Sport | 12:50 / 05.09.2018
28693
3 daqiqa o‘qiladi

Ektor Kuper: «Birinchi o‘yindanoq mo‘jiza kutmang»

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper 6 sentabr kuni Suriyaga qarshi kechadigan o‘rtoqlik o‘yinidan oldin o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi. U qo‘l ostidagi tarkib holati va o‘yinlarga tayyorgarlik jarayoni haqida gapirgan.

«22 avgust kuni yig‘inga kirishgan bo‘lsak, birinchi ishni futbolchilarni inson sifatida o‘rganishdan boshladim. O‘zbekiston terma jamoasining oldingi o‘yinlari bilan tanishdim. Qo‘l ostimda jamlangan futbolchilar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazib, ularning jismoniy tayyorgarligini kuzatdim.

10-12 kunlik muddat davomida va oldingi ko‘rgan o‘yinlarimdan kelib chiqqan holda futbolchilarni optimal holatga olib kirishga harakat qildik.

Terma jamoa o‘yin uslubi va taktikasiga o‘zgarishlar amalga oshirishga majbur bo‘ldik. Bu jarayon hali yakuniga yetmagan, bu kelajak uchun bajarilgan ishlar hisoblanadi. Hozircha Janubiy Koreya ligasida to‘p surayotgan futbolchilar yig‘inga yetib kelishmadi. Bundan tashqari, Odil Ahmedov va Vitaliy Denisov endigina Toshkentga kelishgan.

Hozirgi tarkib ertaga Suriyaga va 11 sentabr kuni Eronga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun yig‘ilgan. Mana shu o‘yinlardan keyin terma jamoa holati haqida aniq gapirishim mumkin. Futbolchilarning barcha o‘yinlarini kuzatib boraman. Hozir yig‘inga chaqirilgan tarkib jiddiy o‘zgarishi mumkin, yangi futbolchilar tarkibga jalb etilishi mumkin.

Futbolchilar texnik jihatidan juda ham yaxshi holatda. Mashg‘ulotlar jarayonida global o‘zgarishlar qilganimiz yo‘q. Shu sababli ham, birinchi o‘yindanoq mo‘jizalar kutmasligingizni so‘rayman. Terma jamoa o‘yinidagi o‘zgarishlar eng kamida bir oydan so‘ng ko‘zga tashlanishiga umid qilyapman.

Men futbolchi tanlashda eng avvalo jismoniy holatga e'tibor beraman. O‘z klubida yaxshi to‘p surayotgan barcha o‘yinchilarni kuzatishga harakat qilaman», deya Kuperning so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» muxbiri.

Mavzuga oid