Jahon | 21:42 / 28.09.2018
3044
2 daqiqa o‘qiladi

Shahrisabz shahrida Yevropa kinosi festivali bo‘lib o‘tadi 

Joriy yilning 28 sentabr kunidan 30 sentabr kuniga qadar Shahrisabz shahrida Yevropa kinosi festivali bo‘lib o‘tadi. Festival O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi tomonidan “O‘zbekkino” Milliy agentligi va Qashqadaryo viloyati hokimiyati ko‘magida tashkillashtirildi.

Festival doirasida dunyoning yetti mamlakati – Belgiya, Latviya, Sloveniya, Shveytsariya, Finlyandiya, Chexiya, va Vengriyaning mashhur kinokartinalari taqdim etiladi. Shu munosabat bilan bugun, 28 sentabr kuni matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi elchisi Eduards Stiprays va Chexiya Respublikasining O‘zbekistondagi missiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Mikaela Pospisilova hamda boshqa mehmonlar ishtirok etishdi.

“Dunyo xalqlari turli tillarda gaplashishsada, ammo san'at, ayniqsa, kino san'ati ularni yagona tilda muloqot qilishlarida juda katta rol o‘ynaydi. Chunki filmlardagi personajlar inson hayoti, umr yo‘lidagi turli bosqichlarni ko‘rsatib berishadi va bu har bir tomoshabinning qalbiga yetib borishiga, aqliy tafakkurining oshishiga sabab bo‘ladi, - dedi Eduards Stiprays. – O‘zbek xalqining shonli tarixi bor. Mana shu tarixni katta sahnalarga olib chiqishda Yevropa kinoshunoslari va o‘zbek kino arboblari o‘rtasida ijodiy hamkorlik yanada mustahkamlanadi degan umiddaman”.

Mazkur loyiha orqali o‘zbekistonlik tomoshabinlar Yevropa Ittifoqi davlatlarining madaniy jihatdan turmushi, ular hayotining yangi qirralari va zamonaviy hayotdagi muammo va muvaffaqiyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid