Sport | 10:47 / 03.10.2018
11372
3 daqiqa o‘qiladi

AIBA Ijroqo‘mi tashkilotning sobiq rahbarlarini boksdan umrbod chetlatishga qaror qildi

Ching-Kuo Vu / Foto: Sports Discourse

Xalqaro Boks Assotsiatsiyasi (AIBA) Ijroiya Qo‘mitasi 1 oktabr kuni tashkilotning sobiq prezidenti Ching-Kuo Vu va sobiq ijrochi direktor Xo Kimni umrbod boksdan chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda AIBA o‘z saytida rasmiy bayonot bilan chiqqan.

Bayonotda aytilishicha, Ijroqo‘mning ushbu qarori ratifikatsiya qilish uchun noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan tashkilot Kongressi kun tartibiga kiritiladi.

Qayd etilishicha, qo‘mitaning bunday qarorga kelishiga «K2 Intelligence» tergov guruhining xulosalari asos bo‘lgan. Unga ko‘ra, Ching-Kuo Vu va Xo Kim tashkilot rahbari sifatida faoliyat yuritgan vaqtda o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan hamda moliyaviy boshqaruvda noto‘g‘ri yondashuvni qo‘llagan.

«K2 Intelligence» tergov-surishtiruv kompaniyasining xulosasi AIBA Kongressida ishtirok etuvchi tashkilotga a'zo milliy federatsiyalarga tarqatiladi. Kongressda ushbu qaror yakuniy ovozga qo‘yiladi.

«Ijroiya Qo‘mita bo‘lib o‘tgan ko‘ngilxiraliklarni butkul o‘tmishda qoldirish kerak, deb hisoblaydi. AIBA va havaskor boks avvalgi rahbariyatning o‘z vazifasiga beparvolik bilan yondashgani va moliyaviy boshqaruvni noto‘g‘ri yo‘lga qo‘ygani bois o‘tgan bir yil davomida jiddiy qiyinchiliklarga duch keldi», - deya ma'lum qilgan tashkilot ijrochi direktori Tom Virjyets.

Virjyetsning ta'kidlashicha, «taqdim etilgan xulosalar ko‘lami kishini hayratda qoldiradi».

Ma'lumot o‘rnida, Xalqaro Boks Assotsiatsiyasi Ijroiya qo‘mitasi 2017 yil noyabr oyi boshida Ching-Kuo Vuni qator intizomiy ayblovlar va moliyaviy rastratada gumonlab, uni qo‘mitadan vaqtinchalik chetlatish to‘g‘risida qaror qabul qilgan edi. Shundan so‘ng noyabr oxirida tayvanlik funktsioner o‘z xohishi bilan prezidentlikdan iste'foga chiqqan. 2018 yil yanvarida bo‘lib o‘tgan Kongress majlisi Vuga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirganidan so‘ng, uning o‘rniga o‘zbekistonlik tadbirkor G‘ofur Rahimov prezident vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlangan edi.

AIBA`ning navbatdagi Kongressi shu yilning 2-3 noyabr kunlari Moskvada bo‘lib o‘tadi. Unda tashkilotga yangi prezident saylash masalasi ham ko‘rib chiqiladi.

Mavzuga oid