Jahon | 21:18 / 29.10.2018
33109
2 daqiqa o‘qiladi

Muammar Qazzofiyning muzlatilgan hisob raqamlaridan milliardlab yevro yo‘qoldi

Belgiyada Liviyaning sobiq rahbari Muammar Qazzofiyning muzlatilgan hisob raqamlaridan bir necha milliard yevro yo‘qoldi. Bu haqda RTBF teleradiokompaniyasi efirida ma'lum qilindi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Euroclear bankidagi muzlatilgan hisob raqamlaridan 3 mlrddan 5 mlrd yevrogacha pul yo‘qolgan. Taxminlardan biriga ko‘ra, bu pullar Liviyadagi guruhlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi mumkin.

Kazzofiyning aktivlari uning o‘limidan keyin 2011 yilda BMT Xavfsizlik kengashi va Belgiyadagi 4 ta bank tomonidan muzlatilgan. 

Belgiya federal parlamenti deputati Jil Kine BMT Kazzofiyning hisob raqamidan pullar yo‘qolgani yuzasidan tergov olib borayotganini ma'lum qilgan. Uning aytishicha, BMT hujjatlari Belgiya tomonidan Liviya aktivlarining muzlatilishi bo‘yicha qarorga amal qilinmaganidan darak beradi. 

“Biz katta mojaroga aylanib ketishi mumkin bo‘lgan vaziyatga oydinlik kiritmoqchimiz, chunki yuzlab million yevrolar Liviyadagi noma'lum kimsalarga jo‘natilgan”, deb aytgan deputat.

Joriy yilning 8 martida Belgiyada Qazzofiyga yaqin odamlar hisob raqamlaridan 10 mlrd yevrodan ko‘proq pul yo‘qolgani ma'lum qilingandi. Ushbu pullar 2013 yildan 2017 yilgacha davr ichida yo‘qolgan.

Kazzofiy Liviyaga 40 yildan ko‘proq boshchilik qilgan. U 2011 yil oktabrda davlat to‘ntaruvi va Liviyaga NATO qo‘shinlarining kirishi vaqtida o‘ldirilgan. Bu keyinchalik Liviyaning parchalanishi va fuqarolik urushiga olib kelgan.

Mavzuga oid