Sport | 23:02 / 17.09.2018
5961
3 daqiqa o‘qiladi

Nyu-York shahrida «Mustaqillik kubogi-2018» musobaqasi o‘tkazildi

AQShning Nyu-York shahrida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuniga bag‘ishlab har yili an'anaviy tarzda “Mustaqillik kubogi” musobaqasi o‘tkazib kelinadi. Unda okean orti davlatida yashayotgan va faoliyat olib borayotgan hamyurtlarimiz o‘rtasida futbol o‘yini tashkil qilinadi. Shu yilning 15 sentabr kuni ham Nyu-Yorkda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi 1-vitse prezidenti maslahatchisi San'at Sharipov hamkorligida mazkur futbol bayrami bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Uff.uz sayti xabar bermoqda.

Musobaqaga AQShning 9ta shtatidan 12ta jamoa tashrif buyurdi. Futbol bayramida O‘zbekistonning diplomatik missiya vakillari ham ishtirok etdi. Ular orasida “O‘zbekiston Havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi, O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi konsullik idorasi, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkilotidan ham vakillar qatnashishdi.

Musobaqa juda chiroyli tarzda tashkil qilindi. Katta qozonda 70 kg.li o‘zbekcha palov damlanib,  bolalar uchun ko‘ngilochar tadbirlar uyushtirildi.

Tadbirda O‘zbekistonning BMTdagi elchisi Baxtiyor Ibragimov nutq so‘zlab, jumladan, shunday dedi: “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlab yaqindagina Nyu-York markazi “Uoll strit”da yurtimiz bayrog‘i ko‘tarilgandi. Mana bugun esa yana bir ajoyib bayram guvohiga aylanayapmiz. “Mustaqillik kubogi-2018” musobaqasini hozirdanoq juda yuqori saviyada o‘tadi, deb hisoblashimiz mumkin. Sababi AQShning 9ta shtatidan 12ta jamoaning yig‘ilganini ko‘rib xursand bo‘lib turibmiz. Bugun mehmonlar qatorida shaharning Bruklin tumani ma'muriyatidan janob David Yoxansonning aynan mana shu tadbirga kelganligi o‘zbekistonliklarning AQShda ham o‘z o‘rni borligidan dalolatdir. Barcha ishtirokchilarga omad tilayman!”.

Shundan so‘ng bir-biridan qiziqarli bo‘lgan bahslar boshlandi. Yarim finalga eng kuchli to‘rtta jamoa yo‘l oldi.

Finalda bo‘lsa, Pensilvaniya shtatining “Do‘stlik” hamda Nyu-Yorkning “Marokand” jamoalari o‘zaro kurash olib borishdi. O‘yinning asosiy daqiqalarida 2:2 hisobi qayd etildi. Qo‘shimcha bo‘limlarda ham yana bittadan gollar kiritildi, yakuniy hisob 3:3 bo‘ldi.

Keyin g‘olib nomini penaltilar seriyasida aniqlashga kirishildi. Unda, umumiy 7:6 hisobi qayd etilib, "Marokand" jamoasi g‘olib bo‘ldi. 3-o‘rin uchun bahsda Nyu-Yorkning ikki "Paxtakor" va "Kaymans" jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Unda paxtakorchilar 3:1 hisobida g‘alabani qo‘lga kiritishdi va musobaqaning 3-o‘rnini egallashdi.

Tashkilotchilar musobaqani keyingi yil ham o‘tkazishga kelishib olishdi.

Fotosuratlar muallifi: Ciprian Anton

Mavzuga oid