Markaziy Osiyo investorlarni nimasi bilan jalb etishi mumkin?
Markaziy Osiyo global tushkunlik o‘sib borayotgan sharoitda investorlar uchun yangi maskan bo‘lishi mumkin, deb hisoblamoqda BCG’ning «Markaziy Osiyoga investitsiyalar: bir mintaqa, ko‘plab imkoniyatlar» ma'ruzasi mualliflari.
BCG ekspertlari mintaqaning noxomashyo sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar kiritish salohiyatini 40-70 mlrd dollar deb baholashmoqda.
Makon izlab
Investorlarning fond bozorlari va makroiqtisodiy muhitga nisbatan tushkunligi 2017 yilda 2009 yildagidan ko‘ra rekord darajaga yetdi: BCG so‘rovida ishtirok etganlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i (34 foiz) yaqin uch yildagi bozor salohiyati bo‘yicha salbiy taxminni bildirdi.
Shu bilan birga so‘rovda ishtirok etganlarning 57 foizi rivojlanayotgan bozorlarga investitsiya kiritish tarafdori. Xatardan uzoqroq bo‘lishni istayotgan investorlar xavfsiz aktivlarga pul kiritishga harakat qilishadi, ammo katta daromad olish uchun yangi imkoniyatlar Markaziy Osiyoda yuzaga kelmoqda, deb hisoblashmoqda BCG ekspertlari.
Yagona shodaning durlari
Markaziy Osiyodagi barcha besh mamlakatning iqtisodiy tuzilmasi bir-biriga o‘xshash: ular boy tabiiy resurslarga ega, aholi soni o‘smoqda, mehnat qiymati past, ammo investitsion muhit turlicha. Doing Business reytingida Qozog‘iston 36-, O‘zbekiston 74-, Qirg‘iziston 77-, Tojikiston 123-o‘rinda. Turkmaniston ma'lumotlar kamligi uchun reytingga kiritilmagan.
BCG ma'lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning jahon iqtisodiyotidagi ulushi 2000-2017 yillarda uch baravarga oshgan. Ammo mintaqaning iqtisodiy xaritadagi vazni o‘ta yengilligicha qolmoqda - jahon YaIMning 0,3 foizga yaqinini tashkil etadi. Qiymat bo‘yicha olib qaraganda, bu 240 mlrd dollar atrofida bo‘lib, Markaziy Amerika (255 mlrd dollar) va Finlyandiya (254 mlrd dollar) ko‘rsatkichlariga yaqin.
Osiyo bankining prognoziga ko‘ra, 2018 yilda Markaziy Osiyoda iqtisodiy o‘sish sur'ati 3,9 foiz atrofida bo‘ladi va xomashyo narxlarining oshishi hamda Xitoy va Hindiston iqtisodiyotidagi loyihalar, jumladan «Bir kamar — bir yo‘l» loyihasi tufayli yanada ko‘tarilishi mumkin.
Markaziy Osiyoda 70 mln nafarga yaqin aholi yashaydi. Mintaqa ichki iste'mol bozorining hajmi 2017 yilda 150 mlrd dollarga yaqin bo‘ldi.
Keyingi o‘n yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlarida xususiy iste'mol ko‘rsatkichi yiliga o‘rtacha 3,4 foizdan oshdi — bu Singapur yoki Janubiy Koreya ko‘rsatkichiga mos keladi va jahondagi o‘rtacha o‘sish ko‘rsatkichidan 1,5 foizga yuqoridir. Markaziy Osiyoda 2017 yildagi aholi jon boshiga iste'mol ko‘rsatkichi unchalik yuqori emas — 2107 dollarni tashkil etadi va bu Shimoliy Afrika (2120 dollar) hamda Indoneziya (2230 dollar) ko‘rsatkichlariga yaqin.
2017 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot (YaIM) 3603 dollarni tashkil qildi. BCG taqqoslash uchun 69 mln kishi yashaydigan Tailandni misol qilib keltiradi, bu yerda aholi jon boshiga YaIM sezilarli darajada yuqori va 6600 dollarga teng.
YaIM va ko‘payayotgan aholi
Qozog‘iston mintaqaning eng yirik iqtisodiyoti hisoblanadi (YaIMning 64 foizi). BCG ma'lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonning real YaIM 2017 yilda 103 mlrd dollarni, aholi jon boshiga YaIM esa 25 490 dollarni tashkil etgan: bu O‘zbekistonga nisbatan to‘rt, Qirg‘izistonga nisbatan yetti va Tojikistonga nisbatan to‘qqiz baravar ko‘p demakdir.
BMT ma'lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston inson taraqqiyoti indeksida 188 mamlakat orasida 56-o‘rinda turadi – bu nafaqat jahondagi o‘rtacha darajadan, balki Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtacha darajasidan yuqoriroqdir.
BCG hisob-kitobiga ko‘ra, Qozog‘iston noxomashyo sohasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish hajmini 32—52 mlrd dollarga oshirishi mumkin. Markaziy Osiyoda investitsion salohiyat bo‘yicha yetakchi uchlikdan O‘zbekiston (7-13 mlrd dollar) va Qirg‘iziston (1,3—2 mlrd dollar) ham o‘rin olgan.
Malakali ishchi kuchi Qozog‘iston iqtisodiy taraqqiyotining jadal o‘sishi omillaridan biri, deb hisoblashadi BCG ekspertlari. Hozirda mamlakat aholisi 18 mln kishi bo‘lib, yillik o‘sish keyingi bir necha yil davomida 1,5 foizni tashkil etgan, 2030 yilga kelib esa aholi soni 20,3 mln kishiga yetishi mumkin. Nisbatan past maosh Qozog‘istonga raqobatda ustunlik berishi mumkin, deya qayd etmoqda BCG.
EIU ma'lumotlariga ko‘ra, mamlakatda o‘rtacha ish haqi oyiga 516 dollarni tashkil etadi: bu Chili, Ruminiya va Xorvatiyadagiga nisbatan 50 foizga kam degani.
O‘zbekiston ham qo‘shni davlatlar kabi asosan xomashyo narxlari va asosiy savdo hamkorlarining iqtisodiyotiga bog‘langan. 2016 yilda Toshkentning ikkinchi o‘rinda turuvchi savdo hamkori bo‘lgan Rossiyadagi retsessiya, Xitoydagi iqtisodiy o‘sish sur'atining pasayishi, mamlakat xomashyo eksporti asosini tashkil etuvchi gaz, mis va paxta narxining tushib ketishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta'sir qildi. Ammo mamlakatning yosh va o‘sishda davom etayotgan aholisi mintaqadagi eng yirik mehnat bozorini tashkil etadi (aholi soni 33 mln kishini tashkil etadi).
Qozog‘iston va O‘zbekistondan farqli o‘laroq, Qirg‘izistonda iqtisodiy o‘sishni ushlab turuvchi neft-gaz resurslari yo‘q. Ammo keyingi yillarda YaIM yiliga 4 foizga yaqin bo‘ldi va 4,2 mlrd dollarga yetdi. Jahon banki ma'lumotiga ko‘ra, Qirg‘iziston iqtisodiyoti tashqi ta'sirga nisbatan mustahkamlashdi.
Tojikistonning real YaIM 2000 yildagi 1,5 mlrd dollardan 2017 yilda 4,4 mlrd dollarga yetdi. BCG ekspertlari mamlakatda 2018-2021 yillarda o‘sish yuqori bo‘lishini kutishmoqda. 2017 yilda Moody’s reyting agentligi ayrim iqtisodiy institutlarning zaifligi va valyuta rezervlarining past darajada ekanligini ta'kidlagandi, ammo «bank tizimi uchun jiddiy stress bo‘lishiga qaramasdan, hukumat va markaziy bank nisbatan iqtisodiy barqarorlikni ushlab turibdi».
Markaziy Osiyo uchun uch ustuvor soha
BCG Markaziy Osiyoga investitsiya kiritish uchun qishloq xo‘jaligi, neft-kimyo va turizmni ustuvor sohalar deb hisoblamoqda. BCG baholashiga ko‘ra, axborot texnologiyalari, moliya xizmatlari, qurilish, mashinasozlik va kimyo sanoatiga yetarlicha investitsiya kiritilmagan.
O‘tmish merosi
Markaziy Osiyo mamlakatlariga investitsiyalar tarixan xomashyo sohasiga yo‘naltirilgan va 59 foizni tashkil etgan. Ammo mintaqaning aksariyat davlatlarida iqtisodiyotning neft va boshqa xomashyo bozoriga bog‘liqligini kamaytirishga qaratilgan keng miqyosdagi islohotlar amalga oshirilmoqda. Masalan, O‘zbekiston tashqi investorlar uchun iqtisodiyot shaffofligini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda, Qozog‘iston esa «Ostona» xalqaro moliya markazini tashkil etish hisobiga global investitsiyalarni jalb etishga e'tibor qaratmoqda.
Xitoylik turistlar – ustuvor yo‘nalish
Xitoy va Rossiyaga yaqinlik Markaziy Osiyo mamlakatlarining turistik salohiyatini amalga oshirish imkonini beradi, deb hisoblaydi BCG ekspertlari.
Jahon turizm tashkilotining ma'lumot berishicha, 2015-2017 yillarda xitoylik turistlarning xarajatlari 8,5 foizga, yiliga 261 mlrd dollarga, ularning soni esa yiliga 135 mln kishiga yetgan. Rossiyalik turistlar rubl qadrsizlanishi hisobiga xorijda kamroq pul sarflashmoqda, ommaviy turizm xaritasida esa Markaziy Osiyo hozircha qayd etilmagan.
Xavotir yuki
Markaziy Osiyo mamlakatlariga investitsiya kiritish boshqa rivojlangan va rivojlanayotgan bozorlarga nisbatan xavfliroq, degan fikrni bildirgan Forbes o‘tkazgan so‘rovda qatnashgan ekspertlar.
Ular Markaziy Osiyoda to‘rtta xatarni ajratib ko‘rsatishgan: siyosiy bosim, qo‘shnilar iqtisodiyotiga qaramlik, xomashyo narxlarining o‘zgaruvchanligi va xavfsizlik. Jahondagi asosiy markaziy banklarning strategiyasi tufayli jahon iqtisodiyotidagi kuchlar muvozanati o‘zgarmoqda, ammo investitsiya uchun kurash natijasini oldindan aytish qiyin, deya xulosa qilishmoqda EIU tahlilchilari.
Mavzuga oid
17:22 / 19.11.2024
«Markaziy Osiyo – Xitoy» quvuri orqali 14 yilda yetkazilgan tabiiy gaz miqdori ma’lum qilindi
17:25 / 15.11.2024
2050 yilga borib Markaziy Osiyo muzliklarining uchdan bir qismi erib ketishi mumkin
17:42 / 14.11.2024
Markaziy Osiyo tabiiy ofatlar tufayli yalpi ichki mahsulotining 6 foizini yo‘qotishi xavfi bor
20:54 / 11.11.2024