O‘zbekiston | 11:55 / 16.10.2018
20185
4 daqiqa o‘qiladi

Maktab o‘qituvchilari mehnati qo‘shimcha rag‘batlantiriladi

Foto: UzA

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Xalq ta'limi vazirligining “Umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘qituvchilari mehnatini qo‘shimcha rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan hududiy, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan umumiy o‘rta ta'lim maktablari pedagog kadrlari quyidagi tartibda eng kam oylik ish haqining 5 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanishi belgilab qo‘yilishi mumkin:

fan olimpiadalarining ikkinchi (tuman, shahar) bosqichida 1, 2, 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilarini tayyorlagan pedagoglarga – eng kam oylik ish haqining tegishli ravishda 10, 9, 8 barobari miqdorida;

fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichida 1, 2, 3, 4, 5-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilarini tayyorlagan pedagoglarga – eng kam oylik ish haqining tegishli ravishda 20, 15, 13, 11, 10 barobari miqdorida;

fan olimpiadalarining to‘rtinchi (respublika) bosqichida 1, 2, 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan umumiy o‘rta ta'lim maktablari o‘quvchilarini tayyorlagan pedagoglarga – eng kam oylik ish haqining tegishli ravishda   40, 35, 30 barobari miqdorida;

xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan oltin, kumush, bronza medallari sohiblari bo‘lgan umumiy o‘rta ta'lim maktab o‘quvchilarini tayyorlangan pedagoglarga – eng kam oylik ish haqining 50, 45, 40 baravari miqdorida.

Hududiy, respublika va xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan pedagoglar belgilangan tartibda umumta'lim muassasalari huzuridagi maxsus komissiya qarori asosida umumiy o‘rta ta'lim maktablari direktorlarining buyrug‘i bilan bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan pedagoglarga pul mukofotlari umumiy o‘rta ta'lim maktablari qoshidagi Umumta'lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratilishi nazarda tutiladi.

Xalq ta'limi vazirligi

- fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarni tayyorlagan pedagoglarga pul mukofotlari bilan o‘z vaqtida va belgilangan tartibda taqdirlanishini ta'minlaydi;

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta'limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq ta'limi boshqarmalari tomonidan davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan pedagoglarga imtiyozli asoslarda sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalariga yo‘llanma berish taqsimot-jadvali asosida buyurtmalarni shakllantiradi va O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashiga taqdim etadi.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi taqdim etilgan buyurtmalarga asosan ta'lim rivojiga munosib hissa qo‘shgan, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan pedagog kadrlarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga qarashli sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida imtiyozli shartlarda sog‘lomlashtirish yo‘llanmalarini o‘rnatilgan tartibda ajratilishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid