Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
9/11 teraktlari: Oradan 17 yil o‘tib. Fojia bo‘yicha faktlar (fotogalereya)
17 yil muqaddam, 2001 yilning 11 sentabrida, Qo‘shma Shtatlar tarixidagi eng dahshatli terakt amalga oshirildi.
2001 yilning shu kuni «al-Qoida» terrorchi guruhi jangarilari to‘rt fuqarolik aviatsiyasi samolyotini egallab oldi. Ulardan biri Nyu-Yorkdagi mashhur Butunjahon savdo markazining shimoliy minorasiga, ikkinchisi majmuaning ikkinchi minorasiga urildi. Natijada ikki osmono‘par bino ham yer bilan kunpayakun bo‘ldi.





Uchinchi layner soat 9:37 Pentagon binosiga hujum qildi.

To‘rtinchi samolyotdagi yo‘lovchilar terrorchilarga qarshilik ko‘rsatishdi va samolyot Pensilvaniya shtati hududida, Pittsburg shahrida qulab tushdi.
Hujumlar oqibatida jami 2977 kishi halok bo‘ldi, minglab kishilar jarohatlandi. Ularning 246 nafari samolyot yo‘lovchilari edi. Jahon savdo markazida 2 ming 606 kishi, Pentagonga hujum oqibatida 125 kishi halok bo‘ldi. Halok bo‘lganlarning 72 nafari politsiya va huquq-tartibot idoralarining xodimlari, 343 nafari o‘t o‘chiruvchi, 55 nafari harbiy xizmatchi edi. Qurbonlar orasida 90ta mamlakat fuqarolari bor edi.

Nyu-Yorkka yetkazilgan zarar 36 milliard dollarga yaqin bo‘ldi, Jahon savdo tashkiloti minoralari joylashgan hududni tozalash ishlari 8 oydan ortiq vaqt davom etdi.

Pentagonning vayron bo‘lgan g‘arbiy qanoti 2002 yil sentabriga kelib qayta tiklandi.



Ushbu hodisalar xotirasiga 11 sentabr AQShda Vatanparvarlik kuni va Ibodatlar kuni sifatida nishonlanadi. Butun mamlakat bo‘ylab mahalliy hukumat, universitet, maktab, jamoatchilik uyushmalari tomonidan tashkil qilingan xotirlash marosimlari, motam tadbirlari va xotira konsertlari bo‘lib o‘tadi. Federal binolarning barchasida shu kuni davlat bayroqlari tushiriladi.

Terakt yuz bergan vaziyatni o‘rganish bilan AQShga terrorchilik hujumlari bo‘yicha milliy komissiya shug‘ullandi. 2004 yilning iyulida, fojiadan 442 kun o‘tgach, mustaqil tadqiqot komissiyasi 600 sahifalik hisobotni taqdim qildi. Unda hukumat immigratsion siyosatda juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ygani jiddiy teraktlarga sabab bo‘lgani qayd etildi.

Shuningdek. Amerika razvedka xizmatlari harakatlari koordinatsiyalanmagani tufayli teraktlar oldi olinmagani keltirildi. 2004 yil avgustida AQSh prezidenti Jorj Bush Amerika razvedkasini isloh qilish haqida bir nechta farmon imzoladi.

19 nafar xudkush terrorchilarning barchasining shaxsi aniqlandi — ular Misr, Saudiya Arabistoni, BAA va Livan fuqarolari bo‘lib chiqdi. Ular «Al-Qoida» terrorchilik tashkilotiga aloqador bo‘lib, AQShda qonuniy ravishda yashagan, ularning ba'zilari esa Amerika uchuvchilik maktablarida o‘qigan.
2001 yilning oktabrda AQSh va Buyuk Britaniyaning Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlari boshlandi, bundan maqsad - «Al-Qoida» bazalarini yo‘q qilish va tashkilot boshlig‘i Usama bin Lodinni qidirib topishdan iborat edi. «Birinchi raqamli xalqaro terrorchi» 2011 yilning 2 mayiga kelib, Pokistonning Abbotobod shahrida amerikalik harbiylar tomonidan yo‘q qilindi.
2007 yil yanvarida Gamburgda Marokash fuqarosi Munir al-Mutasaddiq 15 yilga qamaldi, u 11 sentabrdagi teraktga tayyorgarlik ko‘rishda qatnashganlikda ayblandi. U «Al-Qoida»ning «Gamburg yacheykasi» bilan aloqada bo‘lgan, Jahon savdo tashkilotining egizak binolarini yo‘q qilgan xudkush uchuvchilar aynan shu guruhning a'zolari bo‘lgan.
2006 yil mayida Vashinton yaqinidagi Aleksandriyada asli marokashlik Fransiya fuqarosi Zakaria Musaviy ustidan sud jarayoni yakunlandi, AQSh hukumati unga nisbatan teraktlarga aloqadorlik ayblovini ilgari surgandi. Musaviy umrbod qamoqqa mahkum etildi.
2008 yil 5 iyunda Amerikaning Guantanamodagi harbiy bazasida (u yerda terrorchilar uchun maxsus turma bor) teraktlar tashkilotchisi Xalid Shayx Muhammad va uning to‘rt nafar sherigi ustidan sud jarayoni boshlandi. Ular terrorizm, samolyotlarni qo‘lga olish, ommaviy qirg‘in, fuqaro shaxslarga hujum qilish maqsadida til biriktirishda ayblanmoqda. Sud jarayoni bir necha marta boshlanib, bir necha marta to‘xtatildi.
2002 yil 10 aprelda 1999 yili BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan, 11 sentabr voqealaridan keyin joriy qilinishi zaruratga aylangan «Terrorchilikni moliyalashtirishga qarshi kurash haqidagi» xalqaro konvensiya kuchga kirdi. Hujjat 1999 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan, ammo 11 sentabr voqealaridan keyin kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan miqdorda ratifikatsiyalarga ega bo‘lgan edi.
Fojiadan so‘ng, shuningdek, Moliyaviy suiiste'molga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro guruh BMT bilan terrorchilikka qarshi kurash borasida hamkorlikni kuchaytirdi.
2001 yil dekabridan boshlab Yevroittifoq har yili terrorchilik tashkilotlarining qora ro‘yxatini e'lon qilib kelmoqda.
2015 yil iyunida Markaziy razvedka boshqarmasi 2001 yil 11 sentabr teraktlari bo‘yicha qator hujjatlarni oshkor qildi. Muassasa ta'kidlashicha, ularda gap «xizmatning teraktgacha bo‘lgan faoliyati» haqida boradi. Ular orasida qariyb 500 sahifali hisobot ham bo‘lib, unda teraktdan avvalroq agentlik oldida paydo bo‘lgan «tizimli muammolar» haqida hikoya qilinadi.
11 sentabr voqealari jahonda terrorizmga qarshi kurash zarurligini kun tartibiga chiqardi. Buning natijasi o‘laroq terrorizmga qarshi kurash koalitsiyasi tashkil etildi. 11 sentabr nafaqat amerikaliklarning, balki butun dunyoning vaziyatini tubdan o‘zgartirib yubordi. O‘sha yilning dekabridan boshlab Yevropa Ittifoqi har yili terror tashkilotlarining ro‘yxatini e'lon qila boshladi. 11 sentabr voqealaridan so‘ng jahon ahli hatto, AQShdek qudratli mamlakat ham o‘z xavfsizligini yakka o‘zi ta'minlay olmasligini, terrorizmga qarshi birgalikda kurashish zarurligini anglab yetdi.
Ushbu fojia yuz minglab insonlar taqdirini o‘zgartirib yubordi, AQShning keyingi tashqi siyosatini belgilab berdi, shuningdek, haligacha muhokama qilinmoqda, jurnalistik tadqiqotlar, badiiy asarlar, hujjatli va badiiy filmlar uchun mavzu bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mavzuga oid
08:06 / 13.05.2026
Nyu-Yorkdan Londonga 3,5 soatda: yangi aviatsiya davri boshlanmoqda
12:21 / 01.01.2026
Zohran Mamdani – Nyu-Yorkning ilk musulmon meri Qur’on bilan qasamyod qildi
17:49 / 13.09.2025
Tramp Nyu-Yorkda Qatar bosh vaziri bilan tushlik qildi
21:33 / 28.05.2025