O‘zbekiston | 13:58 / 17.09.2018
4043
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz” Beicip Franlab bilan qo‘shma ishchi guruh tuzdi 

“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati taklifiga binoan joriy yilning 12-14 sentabr kunlari Fransiyaning “Beicip Franlab“ kompaniyasi delegatsiyasi Toshkentda bo‘ldi.

Tashrif doirasida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati  rahbariyati bilan uchrashuvlar va kompaniya bo‘linmalari bilan ishchi uchrashuvlar o‘tkazilib, ularda uglevodorod xomashyosini qidirish va ishlab chiqarish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.  

Foto: O‘zbekneftgaz

“Beicip Franlab” 1960 yilda tashkil topgan bo‘lib, u Fransiyaning Neft va gaz instituti (IFPEN)ning sho‘'ba kompaniyasi hisoblanadi.

“Beicip Franlab” geologik-qidiruv ishlarni ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, zaxiralarni mustaqil baholash, neft va gaz konlarini o‘zlashtirishga oid maslahatlar berish, uglevodorodlar qazib olish va qayta ishlashni optimallashtirish uchun yechimlar topish va geologik-geofizik tadqiqotlar uchun tegishli dasturiy ta'minotni ishlab chiqishga ixtisoslashgan dunyodagi yetakchi kompaniyalardan biridir.

Kompaniya 100dan ortiq davlatlarda ish olib boradi va 9ta xalqaro bo‘linmaga ega (Moskva, Parij, Jazoir, Kuala-Lumpur, Rio-de-Janeyro, Xyuston, Vilyaermosa, Abu-Dabi, Kuvaytda).  

Uchrashuvlar davomida tomonlar qidiruv ishlari, konlarni ishlab chiqish, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining xorijiy bozorlarga chiqishi va kompaniya mutaxassislari uchun treninglar tashkil etish doirasida hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Foto: O‘zbekneftgaz

Uchrashuvlar natijalari asosida kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari va takliflar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzildi.

Mavzuga oid