Jahon | 19:40 / 17.09.2018
3475
2 daqiqa o‘qiladi

Parijda bir kunga avtomobillar harakati to‘xtatiladi

Photo: Mahkeo/Unsplash

16 oktabr kuni Fransiya poytaxti Parij bo‘ylab piyoda sayr qilishingiz va birorta harakatlanayotgan avtomobilga ko‘zingiz tushmasligi mumkin — shu kunning katta qismida avtomobil harakati to‘xtatiladi. Fastcompany’ning yozishicha, aksiya uchinchi bor o‘tkazilmoqda va uning mualliflari parijliklar va shahar mehmonlariga Parij bo‘ylab mashinasiz ham harakat qilish mumkinligini ko‘rsatib, shaharni toza va xavfsiz qilishga o‘z hissalarini qo‘shishmoqchi.

Parij hokimiyati bir necha o‘n yillardan buyon rejaga ko‘ra shahar ichida mashinalar sonini kamaytirish ustida ish olib borishmoqda: 1990 yildan buyon shahar chegarasi ichida avtomobillar soni 45 foizga kamayib, velosipedchilar soni 10 barobarga oshgan.

2017 yilda shahar 2024 yilga borib dizel avtomobillar taqiqlanishini e'lon qildi. Gazli avtomobillar 2030 yilga borib taqiqlanadi. Eski avtomobillarning hozir ham ish kunlari ertalab soat 8dan kechki soat 8gacha shahar markazida harakatlanishi taqiqlangan.

«Biz havoning ifloslanishi natijasida parijliklar olti oy umridan ajralishini bilamiz. Biz bu muammoni hal etmoqchimiz», — degan Parij meri muovini Seliya Blauel.

Avtomobildan voz kechishga qaror qilgan parijliklarga shahar hokimiyati 700 dollar miqdorida kompensatsiya to‘laydi — uni velosiped xarid qilish, jamoat transportida yurish yoki karsheringdan foydalanishga sarflash mumkin. Kichik biznes egasi elektrda ishlovchi yuk mashinasi yoki avtobus xarid qilsa, shahar hokimiyatidan 10 ming dollar olishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 sentabrida respublika hududida «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkazildi. Bunday aksiya O‘zbekistonda endi har oyning uchinchi juma kunida doimiy ravishda o‘tkaziladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid