Sport | 14:26 / 01.11.2018
21665
16 daqiqa o‘qiladi

Chempion hikoyalari. Pele laqabining kelib chiqishi, Garrinchaning «qovuni» va boshqalar haqida

Futbol qiroli Pele 23 oktabr kuni 78 yoshini qarshi oldi. Qo‘yida siz ThePlayersTribune loyihasi ijodkorlari yordamida tayyorlangan maktubni havola qilamiz. Bu xatda bugungi Pele o‘zining besh yoshli paytiga, Bauru shaharchasidagi Edson ismli bolakayga xitob qiladi. 

Qadrli, Edson. Yoki Diko... Oilangdagilar seni shunday deb chaqirishni yaxshi ko‘rishadi. Meni yaxshilab eshit. 

Sizlar Tres Korasoynsdan ko‘chib ketayotganlaringda, oyingning eski paypoqlarini ham o‘zing bilan olishni unutma. Sen hali yoshsan, hali beshga ham kirganing yo‘q, balki tushunmaysan, ammo buni unutma. Agar esingdan chiqsa, balki butun hayoting boshqacha bo‘lib ketishi mumkin. 

Sizlar Bauru deb nomlangan judayam kichkina shaharga ko‘chib kelasizlar. Buning sababi, otang – futbolchi, u «Bauru Atletiko» klubida o‘ynashi kerak. U yerda juda kichik uylaring bo‘ladi. Shu darajada kichikki, akang bilan bir karovatda yotishlaringga to‘g‘ri keladi. Bu juda noqulay, lekin boshqa tarafdan, bunday narsalar u bilan juda yaqin bo‘lishlaringga ham sabab bo‘ladi.  

Hovlida maysa yo‘q. Faqat tuproq va loy. Bu sening ilk futbol maydoning bo‘ladi. Keyin boshqachalarini ham ko‘rasan, katta maydonlarda o‘ynaysan, bu haqida keyinroq aytib beraman. Hozircha bori shu, o‘rtoqlaring bilan bambuk shoxlarini kesib, darvoza yasaysizlar. To‘p sotib olish uchun pullaring yo‘q. Boya paypoq haqida shuning uchun aytgandim. Paypoq ichiga eski gazetalarni to‘ldirib, to‘p yasash mumkin. 

To‘g‘ri, bunday to‘plar u qadar yumaloq bo‘lmaydi. Ammo chidasa bo‘ladi. Sizlar erta-yu kech maydonda to‘p tepasizlar va hamma sizlarni The Shoeless Ones deb ataydi. Menimcha, hozir bu xatni o‘qishdan to‘xtab, borib oyingdan kechirim so‘ra. Chunki hali juda ko‘p marta uning paypoqlarini ishlatishingga to‘g‘ri keladi. 

Eh, oyi... U juda ajoyib ayol. Buni senga yozayotganimda u 99 yoshga kirdi, lekin hozir ham undan qo‘rqaman. Oldiga borib biror mavzuda gap ochsam, «bu yer mening uyim va mening aytganim bo‘ladi» deydi nuqul. U doim oilada xo‘jayin bo‘lgan. Otang asosan futbol jamoasi bilan safarlarda bo‘ladi. Sizlar uchun qayg‘uradigan, ozgina pulni sen, akang va singlingning yeb ichishi, kiyinishi va kitoblari uchun yetkazishga urinadigan asosan oying bo‘ladi. U sizlarga juda ko‘p muhim narsalarni o‘rgatadi.

Masalan, mango voqeasi. Qo‘shningnikida mango daraxti bor. Bir kuni uyga mango ko‘tarib kelasan. Oying sendan so‘raydi: «Diko, bu mangoni qayerdan olding?». 
-    Buni men yo‘lning narigi tarafidagi Donna Mariyalarnikidan oldim.
-    Lekin sen undan ruxsat so‘radingmi?
-    Ha, albatta, albatta.
-    Yaxshi, Diko, ketdik, Donna Mariyadan so‘rab kelamiz.

Ha, uni aldab bo‘lmaydi. Keyinroq bu voqeani eslab, uyalib qolasan. Bu juda katta dars bo‘ladi – gap bu yerda mangoda emas, Edson. Bu yerda muhimi boshqalarni hurmat qilish. 
Endi otang haqida gaplashamiz. U sening ko‘chada futbol o‘ynashingni tomosha qilib o‘tiradi. Sen ba'zida bir, ikki, hatto to‘rttalab gol urasan, ammo hech qachon uning ko‘ngli to‘lmaydi. Doimo sening o‘yiningdan biror kamchilik topib, qayerda qanday harakat qilishing kerakligini aytaveradi. Ko‘pincha uning tanbehlarini tushunmay turaverasan. 
«Yo‘q, unaqa demoqchi emasman, sen faqat gol urishni emas, boshqa harakatlarni ham o‘rganishing kerak». Bu o‘sha paytda aytilgan gap, lekin esingdan chiqmaydi. Chunki oradan yillar o‘tib, «Santos» bilan chempion bo‘lgan paytlaringda ham otang yana shu fikrlarni aytib turaveradi. U doimo o‘yiningdan kamchilik topa oladigan yagona inson. 
-    Sen mana bu yerda noto‘g‘ri tomonga yugurding, nimaga?
-    Dada, lekin biz 4:1 hisobida yutdik-ku?
-    Sen yanada yaxshiroq o‘ynashing mumkin edi, shunga harakat qilishing kerak. 

Har doim shu ahvol. U bir o‘yinda beshta gol urgan. Braziliyada rekord hisoblanadi. Sen esa...

Bir kuni 1000-golingni urasan. Penaltidan bo‘lsa ham, axir yubiley gol, o‘z jamoang muxlislaridan tortib, butun dunyo seni kuzatmoqda, bu golni urishingni istamoqda. Haqiqiy bayram. Golni urasan, hamma xursand, senga sovrin berishadi, hamma yerda rasmlaring tarqab ketadi, tarix kitoblariga kirasan. Ayni shu pallada esa, otang qulog‘ingga shivirlaydi: «Men bir o‘yinda beshta gol urganman, sen esa yo‘q!»

Kulib yuborasan, lekin u doim senga motivatsiya topib bera oladigan, shu darajaga yetishingga sababchi bo‘lgan inson, shunday emasmi? Sen doimo uni dunyodagi eng zo‘r futbolchi deb hisoblaysan va doim u kabi o‘ynashga harakat qilasan. Sen otangning o‘sha natijasini qaytara olmaysan, lekin shunchalik ko‘p gol urasanki, Pele nomini butun dunyo eshitadi. 

Pele? Kim u Pele? Axir sening isming Edson, amerikalik mashhur ixtirochi Tomas Edison sharafiga ota-onang senga shu ismni qo‘yishgan. Sen o‘z isming bilan faxrlanasan, bilaman: Edson Arantes du Nasimentu. Ammo...

«Atletiko Bauru»da bir darvozabon bor, ismi Bile. Bir kuni maktabda o‘rtoqlaring bilan gaplashib turib, «Pelening seyvini ko‘rdinglarmi?» deb yuborasan. «Uning ismi Pele emas, Bile» – deb kulishadi o‘rtoqlaring. 

Shu-shu ular sening jig‘ingga tegaverishadi, «Pele» deb chaqirishadi. Bu hazillar senga shunchalik yoqmaydiki, bir kuni hatto katta urush bo‘lib ketadi. Maktabda seni ikki kunga haydab yuborishadi. Bu haqida oying eshitsa bormi.. Eh, bechora bola...

Shu kundan e'tiboran, butun maktabga sen Pele nomi bilan tanilib ketasan. Ammo hech qachon Edson ismli bolakayni unutma! O‘sha bolani doim qalbingda va aqlingda saqla, tushundingmi?

13 yoshda jiddiy ravishda futbol bilan shug‘ullana boshlaysan. Otangning jamoasi bo‘lmish «Bauru»ning yoshlar tarkibida o‘ynaysan, sen uchun yangi davr boshlanadi. Aynan shu yerda dastlabki pullaringni ham topasan. Katta futbolchilarning oyoq kiyimlarini tozalab, ulardan bir ikki tanga ishlaysan. Katta pullar emas, lekin yig‘ib, endi nihoyat haqiqiy to‘p sotib olish mumkin. 

Keyin esa, Valdemar De Brito bilan tanishasan. U sen uchun juda muhim inson, chunki aynan u tufayli sen «Santos» bilan bog‘lanasan. 

«Pele, sen juda yaxshi futbolchi bo‘lib yetishishing mumkin. Ammo hech qachon sen o‘zingni eng zo‘r deb o‘ylamagin. Hech qachon o‘zingni Xudo deb bilmagin. Qo‘lingga katta pullar kelganida, kelajak uchun saqlab qo‘ygin, darrov sigaret yoki kofe sotib olishni xayolingga keltirma. Doim o‘sha Baurudagi bolakay bo‘lib qolishing kerak».
Bu gaplarni unutma.   

«Santos» yaxshiroq. Sen bu yerda yigirma yilga yaqin to‘p surasan. Senga dunyoning juda ko‘p mashhur klublaridan takliflar tushadi, «Milan», «Real» kabi jamoalar seni o‘z safida ko‘rishga oshiqadi. Ammo sen rozi bo‘lma. Qaytaraman, hech qayerga ketma. Axir bu yer qalbingga yaqin, sen «Santos»dagi do‘stlaring bilan nafaqat Braziliya va Janubiy Amerikada, balki butun dunyoda eng kuchli jamoaga aylanasiz. 1962 yilda Qit'alararo kubokni qo‘lga kiritasiz, bir necha bor Braziliya chempioni bo‘lasiz. Dunyo bo‘ylab sayohat qilib, o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushasizlar. Hatto bir marta sening o‘yiningni tomosha qilish uchun Kongoda urushni to‘xtatib turishadi. 

Bundan tashqari, terma jamoa ham bor. Sen 17 yoshingdayoq Braziliya safida Shvetsiyaga, jahon chempionatiga tashrif buyurasizlar. Ha, aytgancha, yana bir voqeani gapirib beray. 

O‘sha paytlarda batareyaga ishlaydigan radiolar endigina chiqqan, hali bunaqasi Braziliyada yo‘q. Shvetsiya magazinlaridan birida o‘shanaqa radio senga yoqib qoladi. Radiodan qandaydir shved boshlovchisining ovozi yangrayotgandi.  
-    Pele, buni nimasini eshityapsan? – deb hayron bo‘ladi Garrincha.
-    Ajoyib narsa ekan! Men buni sotib olmoqchiman.
-    Yo‘q, yo‘q, nima qilasan? Axir nima deyayotganini tushunib bo‘lmayapti-ku?
Eh, u bilmaydiki, radioni Braziliyaga olib borsak, o‘z mamlakatimizdagi to‘lqinlar ushlanadi va u yerda portugal tilida gapirishadi. Garrincha buni bilganida, ustidan shunaqa kulasanki...

Qayg‘uli tomoni shundaki, sen xuddi hamma sening mamlakating haqida biladi deb o‘ylaysan, ammo unday emas. Bu seni xafa qiladi. Hech kim Braziliya qayerdaligini bilmaydi, «Bu qayer, Argentinada joylashganmi?». Sen kulib qo‘yasan, ammo ichingda xomush tortasan – nahotki odamlar mening uyim, mening vatanim haqida hech narsa bilmasa?

Ammo xavotirlanma! 1958 yilni Jahon kubogi finalidan keyin hamma bilib oladi. 

Chunki sizlar u yerda chempion bo‘lasizlar. Bu rost. Bu sening uch chempionligingdan birinchisi bo‘ladi. O‘yin tugagach, sen o‘zingni yerga tashlab, yotib olasan. Bu lahzalarni so‘zlar bilan tasvirlab bera olmayman. Jamoadoshlaring seni turg‘azishganda, yig‘layotgan bo‘lasan. Edson, sen keyin ham ko‘p yig‘laysan, umuman juda hissiyotli odamsan, sal narsaga yig‘i kelaveradi. 

Jahon kubogi – faqat sen uchun emas, butun mamlakating uchun orzu. 1970 yilda ham yig‘laysan, endi bu safar sen uchun so‘nggi jahon chempionati yakunlanayotgan bo‘ladi. Bu ko‘z yoshlar sal farqliroq. Bunisi qiyinroq. Tangridan bu sen uchun so‘nggi imkoniyat ekanligini, bu yerda g‘alaba qozonishga madad berishini so‘rab yolvorgin.  

Futbolni tark etganingda, eslaganda seni entiktiradigan juda ko‘p voqealarni boshdan kechirgan bo‘lasan. Masalan, gol urib, odamlar orasiga yugurganingda, baxtdan mast bo‘lgan yoki quvonch ko‘z yoshlari oqayotgan xursand chehralarni ko‘rish... Bu onlar sening odamlar uchun naqadar ahamiyatli ekaningni isbotlaydi go‘yo.  

Yana bir voqea borki, hech qachon esingdan chiqmasa kerak. 1968 yilda Kolumbiyadagi o‘yinda bo‘lgan voqea. O‘yin paytida jamoadoshing Koutino va kolumbiyalik futbolchi tortishib ketadi. Ko‘pchilik qatori sen ham vaziyatga aralashib, ularni ajratib qo‘yishga harakat qilasan. Ammo hammasi tinchigach, qarasang, hakam senga qizil kartochka ko‘rsatib turibdi. 

Sen yomon ish qilmaganingni har qancha tushuntirsang ham, hakam ishonmaydi, chunki Koutino ham senga o‘xshab ketadi. Hakam janjalni sen boshlagansan, deb o‘ylayotgandi. Sen jahl bilan maydonni tark etasan, yechinish xonasiga kirib, butsalaringni yechayotganingda tashqaridan g‘alati ovozlar kela boshlaydi. Bir payt murabbiy orqangdan shoshilgancha yugurib keladi. 
-    Pele, qayt, maydonga qaytishing kerak! 
-    Nima? Men qaytolmayman, axir qizil kartochkam borku?
-    Yo‘q, tushunmayapsan. Oyog‘ingga kiy, muxlislarni tinchitib bo‘lmayapti, ular seni qaytarishlarini talab qilishyapti.
Bunaqasi bo‘lmagan. Muxlislar sening chiqib ketganingni ko‘rib, hakamning xatosidan norozi bo‘lishgan va seni qaytarishlarini so‘rab turib olishgan. Xato qilgan hakamni esa, boshqasiga almashtirishibdi. Tomoshabinlar, aslida raqib jamoaning muxlislari bo‘lsa-da, bunga rozi bo‘lishmagan, ular sening o‘ynashingni ko‘rgani yig‘ilishgandi.  

Sen maydonga qaytganingda, butun stadion olqishlay boshlaydi. Ko‘ryapsanmi, bu sening odamlar uchun juda muhim ekaningni ko‘rsatadi. 

Xudo senga ajoyib taqdir in'om etdi. Sen undan minnatdor bo‘lishing kerak. Va albatta, Undan yana bir narsani doim so‘ra, duo qil. Har kuni. 

Bilasanmi, braziliyaliklar juda ajoyib odamlar. Bizda ajoyib ovqatlar, musiqa, madaniyat bor. Ammo muammolar ham ko‘p. Jinoyatchilik va kambag‘allik hali ham ko‘p. Oradan shuncha yil o‘tib, mana, Edson, men senga bularni yozayotgan paytimda ham ko‘p narsa o‘zgarmagan.  

Sen Xudodan Braziliya yaxshiroq bo‘lishini so‘ragin. Hozir ham Braziliyada oyoqyalang to‘p tepib yurgan bolakaylar bor. Hozir ham puliga to‘p sotib ololmay, paypoqlardan to‘p yasab yurganlar bor, Hozir ham u yerda mango o‘g‘irlab yurishibdi. Bu juda qayg‘uli... Futbol ularning hammasiga senga bergan narsalarni bera olmaydi. 

Eng baxtli oning qaysi aytaymi? Tug‘ilgan payting... Chunki sen ajoyib oilada dunyoga kelding, ular senga yaxshi munosabatda bo‘lishdi, o‘qitishdi. Shuning uchun ham, hozirgacha qaysi mamlakatga borsang, eshiklar ochiq. Insonlar senga juda katta muhabbat bilan yondashishdi, sen ham ularga javob berish uchun qo‘lingdan kelganini qilishing lozim. 

Doim o‘sha braziliyalik bolakay bo‘lib qol. Edson bo‘lib qol. Uch so‘zni yodingdan chiqarma: halollik, sabr va hurmat.

Edson Arantes do Nasimento/ThePlayersTrubune

Mavzuga oid