Messisiz «Barsa» «Inter»ga qarshi. YeChL intrigalari
Bugun, 24 oktabr kuni Chempionlar ligasi guruh bosqichi, 3-turi doirasida yana 8 uchrashuv bo‘lib o‘tadi.
«A» guruhi
BORUSSIYa DORTMUND - ATLeTIKO
24 oktabr. Dortmund. «Signal Iduna Park» stadioni. 23.55.
Yo‘qotishlar: Akanji (jarohat), Tolyan, Shmeltser (ikkisi so‘roq ostida), Pako Alkaser (so‘roq ostida).
Hakam: Oliver (Angliya).
Guruhnig markaziy o‘yini Dortmundda bo‘lib o‘tadi. Top-klublarga qarshilik qilish qismati, rivojlanish davri va Chempionlar Ligasi finalidagi mag‘lubiyatlar bilan bir-biriga o‘xshaydigan ikki jamoa guruh g‘olibi masalasiga oydinlik kiritadi. Har ikki jamoa ham aqlli transfer siyosati va murabbiy mehnati orqali raqobatbardosh jamoa tuzish mumkinligini isbotlay olgan. «Atletiko» hamon Simeone qo‘l ostida o‘ynayotganidan barqarorroq, ammo Dortmund uslubi turli trenerlarning qo‘li tufayli nisbatan rang-barang tuyulishi mumkin. Har qanday ma'noda bu ikki xil maktab to‘qnashuvini ko‘rish qiziq bo‘lsa kerak.
Shuningdek, har ikki jamoa hozirda juda yuqori sport formasiga kirib olganini alohida ta'kidlash kerak. «Atletiko» barcha musobaqalarda 8 o‘yindan beri yutqazmayapti va peshqadamlar safida bormoqda. «Borussiya» esa, umuman, 14 o‘yindan beri mag‘lubiyatga uchragani yo‘q. Dastlabki ikki turda yuz foizlik natija ko‘rsatgan bu ikki jamoa yakunda guruhdan chiqish ehtimoli yuqori, ammo guruhda 1-o‘rinni olish ham ahamiyatga ega.
Mehmonlar tarkibida yo‘qotishlar yo‘q. Nemislar safida esa, ayniqsa himoya chizig‘ida muammolar yetarli. Manuel Akanji, Marsel Shmeltser jarohatdan forig‘ bo‘lishmagan, Rafayel Gereyro mashg‘ulotlarni boshlagan bo‘lsa-da, hali to‘liq sport formasini tiklagani yo‘q. Nomi tilga olingan bu futbolchilarning bari himoya vakillaridir. Shuningdek, so‘nggi o‘yinlarda juda sermahsul o‘ynayotgan ispaniyalik hujumchi Pako Alkaserning maydonga tushishi so‘roq ostida qolgan.
21:55. BRYuGGe – MONAKO
24 oktabr. Bryugge. «Yan Breydel» stadioni. 21.55.
Yo‘qotishlar: Fossen (jarohat), Grenefeld (so‘roq ostida) – Benalo, Ndoram, Pellegri, Roni Lopesh, Subashich, Falkao (barchasi – jarohatda)
Hakam: Teylor (Angliya).
Ikkinchi juftlikdagi jamoalarda guruhdan chiqish imkoniyati bormi? Ha, lekin buning uchun avvalo, mana shu dueldan 6 ochko olish kerak bo‘ladi. G‘alabasiz seriyasini 11 o‘yinga yetkazgan «Monako» bunga qodirmi? «Bryugge»ning kayfiyatini ham u qadar yaxshi deb bo‘lmaydi – Ivan Leko shogirdlari milliy chempionatdagi so‘nggi 2 turda besh ochko yo‘qotishdi va peshqadamlikni boy berib qo‘yishdi.
Bu o‘yinga Yevropa Ligasiga beriladigan yo‘llanma uchun kurash sifatida ham qarash mumkin. Uchrashuv boshqa o‘yinlardan ertaroq – soat 21:55da boshlanishini e'tiborga olsak, muxlislar uchun asosiy o‘yinlardan oldin o‘ziga xos repetitsiya vazifani o‘taydi.
«V» guruhi
BARSeLONA – INTeR
24 oktabr. Barselona. «Kamp Nou» stadioni. 23.55.
Yo‘qotishlar: Messi, Fermalen, Yumtiti (barchasi – jarohatda) – Nainggolan (jarohat)
Hakam: Xatsegan (Ruminiya).
«Inter» «Kamp Nou»ga oxirgi marta 2010 yilda tashrif buyurgandi. Yarim final doirasidagi o‘yinda mezbonlar 1:0 hisobida g‘alaba qozonishgan, lekin Milandagi 3:1 hisobi evaziga Mourino shogirdlari final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgandi. O‘sha o‘yin ishtirokchilaridan «Inter»da hech kim qolmagan. Mezbonlar safida esa Buskets, Messi va o‘sha oqshomdagi yagona gol muallifi Pike hozir ham jamoada. Lekin «Sevilya» bilan o‘yinda qo‘lidan olgan jarohati tufayli Messi ushbu uchrashuvda jamoasiga yordam bera olmaydi.
YeChL ushbu mavsumi to‘purarlar ro‘yxatini boshqarib turgan Messining yo‘qligi Valverde jamoasiga qay tariqa ta'sir qilishini kuzatish qiziq bo‘lsa kerak. Masalan, «Sevilya»ga qarshi o‘yinda Messi maydonni tark etgach, «Barselona» u qadar ishonchli ko‘rinmadi, hujumlar tashkil qilish, to‘pni nazorat qilishda muammolarga duch keldi. Balki o‘sha o‘yinda Messining jarohati kutilmagan vaziyat bo‘lgandir. Keyingi bir oy, xususan «Real»ga qarshi yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan o‘yinda ham Messisiz o‘ynashga majbur bo‘ladigan Valverde jamoaga qanday o‘zgarishlar kiritadi, ko‘rib olamiz.
«Inter» juda yaxshi sport formasida. Ayniqsa, so‘nggi daqiqalardagi gollar evaziga qozonilayotgan irodali g‘alabalar ko‘payib ketdi. Bu ham jamoaning bugungi kundagi yuqori jismoniy tayyorgarligidan darak beradi. Qatorasiga 7 o‘yinda (shulardan ikkitasi YeChLda) g‘alaba qozongan Spaletti jamoasi guruhdan chiqish uchun «Barselona» bilan o‘yinlarda hech bo‘lmasa 1 ochko olishi kerak bo‘ladi.
PSV – TOTTeNHEM
24 oktabr. Eyndxoven. «Filips» stadioni. 21.55.
Yo‘qotishlar: Tomas (jarohat) – Alli, Fertongen (ikkisi – jarohatda), Vanyama, Rouz (ikkisi – so‘roq ostida)
Hakam: Vinchich (Sloveniya).
«Tottenhem» esa, kurashga qo‘shilish uchun «PSV» bilan bahslarda maksimal ochko olishi shart. Erediviziya yetakchisidan ochko olish esa, oson emas. Boshqa o‘yinlardan ertaroq boshlanadigan ushbu o‘yin ham alohida e'tiborga arziydi.
«S» guruhi
PSJ – NAPOLI
24 oktabr. Parij. «Park de Prens» stadioni. 23.55.
Yo‘qotishlar: Buffon (diskvalifikatsiya), Dani Alves, Kurzava (ikkisi – jarohatda), Xese (so‘roq ostida) – Verdi, Kirikesh (ikkisi – jarohatda)
Hakam: Tsvayyer (Germaniya).
Parijda nafaqat bugunning, balki butun guruh bosqichining markaziy o‘yinlaridan biri bo‘lib o‘tadi. Uchta teng kuchli top-jamoalar joylashgan va ularning har biri keyingi bosqichga chiqish uchun jiddiy natijalarni qayd etayotgan guruh.
«Napoli» 1-turda Belgradda ochko yo‘qotgach, «Liverpul» va «PSJ» S guruhini muvaffaqiyatli yakunlashga asosiy da'vogar deyilgan edi. Ammo keyingi turda «Napoli» inglizlar ustidan g‘alaba qozondi. Anchelotti shogirdlari shunday ishonchli g‘alabaga erishdilarki, «Liverpul» o‘yin davomida biror marta ham darvozaga aniq zarba bera olmadi. Klopp jamoasini bunday ahvolda qachon ko‘rganimizni ham eslay olmasak kerak. Natijada, o‘ziga xos intriga paydo bo‘ldi va endi «Napoli» ham guruhdan chiqish uchun da'vogar. Hozircha aynan «Napoli» «Tsrvena» bilan ochko yo‘qotganini e'tiborga olsak, Italiya jamoasi asosiy raqiblari bilan o‘yinlarda faolroq bo‘lishiga to‘g‘ri keladi.
Ichki chempionatdagi so‘nggi turda har ikki jamoa ham yetakchi futbolchisiga dam berdi. «PSJ» Neymarsiz «Amen» darvozasiga besh gol urgan bo‘lsa, «Napoli» «Udineze»ga Insinesiz yo‘l oldi va 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Umuman, «Napoli» uch o‘yindan beri o‘z darvozasidan gol olib chiqmayotganini e'tirof etish kerak.
23:55. LIVeRPUL – TsRVeNA ZVeZDA
24 oktabr. Liverpul. «Enfild» stadioni. 23.55.
Yo‘qotishlar: Keyta, Oksleyd-Chemberlen, Henderson (barchasi – jarohat) -
Hakam: Zibert (Germaniya).
«Liverpul» og‘ir davrni kam talofatlarsiz o‘tkazib oldi. Jamoa qatorasiga to‘rt o‘yinni g‘alabasiz o‘tkazgan bo‘lsa-da, APLda ham, Chempionlar Ligasida ham yaxshi holatda turibdi. «Haddersfild» bilan o‘yinda g‘alabasiz seriyaga barham berildi va 1:0 hisobida g‘alaba qozonildi. So‘nggi o‘yinlardagi kamtar natijalar, Mane va Keytaning jarohatlanganini nazarda tutsak, Klopp jamoasi sentabrdagi yuqori formadan biroz uzoq, lekin aynan shunday paytda «Tsrvena Zvezda» kabi kuchsizroq jamoa raqib bo‘layotgani ayni muddao. Bolqon jamoalari «Liverpul» uchun juda qulay bo‘lishini o‘tgan mavsumda ham ko‘rgandik. «Qizillar» «Maribor» darvozasiga ikki o‘yinda 14 gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. Har o‘yinda 7tadan gol.
Parijdagi o‘yinda belgradliklar 1:6 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Yana 7 gol. Balki bugun ham guruh bosqichining eng sermahsul o‘yinlaridan birini ko‘rarmiz?
«D» guruhi
23:55. LOKOMOTIV - PORTU
24 oktabr. Moskva. «RJD Arena» stadioni. 23.55.
Yo‘qotishlar: Kolomeytsev, Ribus, Smolov, Farfan (barchasi – jarohatda), Chorluka (so‘roq ostida) – Abubakar, Ernani (ikkisi – jarohatda), Otaviu (so‘roq ostida)
Hakam: Madden (Shotlandiya).
Bu guruhda yaqqol favorit hali aniqlanmadi. 4 ochko bilan guruhni boshqarib turgan «Portu» balki raqiblaridan kuchliroq ko‘rinayotgandir, ammo hozirdan uch jamoadan qaysi ikkitasi keyingi bosqichga o‘tishini aytish oson emas. Balki hali ochko qo‘lga kiritish tugul, birorta ham gol urmayotgan «Lokomotiv» ham kurashga qo‘shilar?
Ha, o‘sha «Portu» hozir Moskvada yuribdi. Buni biz Iker Kasilyasning tvitteridan ham «bilib oldik». Ispaniyalik darvozabon Moskva klubini Toshkentniki bilan adashtirib qo‘yib, Toshkentning «Lokomotiv»i tvitter akkaunti bilan gaplashishga ham ulgurdi. Bu o‘yinlardagi muvaffaqiyatli natija «Portu»ni guruhning asosiy favoritiga aylantirsa kerak.
Tarkiblar borasida «temiryo‘lchilar»da muammolar jiddiy. Aleksandr Kolomeytsev, Fedor Smolov, Andrey Ribus va Jyefferson Farfanning yo‘qligi jamoa o‘yiniga yaxshigina ta'sir qiladi.
23:55. GALATASAROY - ShALKe
24 oktabr. Istanbul. «Turk Telekom». 23.55.
Yo‘qotishlar: Oqbobo, Onekuru (ikkisi – jarohat), Serdar Aziz, Feguli, Fernandu (barchasi – so‘roq ostida) – Toyxert (jarohat), Gays, Ochipka, Riter, Stambuli, Fermann, Embolo (barchasi – so‘roq ostida)
Hakam: Basten (Fransiya).
Istanbulda esa, qaysidir ma'noda derbi o‘yini. Nemislar va turklar to‘qnashuvini Yevropada bemalol shunday maqom bilan qarshi olish mumkin. Katta ehtimol bilan turklar hatto Germaniyada ham muxlislarning yaxshigina quvvatiga ega bo‘ladi. Bugun esa, o‘yin Turkiyada: futbolchilar tomonidan o‘ta shovqinli va qiyin hisoblangan stadionda «Galatasaroy»ning imkoniyatlari yuqoriroq bo‘lsa kerak.
Bu jamoalar besh yil oldin ham guruh bosqichida to‘qnash kelgandi. Turkiyadagi o‘yin durang bilan yakunlangan, «Shalke» maydonidagi dramatik o‘yinda esa, so‘nggi daqiqalarda urilgan gol evaziga mehmonlar g‘alaba qozonishgan va keyingi bosqich masalasini hal qilishgandi.
Mavzuga oid
13:34 / 11.11.2024
«Barsa» o‘yinida mojaroli qaror, Shomurodov yana murabbiysiz qoldi. Kun o‘yinlari
12:28 / 07.11.2024
«Villa» o‘yinida ahmoqona penalti, «Barsa» istagancha gol urmoqda. Kun o‘yinlari
12:26 / 04.11.2024
«Barsa»ni to‘xtatib bo‘lmayapti, «MYu» o‘ziga kelmoqda. Kun o‘yinlari
14:28 / 28.10.2024