Jamiyat | 15:31 / 09.10.2018
46824
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi bog‘chada 32 nafar tarbiyalanuvchi ovqatdan zaharlandi

Maktabgacha ta'lim vazirligi Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 433-sonli maktabgacha ta'lim muassasasida 32 nafar tarbiyalanuvchining ovqatdan zaharlanishi bilan bog‘liq vaziyatni yaqindan o‘rganib chiqmoqda. 

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi

Ma'lumot vazirlikka yetib kelgach, MTV mutaxassislaridan iborat komissiya darhol voqea joyiga yo‘l oldi, deyiladi vazirlikning Facebook’dagi sahifasida.

Qayd etilishicha, joyda Bosh prokuratura va Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari ham ish olib bormoqdalar. Jiddiy holatlar qayd etilmagan, hozirgi vaqtda ikki nafar tarbiyalanuvchi kasalxonadan uyga qo‘yib yuborilgan, qolgan bolalarni ham uyga qo‘yib yuborish ishlari davom etmoqda.

Bolalar tibbiy ko‘rik va laboratoriya nazoratidan o‘tkazildi. Ushbu surishtiruv natijalari yaqin vaqt ichida e'lon qilinadi. Kelajakda shunga o‘xshash hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik va ularning oldini olish maqsadida nazoratni kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda, deyiladi xabarda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid