O‘zbekiston | 18:52 / 16.09.2018
34630
2 daqiqa o‘qiladi

UzCard’siz bir kun. Tizim hamon «xizmat ko‘rsatish doirasidan tashqarida»

16 sentabr, soat 18:52 holatiga ko‘ra, UzCard banklararo to‘lov tizimi ishdan chiqqanligicha qolmoqda.

O‘zbekistondagi milliy plastik kartalar monopolisti bo‘lmish UzCard roppa-rosa 24 soatdan beri ishlamayapti. UzCard tizimdagi nosozliklar 15 sentabr kuni soat 18:52da boshlangani haqida ma'lum qilgandi.

To‘lov terminallari va bankomatlar protsessing markazi bilan ulana olmayotgani tufayli, xaridorlar do‘konlarda olgan mahsulotlari uchun pul to‘lay olmasdan, u yerdan quruq qo‘l bilan qaytib chiqishga majbur bo‘lishmoqda. PayMe va Click kabi yirik mobil to‘lov xizmatlari orqali ham to‘lovlarni amalga oshirib bo‘lmayapti.

Uzcard tizimi ishdan chiqishi O‘zbekistondagi 18 milliondan oshiq plastik karta muomalasiga ta'sir ko‘rsatdi. 

Markaziy bank ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yilning yanvar—avgust oylarida to‘lov terminallari orqali 39,2 trillion so‘m pul tushgan. Bu esa kuniga o‘rtacha 160 milliard, soatiga o‘rtacha 6,7 milliard so‘m deganidir.

Ayni vaqtda muammo sababi aytilmayapti, muammo qachon yechilib, plastik kartalar ishlay boshlashi haqida hech qanday rasmiy ma'lumot berilmayapti.

Iste'molchilar ayni vaqtda plastik kartalaridagi pul mablag‘lari bo‘yicha hech qanday ma'lumotga ega emas.

Mavzuga oid