Jahon | 07:27 / 04.09.2018
4108
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada “Jyebi” to‘foni sababli 600 aviareys bekor qilindi

Foto: Pixabay

Yaponiyaning 13 ta aviakompaniyasi “Jyebi” to‘foni yaqinlashib kelayotgani sababli mamlakatning markaziy va janubi-g‘arbiy qismida 589 aviareys bekor qilinganini ma'lum qildi. Yaponiyada ushbu to‘fonga 21-tartib raqami berilgan. 

Kompaniyalar uchishi va qo‘nishi Osaka va Kobe shaharlariga to‘g‘ri keluvchi reyslarni bekor qilgan. Bekor qilingan reyslar soni oshishda davom etmoqda.

Shuningdek, temir yo‘l kompaniyalari Osaka, Xirosima shaharlariga yo‘naluvchi hamda Yaponiyaning eng yirik oroli Xonsyuni Sikoku oroli bilan bog‘lovchi yo‘nalishlar bo‘yicha “Sinkansen” tezyurar poyezdlari va ekspresslarni jo‘natishni bekor qilishga majbur bo‘lmoqda. Bundan tashqari, Kanagava va Tiba prefekturalari o‘rtasidagi parom qatnovi to‘xtatilgan.

Ayni vaqtda to‘fon Yaponiyaning janubi-sharqiga tomon yaqinlashib, shimol tomon yo‘nalmoqda. Shu tariqa u 5 sentabr tongiga yaqin mamlakatning butun hududi bo‘ylab o‘tadi. To‘fondagi shamol tezligi soniyasiga 45 metrni, kuchayganda esa 60 metrni tashkil qilmoqda. Meteorologlar ushbu to‘fonni joriy yildagi eng kuchlisi deb atashgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid