Jahon | 09:20 / 23.10.2018
13015
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp o‘zini millatchi deb atadi va nega ko‘pchilikka yoqmasligini aytdi

Foto: LOREN ELLIOTT / GETTY IMAGES

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zini millatchi deb atadi va bu so‘zni u mamlakat manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yishidan kelib chiqib, qo‘llashga chaqirdi.

«Bilasizmi, bir so‘z bor, u eskirib ketgandek, bu «millatchi» so‘zi. Men aytmoqchimanki: biz, aslida, bu so‘zni ishlatmasligimiz kerak. Lekin, bilasizlarmi, men kimman? Men - millatchiman. OK? Men millatchiman. Millatchi. Bu so‘zdan foydalaning», - dedi u seshanba kuni Texasdagi mitingda.

Tramp yana bir bor uning ma'muriyati Amerika manfaatlarini eng yuqori darajaga ko‘targanini aytib, shunday bayonot berdi.

«Radikal demokratlar vaqtni orqaga qaytarishni, korrupsiyalashgan va hokimiyatni qo‘ldan boy berishni istamaydigan globalchilar hukumatini ko‘rishni istashmoqda. Globalchilar kim ekanini bilasizlarmi? Globalchi - o‘z davlati haqida qayg‘urmay, dunyoga yaxshi bo‘lishini xohlaydigan odam. Bizga bu to‘g‘ri kelmaydi», - dedi AQSh prezidenti.

Tramp ma'lum qilishicha, uni boshqa mamlakatlarda yoqtirishmaydi, sababi «ularni to‘lashga majbur qilmoqda». Bu haqda Amerika yetakchisi Twitter’dagi sahifasida yozdi.

«Feyk OAVning aytishicha, dunyo davlatlarida, jumladan, Yevropa ittifoqida meni qo‘llab-quvvatlash reytinglari past bo‘lgan. Albatta, ular past bo‘lishi tabiiy, chunki 50 yil ichida birinchi marta men ularni Amerika bilan biznes yuritish uchun yuqori narxni to‘lashga majburlayapman. Nega men ularga yoqishim kerak?», - deya ta'kidlab o‘tdi davlat rahbari. Uning qo‘shimcha qilishicha, shunga qaramay «ular unga yoqadi».

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Trampning kuyovi va maslahatchisi Jared Kushner AQSh prezidentini «qora oqqush», deb atagandi

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid