Jahon | 13:52 / 15.10.2018
9129
2 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiya Rossiyani Arktikadagi harbiy provokatsiyalarda aybladi

Foto: Sergey Fedyunin/TASS

Rossiya qiruvchilari va harbiy kemalari Arktikada niderlandiyalik hamda britaniyalik harbiylarni provokatsiya qilishga urinmoqda. Bu haqda The Telegraph gazetasiga Niderlandiya dengiz piyoda amaliyotlari boshqarmasi boshlig‘i, general Jyeff Makmutri ma'lum qildi.

«Biz Rossiya flotining bizning mashqlarga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ko‘ryapmiz. Misol uchun, ballistik raketalardan himoya dasturi doirasidagi mashqlarda raketalar uchirganimizda, odatdagidan ko‘proq rus kemalarini ko‘rmoqdamiz. Ular o‘tgan yillarga qaraganda bizga yaqinroq kelmoqda. Ular o‘zlarini ko‘rishlarini aniq istayaptilar», - deya aniqlik kiritdi u.

«Rossiya samolyotlari bizning kemalarimizga yaqinroq masofada uchib o‘tib, faqat o‘zlarining mavjudligini eslatib turibdi. Buni provokatsiya deyish mumkin», - deya ta'kidlab o‘tdi general.

14 oktabr kuni Niderlandiya Mudofaa vazirligi rahbari Ank Beyleveld qirollik Rossiya bilan kiberurush holatida ekanini ma'lum qildi. «Bizning ma'lumotlarga ko‘ra, ular Butunjahon dopingga qarshi kurashish agentligi, shuningdek, Donbass uzra qulagan MH17 bo‘yicha surishtiruv ishlari bilan bog‘liq vaziyatda juda faoldir. Biz bu sohada sodda bo‘lishni to‘xtatishimiz kerak», - dedi Beyleveld. Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi vaziyatdan kelib chiqib «qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda, xususan, maxsus xizmatlarni moliyalashtirish oshirilmoqda».

Eslatib o‘tamiz, avvalroq GRU agentlariga qarshi ayblovlar Rossiyaga «kamsituvchi zarba» bergani xabar qilingandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid