Bir yil muqaddam yo‘g‘on ichakdagi o‘simtasini jarrohlik yo‘li bilan oldirib tashlagan 82 yoshli Pele 29 noyabr kuni San-Pauludagi shifoxonaga yotqizilgandi, o‘shanda bu har oydagi odatiy tashrif ekani aytilgandi.
O‘tgan haftada Pelega nafas yo‘llari infeksiyasi tashxisi qo‘yildi, juma kuni San-Pauludagi Albert Eynshteyn shifoxonasida uning holati barqarorlashgani xabar qilindi.
Ammo 3 dekabr kuni Braziliyadan Pele endi ximiyaterapiyaga reaksiya qilmayotgani va palliativ (bemorga vaqtincha yengillik beruvchi dori yoki vosita) kurs yordami olayotgani haqida xabarlar keldi.
Shanba kuni kechqurun San-Pauludagi shifoxonadan Pele «hamon davolanishda davom etayotgani va uning holati barqarorligicha qolayotgani» xabar qilindi.
Shanba kuni uning o‘zi «kuchli va umidga to‘la» ekani haqida xabar qildi. «Men har bir kishi xotirjam bo‘lishi va pozitiv qolishini istayman», deyiladi Pelening instagram sahifasida.
«Qirol uchun ibodat qiling»
Buyuk futbolchini qo‘llab-quvvatlash so‘zlari butun dunyodan kelmoqda.
«Qirol uchun ibodat qiling», - deya yozdi Fransiya termasi hujumchisi, ayni vaqtda jahon chempionatida ishtirok etayotgan Kilian Mbappe.

Jahon chempionatining uch karra g‘olibi 2021 yil sentabrida yo‘g‘on ichakdagi o‘simtasini jarrohlik yo‘li bilan oldirib tashlagan va shundan buyon doimiy ravishda davolanish kurslarini o‘tab kelayotgandi. 2022 yilda uchta xavfli o‘sma va siydik yo‘llari infeksiyasini davolash uchun ikki marta shifoxonaga yotqizilgan edi.
Shanba kuni Angliya terma jamoasi sardori Harri Keyn shunday dedi: «Uning kasalligi haqidagi haqidagi xabarni eshitib juda xafa bo‘ldik, ammo biz, butun Angliya terma jamoasi unga salomatlik tilaymiz. U ilhomlantiradi, aql bovar qilmas inson».
Germaniyalik sobiq jahon chempioni Yurgen Klinsmann shanba kuni BBC’ning jahon chempionati bo‘yicha efirida shunday dedi: «Pele - shunchaki ajoyib inson. Jahon futbolidagi tengi yo‘q shaxs. Biz shunchaki duoda bo‘lishimiz va yaxshilikdan umid qilishimiz mumkin, ammo bu juda qayg‘uli xabar».
Argentinalik sobiq himoyachi Pablo Sabaleta BBC efirida qo‘shimcha qildi: «Pele haqida bunday xabar eshitish juda qayg‘uli. U bizning barchamizni maydonda ham, undan tashqarida ham ilhomlantirgan. U hamisha buyuk inson bo‘lib qolgan».
















