Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Madridda sulh, «Barselona» g‘alabasiz seriyasini davom ettirdi. Ispaniyada tur yakunlari
Ispaniya chempionatida 28-30 sentabr kunlari mobaynida 7-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Bu turda ham chempionat favoritlari ochko yo‘qotishdi, «Real» va «Atletiko» o‘rtasidagi Madrid derbisida hisob ochilmay qolgan bo‘lsa, «Barselona» «Atletik»ka qarshi o‘yinda ochko yo‘qotdi. Kataloniyaliklar jamoasi qatorasiga uchinchi o‘yinda g‘alaba qozona olmayapti. «Tribuna» tur voqealarini keltirib o‘tadi.
MeSSI VA MUNIR QUTQARDI

«Barselona» - «Atletik» - 1:1 (0:1)
Gollar: De Markos, 41 (0:1). El-Haddodiy, 84 (1:1).
«Barselona»: ter Shtegen, Semedu, Pike, Langle, Jordi Alba, Serxi Roberto (Buskets, 51), Rakitich, Vidal (Messi, 55), Dembele (El-Haddodiy, 80), Suares, Koutinyu.
«Atletik»: Simon, De Markos, Inigo Martines (Nolaskoayn, 23), Alvares, Balensiaga, Raul Garsiya, Dani Garsiya, Echevarria (San-Xose, 67), Susaeta, Inyaki Uilyams (Aduris, 79), Berchiche.
Ogohlantirishlar: Alvares, 48. Rakitich, 78. Buskets, 89. Dani Garsiya, 90.
Hakam: Xayme Latre (Ispaniya).
29 sentabr. Barselona. «Nou Kamp» stadioni.
Yumtitisiz
Keyingi haftalarda «Barselona» o‘yinida pasayish kuzatilmoqda. Chempionatning 5-turida «Jirona»ga qarshi o‘z uyida kechgan uchrashuvda g‘alaba qozona olmagan (2:2) kataloniyaliklar jamoasi 6-turda autsayder «Leganes»ga safarda yutqazdi (1:2). Faqat ta'qibchi jamoalar ham ochko yo‘qotishi Ernesto Valverde shogirdlariga turnir jadvalida o‘z o‘rnini saqlab qolishiga imkon berdi.
Ayni vaqtda jamoa, ayniqsa himoya chizig‘i - chempion jamoanikidek emas. Ikki o‘yinda ham Pike o‘ta qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘ydi va bu xatolar gollar bilan tugadi, «Leganes»ga qarshi o‘yinda ham Fermalen golga sababchi bo‘ldi. Jamoaning markaziy himoyachisi Yumtiti tizzasidagi jarohat tufayli «Atletik»ka qarshi o‘yinni o‘tkazib yubordi, u YeChL doirasida «Tottenhem»ga qarshi o‘yinda ham maydonga tushmaydi.
Messi va Busketssiz
Chempionlar ligasi o‘yinlari yaqinlashayotgani tufayli 2 oktabr kuni Londonda «Tottenhem»ga qarshi kechadigan o‘yindan avval Valverde kutilmagan qaror qabul qildi. U basklarga qarshi o‘yinda Messini va Busketsni zaxirada qoldirdi. O‘tgan mavsumda ham argentinalik futbolchi rotatsiya qilingan, u barcha turnirlar hisobga olinganda 6 marta zaxirada qoldirilgandi. Bu esa hisoblarda aks etgan, Leo qatnashmagan 6 o‘yinda 4 durang va 2 g‘alaba qayd etilgan.
«Basklar»ga qarshi o‘yin arafasida Valverde o‘zining sobiq jamoasini osonlik bilan mag‘lub etishni ko‘zlagan ko‘rinadi. Statistika ham «Atletik» «Barselona» uchun u qadar kuchli raqib emasligini ko‘rsatadi - bilbaolik «sherlar» «Kamp Nou»da uzluksiz 14 o‘yinda mag‘lub bo‘lishgan, bu jamoa oxirgi marta Kataloniya poytaxtidan 2004 yilning yanvarida ochko olib qaytgan (1:1).
Gollarsiz
O‘yinni o‘zining asosiy yulduzlarisiz boshlagan bo‘lishiga qaramasdan, «Barselona» ilk daqiqalardanoq mehmonlarni qamal qila boshladi. Eduardo Berisso qo‘llamoqchi bo‘lgan pressing jamoaga ta'sir qilmadi. Argentinalik bu murabbiy o‘zining «Selta»si bilan kataloniyaliklarni keyingi yillarda eng sharmandali hisoblarda mag‘lub etgan murabbiy hisoblanadi. U vigoliklar boshqaruvida ekanida «Barselona»ni 4:1 (2015-16 yilgi mavsum) va 4:3 (2016-17) hisoblarida mag‘lubiyatga uchratgan. U boshchiligidagi basklar himoyani mustahkam ushlashdi. Suaresning jarima zarbasi, Rakitichning uzoqdan bergan zarbasi, Koutinoning o‘z uslubida yo‘llagan zarbasi - barchasi besamar ketardi.
Leoning chiqishi

Ikkinchi bo‘lim boshida «Barselona» o‘yinni kuchaytirmasdan, natijaga erisha olmasligi ma'lum bo‘lib qoldi. Mehmonlar bu vaqtga kelib hisobda oldinga chiqib olishgan, tanaffus arafasida Susayetaning sa'y-harakatlaridan keyin De Markos ter Shtegenni dog‘da qoldirgandi. Ikkinchi bo‘lim boshida cho‘loqlangancha maydonni tark etgan Serxio Roberto o‘rnini Serxio Buskets egalladi, ko‘p o‘tmay Vidal o‘rniga Messi o‘yinni davom ettirdi. Shundan so‘ng, «Atletik» jarima maydonida voqealar rivoji tezlashdi. Lekin vunderkind darvozabon Simon Suaresning ham, Koutinoning ham zarbalarini ishonch bilan qaytarib yuboraverdi.
Qutqaruvchi Munir
Eng asosiysi Messining o‘zi ham hech qanaqasiga gol ura olmadi. Uning jarima nuqtasidan yo‘llagan zarbasini burchakka kirib ketayotgan chog‘ida De Markos qaytarib yubordi. Ammo Messini qaytarib bo‘lmasdi, u Suaresning u qadar qulay yetkazilmagan pasini maydon chizig‘ida to‘xtatib qoldi va darvoza ro‘parasida turgan Munirni (u 80-daqiqada Dembele o‘rniga tushirilgandi) topdi. Yosh hujumchi esa xato qilmadi va «Barsa»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Buni to‘la ma'noda qutqarish deb ham bo‘lmaydi. Kataloniyaliklar oxirgi 3 o‘yinda 9 o‘rniga atigi 2 ochko jamg‘ardi - mavsum starti ko‘k-anorranglilarga chempionlik va'da qilmayapti.
GOLSIZ MADRID DeRBISI

«Real» - «Atletiko» - 0:0
«Real»: Kurtua, Karvaxal, Varan, Serxio Ramos, Nacho, Kroos, Kazemiru, Modrich (Vaskes, 82), Beyl (Sebalos, 46), Benzema (Vinisius Junior, 88), Asensio.
«Atletiko»: Oblak, Xuanfran, Godin, Ximenes, Filipe Luis, Koke, Saul, Ernandes (Kalinich, 85), Lemar (Korrea, 60), Grizmann, Diyegu Kosta (Partey, 69).
Ogohlantirishlar: Karvaxal, 30. Xuanfran, 48. Lemar, 59. Serxio Ramos, 61. Koke, 70. Nacho, 90+2. Korrea, 90+3.
Hakam: Martines Munuera.
29 sentabr. Madrid. «Santyago Bernabeu» stadioni.
Derbida tarozi pallasi og‘ishi
«Atletiko» 14 yil davomida derbida g‘alaba qozona olmagan davrlar olis o‘tmishda qolgan. «Santyago Bernabeu» tribunalarida «Derbi uchun munosib raqib izlaymiz» yozuvlari bo‘lgan plakatlar ham osilmay qo‘ygan. Jamoalarning La Liga doirasida «Santyago Bernabeu»da o‘tgan oxirgi 5 uchrashuvida mezbonlar g‘alaba neligini bilishmadi - 3 mag‘lubiyat va 2 durang. Diyego Simeone boshchiligidagi «atletlar» «Real»ni jilovlay olishdi.
Yevropadagi qarama-qarshilik
2014 va 2016 yillarda YeChL finalida «Real» «Atletiko»ni mag‘lub etib, bosh sovringa ega chiqqan. Ammo «Qirollik klubi» bu bilan xalqaro maydonda ustunlik qilib qolmaydi. Shu yil yozida Simeone jamoasi Yevropa Superkubogi uchun bahsda Xulen Lopetegi jamoasini osonlik bilan mahv etishgandi - 4:2. «Matraschilar» ilk marta yevrokubokni qo‘shnilardan tortib olishdi. Shu tufayli barcha bu ikki jamoaning La Liga doirasidagi ilk bahsini sabrsizlik bilan kutmoqda edi - «Real»ning o‘z maydonida «Atletiko»ga qarshi g‘alabasiz seriyasi davom etadimi yoki «atletlar» nihoyat taslim bo‘lishadimi?
Marselo va Iskosiz
Madrid jamoalari shanba kungi o‘yinga turli xil kayfiyatda tashrif buyurishgandi - «Real» biroz avvalroq, hafta o‘rtasida o‘tkazilgan tur o‘yinida «Sevilya»dan yirik hisobda mag‘lub bo‘lgandi (0:3), «Atletiko» esa qatorasiga ikki o‘yinda 6 ochko olgan va 5 gol urib, bitta ham gol o‘tkazmagandi. Maydon egalari safida tarkibda ham muammolar bor edi, Isko ko‘richak tufayli safdan chiqqan, Marseloning oyoq mushaklari shikastlangandi. Jamoaning asosiy hujumchisi Benzema esa 4 o‘yindan buyon gol urolmayotgandi. Mehmonlar bu vaziyatni ko‘rib, bilib turishgandi.
Darvozabonlar uchun o‘yin

«Atletiko» o‘yinni faol boshladi, ammo tanaffusga qadar barcha urinishlarni Kurtua zoye ketkazdi. Belgiyalik darvozabon endi «matraschilar»ning zarbalarini qo‘llari bilan ham, oyoqlari bilan ham, yuzi bilan ham qaytarib, maydon egalarini muqarrar gollardan saqlab qoldi. Oblak esa maydonda u qadar ko‘p ish qilmadi, unga faqat jarohat olgunicha Beyl muammo yaratib turdi.
Ikkinchi bo‘limda Asensio bir qancha xavfli vaziyatlar yaratdi. «Real» ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida raqibning ko‘zini ochirmay qo‘ydi, shunday vaziyatlardan birida Asensio darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib bordi, ammo darvozabon dohiyona harakat qildi va zarbani bartaraf etdi.

Vinisiusning debyuti

Maydon egalari faollikni oshirganida bu ishda jamoaning yangi futbolchisi, derbi o‘yinida debyutini amalga oshirgan Vinisius Junior ham ishtirok etdi. U oxirgi 2 oy davomida «Real» o‘rinbosarlari safida ajoyib o‘yinlar o‘tkazgandi. Ammo u ham «Atletiko»ni mag‘lub etishda yordam bera olmadi.
«Qirollik klubi» La Liga o‘yinlari doirasida o‘z maydonida o‘tkazilgan qatorasiga oltinchi derbi o‘yinida ham g‘alaba qozona olmadi. Chempionat yetakchilari yana ochko yo‘qotishdi lekin «Barselona» ham, «Real» ham 14tadan ochkoga ega bo‘lgan holda birinchi va ikkinchi o‘rinlarni saqlab qolishdi.
«Valensiya» nihoyat g‘alaba qozondi

«Real Sosedad» - «Valensiya» - 0:1 (0:1)
Gol: Gameyro, 36.
Aniq ijro etilmagan penalti: Villian Joze, 67 (darvozabon)
«Real Sosedad»: Moyya, Navas, Saldua (Ramires, 46), Elustondo, Rodriges, Surutusa, Ilyarramendi, Merino (Pardo, 16), Subeldiya, Villian Joze, Oyarsabal (Bautista, 76).
«Valensiya»: Netu, Gabriel Paulista, Vezu, Diakabi, Lato, Parexo, Kondogbiya (Kokelen, 76), Soler, Gameyro, Cheryshev (Gonsalu Gedesh, 60), Batshuayi (Rodrigo, 68).
Ogohlantirishlar: Lato, 9. Cherishev, 45+1. Subeldiya, 63. Gabriel Paulista, 70. Elustondo, 80. Netu, 90+2. Ramires, 90+3. Vezu, 90+3.
Hakam: Xil Mansano (Ispaniya).
29 sentabr. San-Sebastyan. «Anoeta» stadioni.
G‘alabasiz seriya
O‘tgan 6 tur davomida Ispaniyada deyarli barcha jamoa g‘alaba ta'mini totib ko‘rishgandi. Primera debyutanti «Ueska» birinchi turdayoq «Eybar»ni mag‘lub etgan (2:1), turnir jadvalining oxirgi o‘rnidagi «Leganes» esa 6-turda «Barselona» darvozasiga 69 soniya ichida 2 gol urib, g‘alabaga erishgandi (2:1). Hatto, 5 o‘yinda 15 gol o‘tkazgan «Rayo Valekano» ham «Ueska»ni mag‘lub etishga ulgurgandi. Faqat Marselinoning «Valensiya»sida, o‘tgan mavsumda «Barselona»ning asosiy ta'qibchisi bo‘lgan jamoada g‘alabalar grafigida nol raqami turardi.
Endi birinchi planda - Gedesh
Ispaniyada «ko‘rshapalaklar» jamoasining kutilmagan muvaffaqiyatsiz starti chempionat o‘yinlarida portugaliyalik Gonsalu Gedeshning yo‘qligi bilan bog‘lanmoqda. U o‘tgan mavsumda jamoaning asosiy yetakchilaridan biri bo‘lgan futbolchi «PSJ»ga qaytgan, uning o‘rniga rossiyalik Denis Cherishev tarkibga jalb etilgandi. Ammo Gedesh «PSJ» bilan kelisholmadi va oxirgi pallada yana Ispaniyaga qaytdi. U startdagi 3 turni o‘tkazib yuborgach, keyingi ikki turda ham zaxirada qoldi va o‘yinga ikkinchi bo‘limda qo‘shilib, formasini tiklay boshladi. U nihoyat «Selta» bilan o‘yinda boshlang‘ich tarkibda paydo bo‘ldi va shu zahoti golli hujumda ishtirok etdi (Batshuayiga golli pas berdi). Endi barcha Valensiya derbisidagi gollardan biriga pas bergan Cherishevni unuta boshladi.
Ammo startda - Denis
Endi ispan nashrlari muhokamasida shu mavzu: Marselino qaysi futbolchini tanlaydi - o‘tgan mavsum qahramoni Gedeshnimi yoki La Ligada ko‘p yillik tajribaga ega Cherishevni? Yangilangan «Anoeta»dagi o‘yinni boshlang‘ich tarkibda Denis boshladi. Balki Marselino Gedeshni Chempionlar ligasida «Manchester Yunayted»ga qarshi kechadigan safar o‘yini uchun asragandir?
Quyoshli futbol
O‘yin kunduzgi vaqtda o‘tkazildi - ko‘p futbolchilar erinchoqlik bilan harakatlanishdi. Valensiyaliklar birinchi bo‘limni asosan kichik follar bilan o‘tkazishdi va raqibga hujum qilishga imkon berishmadi. Vaziyatlardan birida Diakabi to‘pni raqibga topshirib qo‘ydi va gol bo‘lishiga bir baxya qoldi.
Bo‘limning ikkinchi qismida futbolchilar uyg‘ona boshlashdi. Parexo, Cherishev va Gameyro kombinatsiyasi gol bilan yakunlandi. Bu gol valensiyaliklarga mavsumdagi ilk g‘alabani taqdim etdi. Endilikda jamoa 7 turdan keyin 8 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida 14-o‘ringa ko‘tarilgan.
«Sevilya» uchinchi o‘ringa chiqdi

Eybar – Sevilya 1:3 (0:0, 1:3)
Gollar: 0:1 – 47 Andre Silva, 0:2 – 59, penalti Banega, 0:3 – 90 Banega, 1:3 – 90 Jordan.
Eybar – Dmitrovich, Penya, Ramis (Arbilya, 83), Bigas, Xose Anxel, Orelyana, Diop, Alvares (Jordan, 69), Ervias, Enrik, Kike (Sharles, 69).
Sevilya – Vatslik, Karrisu, Ker, Gomes, Navas, Sarabiya (Mesa, 73), Banega, Vaskes, Arana, Ben-Yyedder (Promes, 83), Andre Silva (Muriel, 90).
Ogohlantirishlar: Ramis (17), Orelyana (56), Banega (80), Vaskes (89), Arana (90).
Andre Silva Ibrahimovichdek
Ispaniya chempionatida to‘purarlar ro‘yxatini boshqara boshlagan Andre Silva asr rekordini takrorlamoqda. Uning o‘zi o‘tgan yili «Milan»da hamda Zlatan Ibrahimovich La Ligadagi startda qatorasiga 7 turda 7 gol ura olgandi.

O‘tgan turda «Real»ni mag‘lub etgan «Sevilya» shu ruhda davom etdi va «Eybar» darvozasiga ham 3ta gol urdi. Faqat o‘yinda kichik noxush hodisa ro‘y berdi. O‘yin oxirida Banega urgan uchinchi goldan keyin tribunadagi muxlislar golni nishonlash chog‘ida to‘siqni buzib yuborishdi. To‘siq balandda bo‘lmagani tufayligina hech kim jiddiy jabrlanmadi, faqat ikki muxlis shifoxonaga olib ketildi. Bu hodisa tufayli 10 daqiqadan ortiqroq tanaffus yuzaga keldi.
«Sevilya» esa navbatdagi g‘alaba evaziga ochkolari sonini 13taga yetkazgan va turnir jadvalida uchinchi o‘ringa ko‘tarilgan.
Tur o‘yinlari
28 sentabr
Rayo Valekano – Espanol 2:2 (1:2, 1:0)
Gollar: 1:0 – 6 de Tomas, 1:1 – 19 Iglesias, 1:2 – 45 Granero, 2:2 – 47, penalti Kakuta.
30 sentabr
Levante – Alaves 2:1 (2:1, 0:0)
Gollar:0:1 – 5 Sobrino, 1:1 – 19 Jyeyson, 2:1 – 36 Tono.
Betis – Leganes 1:0 (0:0, 1:0)
Gol: 1:0 – 89 Moron.
Ueska – Jirona 1:1 (0:1, 1:0)
Gollar: 0:1 – 37, penalti Stuani, 1:1 – 72, penalti Melero.
Vilyarreal – Valyadolid 0:1 (0:0, 0:1)
Gol: 0:1 – 53 Suares.
1 oktabr
Selta – Xetafe

Turnir jadvali
