O‘zbekiston | 19:58 / 03.09.2018
10627
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Tojikistonning yo‘lovchi va yuk poyezdlariga imtiyozlar taqdim etdi

Foto: mintrans.tj

O‘zbekiston avval erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Tojikiston yo‘lovchi va yuk poyezdlariga imtiyozlar taqdim etmoqda. Bu haqda Avesta.Tj Tojikiston Transport vazirligi matbuot markaziga tayanib xabar berdi.

Xususan, joriy yilning 1 avgustidan boshlab O‘zbekiston tomoni Termiz, Qarshi va Samarqand temir yo‘l stansiyalarida Tojikiston poyezdlariga yo‘lovchilarni chiqarish va qabul qilib olishga ruxsat berdi.

Shuningdek, ko‘rsatilgan temir yo‘l stansiyalarida Tojikistondan kelayotgan yo‘lovchi poyezdlari uchun chiptalar sotib olish mumkin.

Tojikistonning uzoq masofalarga harakatlanuvchi poyezdlariga - Dushanbe-Moskva-Dushanbe, Ko‘lob-Moskva-Ko‘lob va Xo‘jand-Moskva-Xo‘jand yo‘nalishidagi poyezdlarga O‘zbekiston hududida chipta sotib olmoqchi bo‘lgan yo‘lovchilarga imtiyozlar taqdim etilmoqda.

Xususan, ko‘rsatilgan poyezdlarga oldindan chipta sotib olgan yo‘lovchilarga chipta xarid qilingan muddatga qarab 25%, 20% va 10% chegirmalar beriladi.

Shuningdek, «O‘zbekiston temir yo‘llari» temir yo‘l kompaniyasi 2018 yilning 15 avgustidan joriy yilning 31 dekabrigacha Keles-Quduqli, Quduqli-Keles, Quduqli-Qoraqalpog‘iston, Amuzang-Keles va Amuzang-Qoraqalpog‘iston temir yo‘l uchastkalari orqali barcha tranzit temir yo‘l yuklarini tashish uchun chegirmalar beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston O‘zbekiston tufayli elektr energiyasi eksporti rejasini ortig‘i bilan bajargani xabar qilingandi.  

Mavzuga oid