Jahon | 00:30 / 10.10.2018
14775
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand: Noqonuniy faoliyat nazorat ostida

Foto: Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati

O‘zbekistonda tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun barcha qulay sharoitlar yaratilgan. Qabul qilinayotgan qonun hujjatlarida ularning huquqlari imtiyozlar, yengilliklar bilan taqdim etib borilmoqda. Berilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib faoliyatini kengaytirayotgan, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan tadbirkorlarning soni kundan kunga ko‘paymoqda. Biroq afsuski, mamlakat iqtisodiyotining yanada mustahkamlanishiga hissa qo‘shishdan ko‘ra o‘zining cho‘ntagini qappaytirishni o‘ylovchi "tadbirkorlar" ham uchrab turibdi.
  
Masalan, Samarqand shahar, Shabot ko‘chasi 70-uyda fuqaro S.P. davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan un qadoqlash sexi tashkil qilgan. Kamiga uddaburon tadbirkor Qozog‘istonning “Dani-nan” brendi tushirilgan 2 va 5 kilogrammlik qoplarga qadoqlab sotishni yo‘lga qo‘ygan.  

O‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida ushbu fuqarodan 20 turdagi 139 million 21 ming so‘mlik tayyor va yarim tayyor un mahsulotlari daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib qo‘yildi.   

Shuningdek, Urgut tumani, Jartepa mahallasida joylashgan savdo do‘konida fuqaro A.S. davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan alkogol va salqin ichimliklar savdosi bilan shug‘ullangan. Fuqarodan 6 million 799 ming 300 so‘mlik mahsulotlar daliliy ashyo sifatida vaqtinchalik olib qo‘yildi. 

 "Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi Soliq sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi tomonidan tadbirkorlarga soliqqa oid huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida doimiy ravishda profilaktik suhbatlar o‘tkazib kelinmoqda, - deydi bo‘lim boshlig‘i Shamil Mutalibov. - Birgina joriy yil oktabr oyining 5-sanasiga qadar 15 nafar ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotganlar aniqlandi".

Tadbirkorlar shuni unutmasliklari lozimki, bugun tadbirkorlik faoliyati bilan qonuniy shug‘ullanish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Noqonuniy faoliyatning oldini olish esa doimiy nazoratda. Nazorat tadbirlari davom etmoqda.

Mavzuga oid