Jamiyat | 18:22 / 26.10.2018
30920
10 daqiqa o‘qiladi

Ega bormi? Jizzax shahridagi «O‘rda» ekologik bog‘ining ayanchli manzarasi

«Yantoqdan yog‘ chiqmaydi». Ushbu xalq maqoli aynan Jizzax shahri markazidagi «O‘rda» ekologik bog‘iga nisbatan aytilgandek. Tarixning ne-ne bo‘hronlariga guvoh bo‘lgan, bir paytlar soya-salqin, o‘ta xushmanzara, jizzaxliklar uchun qadimiy va aziz maskan bo‘lgan ushbu bog‘ bugun juda achinarli holatda.

Bog‘ darvozasidan ichkariga qadam qo‘yar ekansiz dimog‘ingizga ko‘lansa hid uriladi. Suvsizlikdan qurib, ajriqqa aylangan manzarali ko‘chatlar, daraxtlar, bemalol o‘tlab yurgan chorva mollari ta'bingizni xira qiladi. Uyulib turgan chiqindilar, yantoqlarni ko‘rib bu yer bog‘ emas changalzor, degan tasavvur uyg‘onadi.

Bog‘ mas'ullarini qidirish asnosida o‘zini Suyarqul Zuhurov deya tanishtirgan kishi tashrifimiz sababini bilib jonlanib ketdi.

- Men 18 yil oldin shu bog‘ yaqinida do‘kon qurganman, kun-u tun shu yerdaman, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Tadbirkorman. Bog‘ menga yoshligimni eslatadi. Bir vaqtlar bu yer obod va xushmanzara edi. Bog‘ning kiraverishidan to oxirigacha ikki qator qilib o‘tqazilgan majnuntollar soyasida rohatlanib dam olardik. To‘g‘risi, ayni paytda, bu yerni bog‘ deya atashga uyalaman. Yaylovga aylanib qoldi. Necha yillardan beri daraxtlar kesilib sotilayapti, hech kimning bu bilan ishi yo‘q. Ayting-chi, bitta niholni ko‘kartirib daraxt bo‘lishi uchun necha yil kerak? Mana, yoz o‘tdi, kuz o‘tyapti, bog‘ esa sug‘orilmadi. Suvsizlikdan quriy boshlagan daraxtlarni ko‘rsam, yuragim achiydi. Daraxtlarni butash va shakl berish haqida gapirmasam ham bo‘ladi. Darvozadan kiraverishda terib qo‘yilgan konteynerlar orti bog‘ga tashrif buyuruvchilar uchun hojatxona vazifasini o‘tayapti. Husniddin Ismoilov degan yigitni bog‘ga direktor qilib qo‘yishgan. Bu yigit nomigagina rahbar. Ishining tayini yo‘q. Mening fikrimcha, necha yillik tarixga ega, ota-bobolarimiz uchun aziz maskan bo‘lgan bog‘ga ega kerak. Shundagina o‘zgarish bo‘larmidi...

Direktormi yoki cho‘pon?

Bog‘ ichkarisida shu atrofdagi mahalla ahlining chorva mollarini haydash bilan ovora Husniddin Ismoilov biz bilan suhbatda shunday dedi.

- Men bu yerda nomiga direktorman. Na maosh olaman, na mansabim bor. Joriy yilning may oyida bog‘ga «Lyuks Shedevr Garden» MChJ yigitlari konteynerlar olib kelishganida, to‘g‘risi, juda quvongandim. Lekin bu uzoqqa bormadi - may oyidan beri jim-jit. Surishtirsak, mablag‘ yo‘q deyishdi. Yashiradigan narsaning o‘zi yo‘q, bog‘ haqiqatan ham yil davomida sug‘orilmadi. Suv bor, ammo elektr bo‘lmasa ishlamaydi. Elektr energiyasi esa ulanmagan, to‘lashga mablag‘ning o‘zi yo‘q. Aslida, shahar hokimining qaroriga ko‘ra, shu bog‘ ichiga o‘rnashib olgan tadbirkorlar shartnoma asosida bizga pul o‘tkazishlari kerak. Afsuski, ularning hech biri eshitishni istamaydi. Shaxsan «Zohida Niso» nomidagi xususiy klinika rahbari qayoqqa borsang bor, senlarga bir tiyin ham yo‘q, deya javob berdi. Bir o‘zim qoldim, maosh berilmas ekan deb qorovul ham ketdi. Rostini aytsam, meni ishim direktorlik emas, cho‘ponlik bo‘lib qoldi. Guvohi bo‘lganingizdek, chorva mollarini haydayman, egalari bilan yoqalashaman. Tozalik bo‘yicha nima ham derdim, o‘tgan yili qarindoshlarimni olib kelib hashar uyushtirdim. Qani edi shu bog‘ ham obod bo‘lsa, biz ham xursand bo‘lamiz. Maosh olamiz, xullas, ishlaymiz-da... Lekin buning iloji bormikin?

«O‘rda» bog‘i «o‘gay» bog‘mi?

Bir zamonlar qalin daraxtzor, favvoralaridan suv o‘ynab, jizzaxliklarning bahri dilini ochgan, oilaviy dam olish maskani hisoblangan «O‘rda» bog‘i bugun kimsasiz, qarovsiz holda. Xo‘rlangan, yetim boladek shumshayib turibdi... Shu o‘rinda aytish joizki, bu bog‘ kecha yoki bugun xarob ahvolga kelgan emas. Yillar davomida nurab borayotgan bog‘ ko‘nglingizda achinish hissini uyg‘otadi. «Jizzaxlik» mahallasida yashovchi Saodat Kamolovaning fikrlari esa kishini o‘ylashga majbur etadi.

- Esimda, haftaning dam olish kunlari taniqli sa'natkorlar kelib shu bog‘da bepul konsertlar qo‘yishardi. Rahmatli ota-onam, jigarlarim bilan sayrga kelar edik. Shu yerdan o‘tar ekanman ko‘zlarimga yosh keladi – otam-onam yodimga tushadi. Men rahbarlarga shu savolni bermoqchiman - «O‘rda» bog‘i «o‘gay» bog‘mi? Axir bu Jizzax markazidagi yer jihatdan eng katta va qadimiy bog‘ bo‘lsa... Bog‘ atrofi-yu ichkarisiga kimdir to‘yxona, klinika, oshxona, sanatoriy, do‘kon qursa, daraxtlar kesilib ketaversa, bog‘dan nima qoladi? Rahbarlar biri kelib, biri ketaversa, bog‘ uchun kim jon kuydiradi? Nega biz nevaralarimizni olib Toshkentga yoki Samarqandga borishimiz kerak? Bog‘ elektr energiya ta'minotidan uzilgan. Kechasi bu yer zimistonga aylanadi. Har kim istagan ishini qiladi. Axir bu yer nafaqat bog‘, balki ziyoratgoh hamdir. Bog‘ ichida «Boboyakka» ziyoratgohi bor. Boz ustiga bu yerga ne-ne ulug‘ insonlar tashrif buyurmagan deysiz. Shu bog‘ni obod bo‘lishini istaymiz. Niyatimiz shu.

Bog‘ to‘g‘risida ma'lumot olish maqsadida unga mas'ul mutasaddilarni qidiramiz. Dastlab Jizzax viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bilan bog‘landik. Boshqarmadagilar bog‘ Jizzax shahar hokimligi tasarrufiga o‘tganligini bildirishdi. Shahar hokimiyati kotibiyatidagilar esa bog‘ viloyat madaniyat boshqarmasi balansida ekanligini aytishdi. Jizzax viloyati madaniyat boshqarmasi rahbari Kamol Faxradov esa «O‘rda» bog‘i viloyat hokimining qarori asosida «Lyuks Shedevr Garden» MChJga uzoq muddatga ijaraga berilganligini va yil so‘ngiga qadar obod bo‘lishini ta'kidlab o‘tdi.

Tadbirkorga kim madadkor?

«Lyuks Shedevr Garden» MChJ rahbari Elyor Zokirovdan muammo borasida ma'lumot olish ilinjida qo‘ng‘iroqlashdik. Tadbirkor qo‘ng‘iroq sababini anglagach, Toshkentda ekanligini, ammo barcha ishini tashlab hoziroq Jizzaxga yetib borishini ta'kidladi. Suhbat davomida esa tadbirkorning nega biz bilan uchrashishga oshiqqanligi sababini anglagandek bo‘ldik.

- Yurtdoshlarimizning madaniy hordiq chiqarishlari, bo‘sh vaqtlarini sermazmun o‘tkazishlari, shahrimiz markazining turistik jozibadorligini oshirish maqsadida  bog‘ni obod qilishga bel bog‘ladim. Sizga yolg‘on menga chin, bu ezgu harakatni boshlaganimga bir yarim yildan oshiq vaqt o‘tdi.

Shu vaqt mobaynida men yig‘magan hujjat, imzolatmagan xat, kirmagan idora qolmadi. Vazirlar Mahkamasining ruxsati kerak, uni kutyapmiz. Kredit uchun garov ham bor. Hujjatlar tayyor. Mana, chexiyalik investorlar bilan shartnoma tuzdik. Ular tomonidan kiritilishi lozim bo‘lgan mablag‘ ham kelishildi. Shuningdek, chexiyalik bo‘lajak hamkorlarimiz viloyatimizdagi ichimlik suvi muammolarini hal qilish bo‘yicha bir necha takliflar kiritishdi. Aynan shu bog‘ni loyihasi uchun 400 million so‘m sarflandi. Loyihaga ko‘ra, ushbu dam olish maskanida amfiteatr, milliy kutubxona, ovqatlanish shoxobchalari, veloyo‘lakchalar, basseyn quriladi. Investorlar, ishchilarimiz, o‘zimiz ham tayyormiz. Faqat hali-hamon imzo kutib sarsonmiz. Qani edi shu sarsongarchiliklar tugasa, tezroq kredit olsagu ishni boshlasak. Gapning qisqasi tadbirkorga madad kerak, bo‘lmasa bari bekor. Aytgancha, qarorda qayd etilgan muddat o‘tib ketyapti. Men hali-hamon hujjat yig‘ish bilan ovoraman.

Anglaganingizdek, barchaning bog‘ bilan bog‘liq muammoga o‘z fikri, sabab va vajlari bor. Suhbatdoshlarimizning fikrini eshitar ekanmiz, to‘g‘risi, Kamol Faxradov aytganidek, yil so‘ngigacha bog‘ obod bo‘lishiga ishonmadik. Bu borada tegishli mutasaddilarning fikri qanday? Bog‘ qachon obod bo‘ladi? Yurtdoshlarimizning orzu-istaklari amalga oshadimi? «Turli yo‘llar» bilan bog‘ ichiga «suqilib» kirgan klinika, sanatoriy va hokazolarning faoliyati o‘rganiladimi?

Xulosa o‘rnida shunday deymiz. «O‘rda» bog‘iga rahbarlarimiz o‘gay ko‘z bilan qarashmasin. Ne-ne ulug‘ insonlarga beshik bo‘lgan Jizzaxning qadimiy bog‘i egasiz qolmasin. KUN.UZ esa bu masala yuzasidan mutasaddilarning fikrini va muammoga amaliy yechimini kutib qoladi. Demak, voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Gulchehra Sharipova

Mavzuga oid