Jamiyat | 23:29 / 12.09.2018
7108
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Bollivud filmlari suratga olinadi

O‘zbekiston madaniyat kunlarining uchinchi kunida tadbirlar Hindistonning Noyda shahridagi mashhur ko‘ngilochar sanoat markazi - Marva Studiosda o‘tdi. Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasidan ma'lum qilishlaricha, 200dan ziyod hindistonlik O‘zbekiston, uning turistik va investitsion salohiyati haqidagi hujjatli filmlar bilan tanishib, shuningdek "Sirdaryo navolari" guruhi ishtirokidagi konsert dasturidan zavq olishdi. 

Marva Studios asoschisi, Media va ko‘ngilochar sanoat palatasi raisi Sandip Marvaning so‘zlariga ko‘ra, Noydadagi tadbirlar ikki mamlakatning kinematografiya yo‘nalishidagi barqaror rivojlanayotgan munosabatlarining yana bir isbotidir. 

"2014 yilda asos solingan tashkilotimiz tarkibida Hindiston Bosh vaziri janob Narendra Modi tashabbusi ila dunyoning turli mamlakatlari bilan 166 do‘stlik hamjamiyati mavjud. Biroq ularning orasida eng faoli - bu Hind-O‘zbek kino va madaniyat forumi", - deya ta'kidladi u. 

Sandip Marvaning qayd etishicha, yaqin oylar ichida Forum badiiy film yo‘nalishida O‘zbekiston va Hindiston qo‘shma loyihasi haqida e'lon qiladi. 

"Biz O‘zbekistonning kino kompaniyalari va prodyuserlik markazlari bilan muzokaralar olib boryapmiz va tez orada O‘zbekistonda s'yomkalar boshlanishini kutyapmiz. Bu ikki mamlakatning mazkur yo‘nalishdagi hamkorligi juda tez rivojlanayotganidan dalolat bermoqda", - qo‘shimcha qildi Marva.

Hindiston-O‘zbekiston kino va madaniyat forumi qisqa vaqt ichida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantiruvchi qator dasturlarni amalga oshirdi. Xususan, Toshkent haqida hujjatli film ishlandi, Hindiston jamoatchiligi Dehli, Mumbay va Kalkuttadagi o‘zbek filmlari festivalini katta qiziqish bilan qabul qildi, o‘zbekistonlik mutaxassislarning kino san'ati bo‘yicha tahsil olishi uchun grant ajratildi, kino, televideniye va san'at arboblari delegatsiyalari almashinuvi davom etmoqda. Hindiston radiostansiyalarida haftada ikki marta O‘zbekiston haqida ma'lumot beruvchi maxsus eshittirish uzatilmoqda. O‘zbekiston turizmi va kino-lokatsiyalari targ‘iboti bo‘yicha forumni tashkillashtirish, shuningdek o‘zbekistonlik kino arboblarining Hindistonda bo‘lib o‘tadigan to‘rt global kino festivalida ishtirokini tashkil etish rejalashtirilmoqda. 

O‘zbekiston delegatsiyasining shuningdek Agra shahriga tashrifi kutilmoqda. 

Ta'kidlash joizki, 10-14 sentabr kunlari Hindistonda O‘zbekiston madaniyat kunlari o‘tkazilmoqda.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid