Jahon | 15:30 / 24.09.2018
14194
2 daqiqa o‘qiladi

Il-20 effekti. Rossiya Suriyani S-300 bilan qurollantiradi

Foto: TASS/Dmitriy Rogulin

Rossiya Suriyaga zamonaviy S-300 zenit raketa kompleksini taqdim etadi. Bu haqda RF mudofaa vaziri Sergey Shoygu 24 sentabr, dushanba kuni xabar berdi, deb yozmoqda TASS.

«Suriya qurolli kuchlariga ikki hafta ichida zamonaviy S-300 zenit raketa kompleksi taqdim etiladi. U 250 kilometrdan ortiq masofada havo hujumi vositalarini tutib olishi hamda bir vaqtning o‘zida havodagi bir nechta obektni aniq nishonga olishi mumkin», - deya ma'lum qildi mudofaa mahkamasi rahbari.

Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, S-300 o‘zining imkoniyatlari va tezligi bilan Suriya havo hujumidan mudofaa tizimining jangovar salohiyatini sezilarli darajada mustahkamlashi kerak.

Iyun oyida Suriya prezidenti Bashar Asad Rossiyadan S-300 zenit raketa komplekslari yetkazib berilishi haqida xabar bermasligini ma'lum qilgandi. «Ushbu komplekslar taqdim etilishi yoki etilmasligi haqida biz hech kimga xabar bermaymiz. Bu qurol, u haqida qachon qo‘llanilsa, shunda bilib olishadi», - deya izoh bergandi o‘shanda u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Suriyada Rossiyaga tegishli Il-20 samolyotining halokatiga nima sabab bo‘lganini ma'lum qilgandi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid