Jahon | 23:18 / 11.10.2018
6872
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadagi AESning birinchi reaktori qachon ishga tushirilishi ma'lum qilindi

Turkiya janubidagi Akkuyu AESining birinchi reaktorini 2023 yilda Respublika 100 yilligi sharafiga  ekspluatatsiyaga topshirish  rejalashtirilmoqda. Akkuyu Nükleer loyiha kompaniyasi bosh direktori Yuriy Galanchuk "Anadolu" agentligiga shu haqida ma'lum qilgan

Uning so‘zlariga ko‘ra, AES qurilishi loyihasini amalga oshirishga doir faol ishlar Turkiya tomondan barcha zarur ruxsatnomalar olinganidan so‘ng boshlangan. Bosh direktor 2023 yil turkiyalik hamkorlar va umuman turk xalqi uchun qutlug‘ sana ekanini ta'kidlagan. 

"Shuning uchun biz AESning birinchi reaktorini 2023 yilda ekspluatatsiyaga topshirmoqchimiz. Shu bilan birga, xavfsizlik standartlarini hisobga olish ham biz uchun ustuvor ahamiyatga ega", - dedi Galanchuk.

Loyiha kompaniyasi rahbari AES tamal toshini qo‘yish marosimi uchinchi aprelda bo‘lib o‘tganini yodga soldi, keyingi olti oyda esa loyiha doirasida jiddiy ishlar amalga oshirilgan.

Uning aytishicha, tez orada Mersin provinsiyasidagi qazish ishlari tugallanadi, bu yirik kemalarga kerakli uskunalarni Turkiya janubiga keltirish imkonini beradi. "Portning yuk terminalli sharqiy sohili noyabr oyiga tayyor bo‘ladi. Dekabrda bu terminal bazasida quruq yuklarni qabul qilish porti quriladi", - dedi Galanchuk.

Shuningdek bosh direktor ikkinchi reaktorga litsenziya berish muddati birinchisidan tezroq kechishini taxmin qilgan. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, AES qurilishida ishtirok etayotgan personalning 85 foizi  - Turkiya fuqarolari.

Rossiya va Turkiya o‘rtasidagi AES qurilishiga doir hukumatlararo kelishuv 2010 yilda Mersin provinsiyasida "Akkuyu" maydonida imzolangan. Turkiyadagi ilk AES loyihasi umumiy quvvati 4800 megavatt bo‘lgan to‘rt energoblokni (1200X4) o‘z ichiga olgan. 

Ta'kidlash joizki, 7 sentabr kuni O‘zbekiston va Rossiya Bosh vazirlari Abdulla Aripov va Dmitriy Medvedev tomonidan O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurishga doir hukumatlararo hujjat imzolandi. AES Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasida joylashgan To‘dako‘l suv ombori yaqinida qurilishi kutilmoqda. «Rosatom» O‘zbekistonda «3+» VVER-1200 zamonaviy avlod stansiyalarini qurishni taklif qilgan. Mazkur kompleks ikki energoblokdan iborat, har birining quvvati 1200 megavatt bo‘ladi. Atom elektr stansiyasi uchun dunyodagi eng xavfsiz va zamonaviy egergoblok tanlab olingan, uni 2028 yilgacha ishga tushirish rejalashtirilgan. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid