Iqtisodiyot | 12:14 / 03.10.2018
17379
8 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi eng yirik onlayn-bank egasi Oleg Tinkovdan yetti maslahat 

Frost&Sullivan xalqaro konsalting kompaniyasi tadqiqotlariga ko‘ra dunyoning eng yirik onlayn-banki deb topilgan Tinkoff banki asoschisi Oleg Tinkov «Inqilob: Dunyodagi eng yirik onlayn-bankni qanday qurish mumkin» deb nomlangan kitobini yozdi. Kitobda u muvaffaqiyatga erishish sirlari bilan o‘rtoqlashadi.

Oleg Tinkov
Foto: Forbes Life

Zararga nisbatan toqatsizlik

Aksariyat startaplarning inqirozga uchrashining sababi, ularning besh yillik zararni oldindan rejalashtirib olishlaridir. Bunday loyihalar pulni isrof qiladi xolos. Tinkoff Bank 2008 yil noyabrda, ish boshlaganidan 18 oy o‘tgach daromadga kirgan. Biz zararga toqat qilolmaymiz. Bank boshqaruvi raisi Oliver Xyuz har bir yo‘nalish bo‘yicha o‘z biznes-rejasiga ega. Agar belgilangan muddat ichida yo‘nalish foyda keltirmasa, u yopiladi. Men zararga aslo toqat qilolmayman va buni muvaffaqiyatning asosiy kaliti deb bilaman. Har qanday kompaniyaning bosh ko‘rsatkichi – sof daromad hisoblanadi.

Barqaror jamoa

The Everything Store kitobida o‘qishimcha, Amazon asoschisi Jyeff Bezos har bir necha yilda top-menejyerlarni almashtirar ekan. Goh Google, goh Walmart’dan kimnidir ishga olar ekan. Shu bilan birga kompaniya daromad topish bo‘yicha Walmart’ni quvib o‘tgan. Men bo‘lsam oilaviylikni ma'qul ko‘raman. Top-menejyerlarni tinmay almashtirish noto‘g‘ri deb hisoblayman. Menga o‘zim anchadan buyon bilgan, tushungan odamlar bilan ishlash yoqadi. Yuqori 20talikda ishlaydiganlarning 15 nafari, yuqori 10talikdagilarning esa 8 nafari bankda 10 yildan ortiq vaqt davomida ishlab kelayotganlar ekanligi bilan faxrlanaman. Menimcha, barqaror jamoa muvaffaqiyat garovi hisoblanadi.  

Birinchi o‘rinda insoniylik xislati  

Jamoaga odam tanlashda birinchi navbatda kasb mahoratiga emas, insoniyligiga qarayman. Texnik ishlarni ikki kunda o‘rganib olish mumkin, lekin zakovat, ko‘zdagi chaqnoqlik, birinchi bo‘lish istagi tug‘ma bo‘ladi. 2006 yilda 25 yoshli Artem Yamanov (katta vitse-prezident bo‘ldi) va Stanislav Bliznyuk (operatsion direktor) bilan suhbat qilayotganimda ularning salohiyati yuksak ekanligini darhol fahmlaganman. Adashmagan ekanman, ular 10 yildan ortiq vaqtdan buyon ishlab kelishmoqda. Bo‘lajak vitse-prezident Kirill Bobrovni ishga qanday olganimiz ham yodimda. Malla sochlari to‘zg‘igan, krossovka va yirtiq jinsida kelgandi. Darrov tushundim: internet loyihalar bilan shug‘ullana oladi. Agarda kostyum-shim va galstukda, aqlli yuz bilan kelganida uni ishga olmasdim. 2017 yilda «Tinkoff Mobayl»ga Yota’da ishlagan ikki menejyerni oldik. Ularning telekommunikatsiya borasidagi javoblariga emas, nimalarni o‘ylashi, qanday orzu-maqsadlari borligiga e'tibor qaratdim. Biz yulduzlarni sotib olishga urinmaymiz. Bizning jamoamiz tashkilot ichida kamolotga erishgan kishilardan iborat. Agar siz biror yigitning qizini tortib olsangiz, ishoning, u keyinchalik sizni ham tashlab ketadi. Yulduzlar ham xuddi shunaqa.

Foto: Getty Images

Xavotir

Biznesda faqat xavotirda yuradiganlargina tirik qoladi. Tinkoff Bank tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsangiz, bunga ishonch hosil qilasiz. Bizda hech qachon qat'iy ishonch bo‘lmaydi. Biz har doim shubhalanamiz, ikkilanamiz, ishonmaymiz, bir-birimiz bilan bahslashamiz, mahsulotdan qoniqmaymiz. Men rivojlanish uchun doimiy tanqid kerak deb hisoblayman. G‘arb mentaliteti biroz boshqacha. Masalan, Richard Brenson doim «odamlarni maqtash kerak, yaxshi narsalar ijobiy muhitda paydo bo‘ladi» deydi. Men esa boshqacha yondashaman. Bolalarimni ham, xotinimni ham, xodimlarni ham maqtashni yoqtirmayman. Va bizning kompaniyamizda xavotirli tanqidiy muhit hukmron. Bozorda hammasini to‘g‘ri bajarayotganimizni aytishadi, ichkarida esa bundan qoniqmaymiz: bahslashamiz, so‘kishamiz. Mana shu kurashda supermahsulotlar yaratiladi. 

Asoschining ishtiroki 

Har qanday biznesda barcha narsani jamoa hal qiladi, ammo odamlarni ideallashtirish kerakmas. Asoschining ishtiroki muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini keskin oshiradi. Bankning muvaffaqiyatga erishishida mening muntazam shu yerda bo‘lishim asosiy rol o‘ynagan deb o‘ylayman. Banklar xo‘jayinlari ofisga kam kelishadi, majlislarda kam qatnashishadi va xodimlar bilan kam muloqotda bo‘lishadi. Tashkilotni kimlar ishlayotganini bilmasdan, ichki muhit qandayligidan bexabar holda qanday boshqarish mumkin. Biznesni his qilish uchun har kuni olti qavatli bosh ofisimizning har bir qavatida bo‘laman. Bir yilda besh-olti marta kol-markazlarimizga boraman. Bir hamkasbim har kuni statistikani ko‘rib chiqishimdan hayron qolgandi. Bizda 2007 yildan buyon kunlik statistik hisobot chiqadi. Ofisda bo‘lamanmi, Kamchatkada chang‘i uchayotgan bo‘lamanmi yoki Astraxanda baliq ovlayotgan bo‘lamanmi, statistik hisobotni diqqat bilan ko‘zdan kechirib chiqaman. Agarda biror tushunarsiz yoki g‘ayrioddiy ko‘rsatkichga ko‘zim tushsa, vitse-prezidentga savol bilan murojaat qilaman. Raqamlarni ko‘rib chiqamiz, ko‘ngilsizliklarning oldini olamiz.

Foto: RIA Novosti

Rejalashtirish muddati

Menejyerlar yillik bonuslarni deb bankning kelgusidagi faoliyatiga zarar yetkazuvchi qaror qabul qilmasliklari kerak. Biz besh yil keyinni o‘ylaymiz, bu yilgi foydani emas. Kredit biznesida qisqa masofa bo‘lmaydi.  

Ehtimoliy inqirozga bardosh berish uchun mustahkam asos bo‘lishi lozim. Agarda ko‘tarilish davrida jiddiy daromad olmasangiz, pasayish davrida zararga kirasiz. Faqat 12 oy oldinga qaraydigan bo‘lsangiz, bozor sizni albatta hushyor torttirib qo‘yadi. Biz oyiga 250 mingta kredit kartasi chiqaramiz. Siyosatimizni bo‘shashtirib va reklamaga katta e'tibor qaratib millionta karta tarqatishimiz mumkin. Bu ajoyib, lekin bema'ni harakat bo‘ladi: olti oydan keyin holimizga maymunlar yig‘laydi. Kredit kartalari matematik, zerikarli, mayda biznes. Uni uzoq muddatga rejalashtirasan, ammo har kuni boshqarasan. Har bir ishning o‘z nozik jihatlari bor. Doimo kamida besh yillik reja bo‘lishi darkor.

Kichkina kompaniya tushunchasi

Yig‘ilishlarda kimdir «biz kattamiz» deb qoladi, biroq men har doim e'tiroz bildiraman. Bu yolg‘on yoki bo‘rttirish emas. Ha, biz jahondagi eng yirik onlayn-bankmiz, ammo Rossiyada kredit tashkilotlari orasida aktivlar bo‘yicha atigi to‘rtinchi o‘nlikda turamiz. Men «kichkina»larni epchil, abjir, dadil deb tushunaman — ular vaziyatga nisbatan tezda harakat qilishadi, bozordagi xatar, muhit o‘zgarishi, ichki muammolarga tez javob qaytarishadi. Hozirda bankning 7 mln mijozi bor. Mijozlarimiz 20 mlnga yetganida o‘zimizni katta deb hisoblash haqida o‘ylab ko‘ramiz. 

Mavzuga oid