O‘zbekiston | 00:34 / 28.09.2018
7483
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada Latviya universitetining filiali tashkil etiladi

Foto: Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qarori bilan Farg‘ona viloyatida Latviyadagi universitetning filiali tashkil etilmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishcha, davlat rahbari 26 sentabr kuni tegishli qarorni imzolab, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Farg‘ona viloyati hokimligining Farg‘ona shahrida Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabining filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Filial faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib respublikaning turizm tarmog‘ini rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalarni hal qilishga qodir bo‘lgan yuqori malakali kadrlarni xalqaro ta'lim standartlari darajasida tayyorlash, turizm va mehmonxona xo‘jaligi sohalarida amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish va boshqalar belgilandi.

Filialda o‘qitish to‘lov-kontrakt asosida O‘zbekiston Respublikasi davlat ta'lim standartlari talablarini e'tiborga olgan holda Oliy maktab tomonidan tasdiqlangan o‘quv reja va dasturlar bo‘yicha ko‘proq ingliz tilida kunduzgi shaklda amalga oshiriladi.

Mazkur Filialda oltita yo‘nalishda bakalavr va ikkita mutaxassislikda magistrlar tayyorlanib, unga qabul kvotalari Oliy maktabning Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda tayyorlangan asosli takliflari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlanadi.

Latviyaning Axborot tizimlari menejmenti Oliy maktabi o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik hamda axborot texnologiyalari, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etish, kutubxona fondini zamonaviy o‘quv, o‘quv-metodik hamda ilmiy-texnik adabiyotlar bilan shakllantirish va to‘ldirishga ko‘maklashadi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid