda diniy tashkilotning yuridik (pochta) manzili to‘g‘risida tegishli mahalliy davlat hokimiyati organining (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatining tegishli bo‘linmalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining rozilik xati ilova qilingan holda) kafolat xatini olish talab etiladi. Biroq nizomda mahalliy davlat hokimiyati organining kafolat xatini olish uchun esa Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining ruxsatini olish lozimligi nazarda tutilmagan.

Umid qilamizki rad etilishining sabablari mavhum bo‘lib qolayotgan ushbu holatni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari qo‘mitasi va Namangan viloyat hokimligi atroflicha o‘rganib chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan odilona va oqilona olib borilayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlashda yanada faollik ko‘rsatadilar.

Зафар Солижонов
Tayyorlagan Зафар Солижонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid