O‘zbekiston | 20:36 / 28.09.2018
3675
2 daqiqa o‘qiladi

FHDYo bo‘limlarida to‘liq elektron hujjat aylanishiga o‘tiladi

Foto: Norma

Vazirlar Mahkamasi “Gerbli guvohnomalar shakllarini takomillashtirish va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining aholiga ko‘rsatayotgan xizmatlari sifatini yaxshilash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Qarorga muvofiq, FHDYo organlarida saqlanayotgan fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlarini raqamli ko‘rinishga o‘tkazilishi 2022 yil 1 yanvarga qadar tugatiladi hamda keyinchalik "Yagona elektron FHDYo arxivi" axborot tizimi bilan integratsiyalashtirish uchun yagona elektron FHDYo arxiv fondi shakllantiriladi. 

Fuqarolik holati dalolatnomalarining yagona elektron ma'lumotlar bazasini shakllantirish uchun har bir FHDYo bo‘limida saqlanayotgan 200 mingdan ortiq fuqarolik holati dalolatnomalaridan kelib chiqqan holda, 2018 yil 1 oktabrdan 2022 yil 1 yanvargacha FHDYo bo‘limlari va nikoh uylari Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarida arxivarius lavozimi joriy etiladi. 

FHDYo bo‘limlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda to‘liq elektron hujjat aylanishiga o‘tilishi munosabati bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab, FHDYo bo‘limlari xodimlarining sonini belgilash mezonlari qayta ko‘rib chiqiladi. 

2019 yil 1 yanvardan boshlab tug‘ilganlik, nikoh tuzilganligi, nikohdan ajralganlik va o‘lim haqidagi gerbli guvohnomalar blankalarini qo‘lda to‘ldirish bo‘yicha talablar bekor qilinadi va ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda faqat bosma harflar bilan to‘ldirish tartibi joriy etiladi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid