Video: Namanganda hokim o‘rinbosari pora bilan qo‘lga olindi
Namangan viloyatining Chust tumanida yashovchi fuqaro bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun 5,3 gektar yer maydoni olish maqsadida tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sharofiddin Yusupjonovga murojaat qilgan. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalidagi lavhada xabar berildi.
Qayd etilishicha, hokim o‘rinbosari buning evaziga 2 ming AQSh dollari miqdorida pul talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Namangan viloyat boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Sharofiddin Yusupjonov kelishilgan 2 ming AQSh dollaridan 1800 dollarni olayotgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Sharofiddin Yusupjonovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat kodeksining 210-moddasi - Pora olish. Pora olish, ya'ni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi mansabdor shaxsining o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin bo‘lgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan o‘zi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor bo‘lishi, — eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum etilgan holda ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora olish: a) takroran, xavfli retsidivist yoki ilgari ushbu Kodeksning 211 yoki 212-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan shaxs tomonidan; b) ko‘p miqdorda; v) tamagirlik yo‘li bilan; g) bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, — besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Pora olish: a) juda ko‘p miqdorda; b) uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, — o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Mavzuga oid
16:53 / 22.11.2024
Namanganda 4 kishini Britaniyaga ishga yuborish evaziga 12 ming dollar olgan shaxs ushlandi
16:34 / 18.11.2024
“Manzil”: Dengiz sathidan 3000 metr balandlikdagi ko‘l – Arashan buloqqa sayohat
14:48 / 17.11.2024
Farg‘onada IIB xodimiga 3000 dollar pora taklif qilgan shaxs qo‘lga olindi
13:46 / 14.11.2024