Jahon | 17:01 / 01.11.2018
15278
3 daqiqa o‘qiladi

AQShning Eronga qarshi sanksiyalari yo‘lidagi jiddiy to‘siqlar ma'lum qilindi

Foto: Getty Images

Tehronga qarshi sanksiyalarni joriy qilish uchun belgilangan muddatdan bir hafta oldin Amerikaning Eron bo‘yicha kampaniyasi jiddiy muammolarga duch kelmoqda, deya yozadi The New York Times.

Sentyabr oyida AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatlarni Erondan neft sotib olishni qisqartirishga chaqirdi, shuningdek, 5 noyabrdan boshlab Tehronga qarshi sanksiyalar joriy etilishi haqida ogohlantirdi.

«Biz barcha davlatlardan Eron rejimini yakkalatib qo‘yish haqida so‘raymiz. Bu uning tajovuzkor siyosati to‘xtamagunga qadar davom etishi kerak», - dedi Tramp BMTda nutq so‘zlab.

Ammo hozirda AQShning Eronga nisbatan sa'y-harakatlari yo‘lida jiddiy to‘siqlar bor. Xususan, Eron neftining eng yirik sotib oluvchilari bo‘lgan Xitoy va Hindiston katta xaridlarni amalga oshirishni davom ettirish niyatida, Turkiya va Rossiya esa, katta ehtimol bilan, ular kabi ish tutadi. Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya Tehron bilan biznesni davom ettirishga va'da bergan, deya eslatadi nashr.

Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni - AQShning Eronga qarshi sa'y-harakatlaridagi eng muhim sherigi - o‘zi sanksiyalar ostida qolishi bo‘yicha tahdidga duch keldi - bu kongressda faol muhokama qilinayotgan savol. Bundan tashqari, Saudiya davlati The Washington Post’ning saudiyalik muxolif jurnalisti Jamol Qoshiqchi podshohlikning Istanbuldagi elchixonasi binosida o‘ldirilgach, xalqaro hamjamiyat g‘azabiga duchor bo‘ldi, deb yozadi gazeta.

Shunga qaramay, ekspertlarning ogohlantirishicha, Amerika sanksiyalari kuchga kirgan taqdirda ham, sotilayotgan neft eksporti Eronga mamlakat iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron prezidenti AQShdan qo‘rqmasligi haqida ma'lum qilgandi.

Reuters xabariga ko‘ra, Eron prezidenti Hasan Ruhoniy mamlakat Qo‘shma Shtatlar tomonining yangi sanksiyalaridan qo‘rqmasligi haqida ma'lum qildi. Ta'kidlanishicha, Eron neft sektoriga yo‘naltirilgan Amerika tomonining yangi sanksiyalari shu yil 4 noyabrida joriy qilinishi kerak. Ruhoniyning so‘zlariga ko‘ra, ular Vashingtonning Tehronga nisbatan adolatsiz munosabati bo‘yicha yana bir misolga aylanadi.

Mavzuga oid