Jahon | 14:04 / 12.09.2018
4623
3 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda O‘zbekiston madaniyat kunlari o‘tkazilmoqda

Dehli shahrida Hindistonda O‘zbekiston madaniyat kunlariga rasman start berildi. Madaniyat kunlari ochilish marosimi Hindiston Tashqi  ishlar vazirligining katta tadbirlar o‘tkaziluvchi «Pravas Bxaratiya Kendra» forumlar saroyida tantanali oqshom bilan boshlandi. 

Tadbir tashkilotchilari - Hindiston madaniy aloqalar kengashi va O‘zbekiston-Hindiston do‘stlik jamiyati hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Dehlidagi O‘zbekiston elchixonasi. 

Madaniyat kunlari ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekistonning musiqiy va raqs guruhlari ishtirok etishdi. Unda 300dan ziyod mehmon qatnashdi, ularning orasidan Hindistonning ijtimoiy-siyosiy va madaniy tashkilotlari, biznes-doiralari hamda OAV, elchilar va diplomatlar, ilm-fan va san'at arboblari o‘rin olgan. 

Foto: Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi
Foto: Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi

Mehmonlarning aksariyati oila a'zolari bilan tashrif buyurdi, zero Hindiston jamoatchiligida xorijiy mamlakatlar,  xususan O‘zbekistonning madaniy taqdimotlari katta qiziqish uyg‘otadi. 

Forumlar saroyida shuningdek O‘zbekiston san'at ustalarining ko‘rgazmasi tashkil etildi. 

Foto: Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi
Foto: Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi

Tadbir doirasida O‘zbekistonning turistik va madaniy salohiyati, jumladan Shahrisabzda bo‘lib o‘tgan Xalqaro Maqom festivali haqidagi videorolik namoyish etildi. 

O‘zbekistonning Hindistondagi favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev o‘z nutqida ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik ma'naviy-madaniy aloqalar haqida so‘z yuritib, bugunga kelib o‘zbek-hind madaniy munosabatlari yangicha dinamikada rivojlanayotganini ta'kidladi. U O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kutilayotgan davlat tashrifi O‘zbekiston-Hindiston hamkorligiga yangicha mazmun kiritishini qayd etdi. 

Foto: Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi

Hindiston rasmiylari, o‘z o‘rnida bunday tadbirlar "xalq diplomatiyasi"ning muhim qismi ekanini aytib, ularning Hindiston jamiyatiga O‘zbekistonning ko‘p qirrali madaniyati bilan yaqindan tanishish imkonini berishini ta'kidladi. 

Bundan tashqari, tadbir doirasida Dehlidagi yirik universitetlardan birida o‘zbek tili professori Sh.Taslim rahbarligida nashr qilingan 4 tomli o‘zbek tili darsligining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Jomiy Milliy Islomiy universitetida o‘zbek tili kafedrasi bo‘lib, bu yerda o‘zbek madaniyat burchagi ham mavjud. 

Foto: Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi

Umuman olganda, tadbir hind jamoatchiligi, davlat tuzilmalari va Hindiston madaniy arboblari vakillari orasida katta qiziqishga sabab bo‘ldi va ular O‘zbekistonning ko‘p qirrali taqdimotini yuqori baholashdi. 

Foto: Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi

Ta'kidlash joizki, Hindistondagi O‘zbekiston madaniyat kunlari 14 sentabrga qadar davom etadi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid