Futbol qiroli Pele 23 oktabr kuni 78 yoshini qarshi oldi. Qo‘yida siz ThePlayersTribune loyihasi ijodkorlari yordamida tayyorlangan maktubni havola qilamiz. Bu xatda bugungi Pele o‘zining besh yoshli paytiga, Bauru shaharchasidagi Edson ismli bolakayga xitob qiladi. 

Qadrli, Edson. Yoki Diko... Oilangdagilar seni shunday deb chaqirishni yaxshi ko‘rishadi. Meni yaxshilab eshit. 

Sizlar Tres Korasoynsdan ko‘chib ketayotganlaringda, oyingning eski paypoqlarini ham o‘zing bilan olishni unutma. Sen hali yoshsan, hali beshga ham kirganing yo‘q, balki tushunmaysan, ammo buni unutma. Agar esingdan chiqsa, balki butun hayoting boshqacha bo‘lib ketishi mumkin. 

Sizlar Bauru deb nomlangan judayam kichkina shaharga ko‘chib kelasizlar. Buning sababi, otang – futbolchi, u «Bauru Atletiko» klubida o‘ynashi kerak. U yerda juda kichik uylaring bo‘ladi. Shu darajada kichikki, akang bilan bir karovatda yotishlaringga to‘g‘ri keladi. Bu juda noqulay, lekin boshqa tarafdan, bunday narsalar u bilan juda yaqin bo‘lishlaringga ham sabab bo‘ladi.  

Hovlida maysa yo‘q. Faqat tuproq va loy. Bu sening ilk futbol maydoning bo‘ladi. Keyin boshqachalarini ham ko‘rasan, katta maydonlarda o‘ynaysan, bu haqida keyinroq aytib beraman. Hozircha bori shu, o‘rtoqlaring bilan bambuk shoxlarini kesib, darvoza yasaysizlar. To‘p sotib olish uchun pullaring yo‘q. Boya paypoq haqida shuning uchun aytgandim. Paypoq ichiga eski gazetalarni to‘ldirib, to‘p yasash mumkin. 

To‘g‘ri, bunday to‘plar u qadar yumaloq bo‘lmaydi. Ammo chidasa bo‘ladi. Sizlar erta-yu kech maydonda to‘p tepasizlar va hamma sizlarni The Shoeless Ones deb ataydi. Menimcha, hozir bu xatni o‘qishdan to‘xtab, borib oyingdan kechirim so‘ra. Chunki hali juda ko‘p marta uning paypoqlarini ishlatishingga to‘g‘ri keladi. 

Eh, oyi... U juda ajoyib ayol. Buni senga yozayotganimda u 99 yoshga kirdi, lekin hozir ham undan qo‘rqaman. Oldiga borib biror mavzuda gap ochsam, «bu yer mening uyim va mening aytganim bo‘ladi» deydi nuqul. U doim oilada xo‘jayin bo‘lgan. Otang asosan futbol jamoasi bilan safarlarda bo‘ladi. Sizlar uchun qayg‘uradigan, ozgina pulni sen, akang va singlingning yeb ichishi, kiyinishi va kitoblari uchun yetkazishga urinadigan asosan oying bo‘ladi. U sizlarga juda ko‘p muhim narsalarni o‘rgatadi.

Masalan, mango voqeasi. Qo‘shningnikida mango daraxti bor. Bir kuni uyga mango ko‘tarib kelasan. Oying sendan so‘raydi: «Diko, bu mangoni qayerdan olding?».