Sport | 08:09 / 16.10.2018
21254
3 daqiqa o‘qiladi

Videoreportaj: Paraosiyo o‘yinlari qahramonlari qanday kutib olindi?

Indoneziyada bo‘lib o‘tgan III Paraosiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasining asosiy qismi 15  oktabr oqshomida charter reys bilan Toshkentga yetib keldi. Shu munosabat bilan Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda tantanali tadbir tashkil etildi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, 54 nafar sportchi bilan musobaqaga tashrif buyurgan O‘zbekiston terma jamoasi jami 77 ta medal (35 ta oltin, 24 ta kumush va 18 ta bronza) bilan o‘z tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. Medallar jadvalida 6-o‘rinni olgan jamoa kuchli o‘nlikdan joy olgan termalar ichida eng kam sportchi bilan ishtirok etgan edi, ya'ni eng yaxshi mahsuldorlik ko‘rsatkichi aynan O‘zbekiston paraatletlari tomonidan qayd etildi.

Ko‘p sonli ota-onalar va sport muxlislari ishtirokida o‘tgan kutib olish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov ham ishtirok etdi.

Tadbirni ochib berish uchun so‘zga chiqqan Aziz Abduhakimov delegatsiya a'zolarini O‘zbekiston hukumati nomidan tabrikladi, ular mamlakatning faxr-u iftixori ekanliklarini qayd etib o‘tdi. Shundan so‘ng Mudofaa vazirligining harbiy orkestri ijrosida O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangradi.

Marosimda Paraosiyo o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari bo‘lgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylaridan ba'zilari ham minbarga chiqib, o‘z hayajonlari va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. Kutib olish tadbirlarining birinchi qismi shu bilan yakuniga yetdi va delegatsiya Milliy paralimpiya assotsiatsiyasiga yo‘l oldi.

Kutib olish marosimida ishtirok etgan Kun.uz muxbiri chempion sportchilarni suhbatga tortdi. Xususan, Jakarta-2018 musobaqasining uch karra g‘olibi va 2 ta bronza sohibi, suzish bo‘yicha ikkita yo‘nalishda Osiyo rekordini o‘rnatgan Dmitriy Xorlin hamda dzyudo bo‘yicha -70 kg vazn toifasida Paraosiyo o‘yinlari chempioni, jamoaviy bahslarda kumush medal sovrindori bo‘lgan Vasila Aliboyeva o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Quyida ushbu blits-intervyularni o‘z ichiga olgan tadbir reportaji e'tiboringizga havola etiladi.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Facebook'da ko‘rish

O‘zbekiston delegatsiyasining bu galgi Paraosiyo o‘yinlaridagi ishtiroki sarhisobi bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.

Mavzuga oid