O‘zbekiston | 21:44 / 09.10.2018
17436
2 daqiqa o‘qiladi

Kam ta'minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida nizomga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasi uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga joylashtirildi.

Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining bildirishicha, loyihada nafaqalar va moddiy yordam ariza beruvchining yashash (doimiy propiska yoki vaqtincha (turgan joyi bo‘yicha) hisobga olingan) joyi bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan tayinlanishi, vaqtincha (turgan joyi bo‘yicha) hisobga olingan joydan ariza bilan murojaat qilganda, doimiy propiskadan o‘tgan joyidan nafaqalar va moddiy yordam tayinlanmaganligi haqida ma'lumotnoma taqdim etishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, hujjatda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, uning joylardagi organlari tomonidan nafaqalar va moddiy yordam tayinlangan va to‘langan fuqarolar haqida ma'lumotlar elektron reyestri yuritilishini belgilovchi norma kiritilmoqda.

Elektron reyestrning joriy etilishi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan byudjyet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishi va soxta ma'lumotlar berilishi holatlari oldi olinadi.

Kam ta'minlangan oilalarning propiskadan o‘tgan joyidan qat'i nazar, ularning moddiy va mulkiy holatini to‘liq o‘rganish hamda haqiqatan ehtiyojmand va davlat ko‘magiga muhtoj oilalarni aniqlash va ularga o‘z vaqtida zarur moddiy yordam ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.

Mazkur qaror loyihasining qabul qilinishi haqiqatan ehtiyojmand va davlat ko‘magiga muhtoj bo‘lgan kam ta'minlangan oilalarning davlat tomonidan ijtimoiy himoya qilinishi ta'minlanishiga erishiladi.

Mavzuga oid