Jamiyat | 15:12 / 19.09.2018
18065
8 daqiqa o‘qiladi

Mahalla raisi Toyloq tumani hokimidan nega norozi?

Kun.uz tahririyatiga Toyloq tumani «Sariosiyo» mahallasidan murojaat kelib tushdi.

«Men Toyloq tumani Sariosiyo qishlog‘idagi stadion masalasida murojaat qilyapman. Bizni qishloq ahli o‘n yil deganda bir amallab stadionga ega bo‘lgan edi. Biroq so‘nggi paytlarda stadion hududini tuman mutasaddilari kelib, uni har tomondan o‘lchab ketishmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, o‘sha stadion o‘rniga xususiy bolalar bog‘chasi qurish rejalashtirilayotgan ekan. Stadion Sariosiyo va Qo‘tirbuloq qishlog‘idagi 3 mingdan ortiq aholiga xizmat qiladi. Nima sababdan ushbu stadion xususiy bog‘chaga aylantirilayotganini tushunish qiyin.

Vaholanki, qishlog‘imizda bolalar bog‘chasi bor. O‘sha bolalar bog‘chasi stadiondan bor-yo‘g‘i 500 metr uzoqlikda joylashgan. Xususiy tadbirkor o‘z sarmoyasini shu yerga sarflasa bo‘lmaydimi? Tayyor stadionni yo‘q qilishdan maqsad nima?

Qolaversa, stadion yerlari ayrim fuqarolar tomonidan noqonuniy o‘zlashtirilmoqda. Xususan, stadionni oldida qoldirilgan yo‘lni aholi egallab olib, qurilish qilib yuborgan. Natijada, davlat tomonidan qoldirilgan yo‘l stadion hududiga chiqib ketgan.

Bugungi kunda mamlakatimizda sportga, xususan, futbolga alohida e'tibor qaratilayotgan bir vaqtda tayyor stadion o‘rniga bolalar bog‘chasi qurilishidan kim manfaatdor? Qaytanga o‘sha stadion tuman hokimligi va homiy tashkilotlar tomonidan  ta'mirlanib, biror bir sport kompleksi qurib berilsa bu yerda yuzlab yoshlar sport bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratiladi-ku?! Bu orqali yoshlar o‘rtasidagi jinoyatchilikka barham berilib, ularni sog‘lom turmush tarziga yetaklasa bo‘ladi.

So‘nggi vaqtlarda xususiy bog‘cha qurish maqsadida olingan yerlar keyinchalik shaxsiy tomorqa sifatida sotilib ketish hollari ham uchramoqda. Bu yerda ham shunday hol bo‘lmasligiga kim kafolat bera oladi?

Hurmatli Kun.uz tahririyati xodimlari, sizlarga murojaat qilishimizdan maqsad, bizning qishloqdagi stadionni ahvolini yaxshilash, imkoni bo‘lsa shu yerda biror bir sport kompleksi qurilishida amaliy yordam berishingizni so‘rab murojaat qilmoqdamiz», – deyiladi murojaatda.

Biz murojaatni joyida o‘rgandik va unda keltirilgan savollarga javob izladik.

Mahallada joylashgan stadion bir oz qarovsiz ahvolda. Stadionda aholi qoramollari bog‘langan.

– Ushbu mahallada 273 nafar bola maktabgacha ta'lim muassasiga qamrab olinmagan, – deydi Toyloq tumani maktabgacha ta'lim bo‘limi rahbari Mavsuma Mirvafoyeva. – Shundan kelib chiqib, bu yerda davlat-xususiy sherikchilik asosida zamonaviy maktabgacha ta'lim muassasasi qurilishiga taklif berilgan. Qurilish tadbirkor tomonidan amalga oshiriladi.

Stadion hududi 1 gektardan ziyod. Maktabgacha ta'lim muassasasi 15 sotix maydonga barpo etiladi. Xo‘sh, aholi nimadan norozi?

– Biz mahallada stadion yo‘q bo‘lib ketishidan xavotirdamiz, – deydi mahalla fuqarosi Abduqahhor Ismatov. – Bir qismiga qurilish qilinsa-da, qolgan qismi ham boshqalar tomonidan egallab olinishi mumkin. Mahalla bolalariga stadion zarur.

O‘rganishimiz davomida Toyloq tumani hokimi Bahodir Bobonazarovning shaxsan o‘zi stadion hududiga kelib, holatga oydinlik kiritdi.

– Bu yerda stadion yo‘q bo‘lib ketmaydi, – deydi B.Bobonazarov. – Ko‘ryapsiz, stadion qarovsiz holatda. Bu yerda stadionning bir qismiga zamonaviy maktabgacha ta'lim muassasasi quriladi. To‘lovlari ham aholi imkoniyatidan kelib chiqib belgilanadi. Qurilishni amalga oshiradigan tadbirkor stadionning qolgan qismiga zamonaviy minifutbol maydonini bepul qurib berishni ham taklif qilayapti. Bu stadion mahalla aholisiniki bo‘ladi. Ikkala qurilish ham bir vaqtda davom etadi. Natijada, bu hudud hozirgidek qarovsiz ahvolda emas, balki zamonaviy qiyofa kasb etadi. Mahalla aholisi masalaning mohiyatini tushunmasdan shikoyat qilayapti. Natijani ko‘rib, kelgusida o‘zlari xursand bo‘lishadi.

Dastlab biz Sariosiyo mahallasi raisi Napas Ergashevni topolmagan edik. Tuman hokimi kelgandan keyin u kishi ham yetib keldi va vaziyatga izoh berdi.

– Bu holat to‘g‘risida aholi noroziligini menga kelib aytishgan. Masalani tushuntirganman, ammo ularning shikoyat xati yozganidan xabarim yo‘q. Albatta, biz ham bu yerni zamonaviy ko‘rinishga kelishidan manfaatdormiz, – deydi mahalla raisi.

Toyloq tumani hokimi Bahodir Bobonazarov mahalla raisiga ham masalaning mohiyatini tushuntirib, har qanday holatda va har qanday vaqtda bu masala yuzasidan aholi bilan muloqot qilishga tayyorligini va ularning manfaatiga zid ish qilinmasligini bildirdi.

– Biz siz aytgandek bo‘lsa, rozimiz, – deydi tuman hokimiga fuqaro Abduqahhor Ismatov. – Ammo shartimiz shuki, stadion hududidagi noqonuniy qurilishlar yo‘lni yopib qo‘ygan. Noqonuniy qurilishlarning ham buzilishini xohlaymiz.

Bu masala murojaatnomada ham o‘z aksini topgandi.

Toyloq tumani hokimi B.Bobonazarov shu yerning o‘zida bu masala yuzasidan tegishli mutasaddilarga topshiriq berdi va uch kun ichida noqonuniy qurilishlar buzilishini bildirdi. (Maqolani tayyorlash chog‘ida ma'lum bo‘lishicha, noqonuniy qurilish egalariga bu borada ogohlantirish xatlari berilibdi).

Shu bilan masala hal bo‘lgandek edi. Aholiga masala mohiyati tuman hokimi tomonidan to‘g‘ri tushuntirilgandan keyin ortiqcha tushunmovchiliklarga, har xil shubha gumonlarga barham berilgandek edi go‘yo.

Ammo shu kuni boshqa masalalar bilan tuman hududidaligimizda Sariosiyo mahallasi raisi N.Ergashev biz bilan uchrashdi va bu ishlardan noroziligini, bu yer talon-taroj bo‘lishini bildirdi. Biz «Ushbu noroziligingizni nega tuman hokimi borligida aytmadingiz. Axir, u yerda boshqa gap aytdingiz-ku!» deya savol berganimizda mahalla raisi holatni tuman hokimi unga  bosim o‘tkazgani bilan izohladi. Vaholanki, biz suhbat chog‘ida bunday bosimga guvoh bo‘lmagandik.

Ma'lum bo‘lishicha, mahalla raisi va aholisining bunday shubhaga borishiga yana bir sabab bor ekan. Stadiondan chamasi 500 metr uzoqlikda 22-maktabgacha ta'lim muassasasi mavjud.

Shuning o‘zi yetarli emasmi? Stadion hududidan yana bir maktabgacha ta'lim muassasasi qurilishi bu yerni to‘liq  egallab olinishiga bir bahona emasmikan, degan savollar shunday gumonlarni keltirib chiqargan.

Xullas, bu masalada aholi tomonida shunday tushunmovchiliklar bor. Lekin, tuman hokimi aytganidek, hozir qarovsiz yotgan stadion hududida zamonaviy maktabgacha ta'lim muassasasi va mahalla uchun zamonaviy stadion qurib berilsa, albatta, bu yaxshi. Ammo buni amalda isbotlab, aholining shubha-yu gumonlariga barham berish kerak.

Ayniqsa, mahalla raisi tuman hokimi va xalq o‘rtasida «ko‘prik» vazifasini bajarib, bu islohotlarning tub mohiyatini aholiga tushuntirish kerak. O‘z vaqtida aholi noroziligini tuman hokimiga bildirib, masalaga oydinlik kiritishi lozim edi. Qolaversa, tuman hokimi aholi bilan har doim muloqotga tayyorligini bildirib turibdi.

Taklifimiz shuki, tuman hokimi va Sariosiyo mahallasi aholisi o‘rtasida bu masalada yana bir bor jonli muloqot o‘tkazilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shunda o‘rtadagi tushunmovchiliklarga, turli shikoyatlarga barham beriladi.

Biz voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Bardoshbek Samad o‘g‘li.
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid