Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yengilmaslar ligasi. Angliyada tur voqealari
Dam olish kunlarida Angliya Premer-ligasida 11-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Turning markaziy uchrashuvi bo‘lgan «Arsenal» va «Liverpul» to‘qnashuvida kuchlar teng keldi. Ikki jamoa ham mag‘lubiyatsiz seriyasini davom etdi. «Manchester Siti» va «Chelsi» ham bu turda g‘alabali seriyalarini davom ettirishdi, bu ikki jamoa ayni vaqtda turnir jadvalida birinchi va ikkinchi o‘rinlarni bo‘lishib turibdi. Quyida «Tribuna» turning asosiy voqealarini keltiradi.
«MYu»dan yana irodali g‘alaba
BORNMUT – MANCheSTeR YuNAYTeD – 1:2
Gollar: Uilson (11) – Marsiyal (35), Reshford (90+2)
«Manchester Yunayted» asta-sekinlik bilan top-6’ga yaqinlashmoqda. So‘nggi to‘rt o‘yindagi uch g‘alaba o‘z mevasini bermay qolmadi va endi Mourino shogirdlarini 6-o‘rindan faqat to‘plar nisbati ajratib turibdi.
Aslida hammasi juda yomon bo‘lishi mumkin edi, zero «Bornmut»ga qarshi o‘yinni ham «iblislar» juda passiv boshlashdi. Dastlabki 30 daqiqada mezbonlar gol urishdan tashqari, yana to‘rt marotaba darvozaga aniq zarba bera olishdi, bu pallada «MYu»ning bu ko‘rsatkichi nolga teng edi. Negadir «Yunayted» so‘nggi paytlarda faqat ikkinchi bo‘limlarda o‘z o‘yinini ko‘rsata olyapti xolos – lekin buyuk motivator sifatida nom qozongan Mourino tanaffusda aytayotgan gaplarini o‘yindan oldin aytishga nima xalaqit beryapti ekan-a?
Marsiyalning birinchi bo‘limda hisobni tenglashtirishi «Bornmut»dagi ko‘tarinkilikni biroz pasaytirgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘limda ancha charchab qolgan mezbonlarni mag‘lub etishga faqat vaqt xalaqit berishi mumkin edi. Aytgancha, fransiyalik hujumchi so‘nggi 4 APL o‘yinida 5 gol urdi va asosiy tarkibda Sanches emas, aynan u o‘ynashi kerakligini isbotlamoqda. Marsiyal o‘z faoliyatida ilk bor qatorasiga to‘rt o‘yinda gol urdi. Ammo bu safar tarkibda Sanchesga ham, Marsiyalga ham joy topilgandi – «Bornmut»ga qarshi o‘yinlarda muntazam gol uradigan Romelu Lukaku mashg‘ulotlardan biridan so‘ng betob bo‘lib qolgandi.
G‘alaba goli esa, o‘sha vaqt nihoyasiga yetib borayotganda, hakam tomonidan qo‘shilgan daqiqalarning yarmi o‘tib bo‘lganida ikkinchi bo‘limda maydonga tushirilgan Markus Reshford tomonidan urildi. Mourino jamoasi «Nyukasl», «Chelsi» va mana «Bornmut» bilan o‘yinda juda qiyin boshlangan o‘yinni burib, o‘z foydalariga o‘zgartira olyapti. Ammo o‘yinni kuchli boshlab, belgilangan vazifani asabbuzarliklarsiz hal qilishga kelganda, hali jamoa oqsamoqda.
Shriva, sening xotirang uchun!
KARDIFF – LeSTeR – 0:1
Gol: Grey (55)
«Lester»ning halokatdan keyingi ilk o‘yini hissiyotlarga juda boy bo‘ldi. Chigalyozdi mashqlari chog‘ida jamoa futbolchilari Vishay Shrivaddanapraxba rasmi tushirilgan futbolkalarda maydonga tushishdi. Ularga tribunadagi muxlislar ham qo‘shilishdi.
O‘yindan oldingi xotira marosimida esa, Kardiff stadionida mudhish halokatning boshqa qurbonlari ismi ham birma-bir yod etildi va stadion tablosida ularning suratlari ko‘rsatildi. Aksariyat «Lester» futbolchilari, ayniqsa, Kasper Shmeyxel ko‘zlaridagi yoshni tutib tura olmadilar. Bir daqiqalik sukut chog‘ida nafaqat asosiy tarkib futbolchilari, balki klubning butun murabbiylar shtabi va personali ham futbolchilar bilan yelkama-yelka turishdi. Barcha o‘yindan keyin Tailandga, barcha uchun aziz bo‘lgan marhumning dafn marosimiga otlandi.
Grey hisobni ochgach, futbolkasini yechib, Vishayning xotirasiga bag‘ishlangan yozuvlarni namoyish qildi. Balki bunday o‘yin ruhiyatiga mos emasdir, ammo qoida bu qoida, unga sariq kartochka ko‘rsatildi. Umuman, Vishay Shrivaddanapraxba bu jamoasidan faxrlangan bo‘lardi - bunday o‘yinni futbolchilar g‘alabasiz yakunlay olishmasdi. Ular maydonda atigi o‘n bir kishi emasdek edilar xuddi.
G‘alabani futbolchilar mezbon fanatlar sektorida o‘z muxlislari bilan nishonlashdi. Uzoq vaqt Vishayning rasmi tushirilgan banner ko‘tarilib, uning ismi jaranglab turdi.
That was for the boss. pic.twitter.com/JHY9SmLp8q
— ESPN FC (@ESPNFC) November 3, 2018
Simply amazing. pic.twitter.com/eDsnrRSq1G
— Leicester City (@LCFC) November 3, 2018
Darvoqe, 11 turdan keyin «Lester» barcha o‘yinda gol ura olgan yagona jamoa bo‘lib qolmoqda.
«Manchester Siti»ni kim to‘xtatadi?
MANCheSTeR SITI – SAUTHEMPTON – 6:1
Gollar: Xoydt (6, atvogol), Aguero (12), Davil Silva (18), Sterling (45, 67) Sane (90) – Ingz (30, penaltidan)
«Shaharliklar» De Bryuynesiz shu qadar ko‘p o‘ynadilarki, natijada, bemalol, yetakchi futbolchisisiz ham juda kuchli o‘yin ko‘rsata olmoqdalar. «Sauthempton»ning himoyasini o‘sha kuni sezib bo‘lmay ham qoldi, ayniqsa, bu yerda Serxio Aguero ahamiyatli rolni ijro etdi.
Serxio Aguero bu o‘yinda o‘zining APLdagi 150-golini urganini alohida e'tirof etish kerak. Argentinalik hujumchi shu tariqa, legionerlar ichida faqat Terri Anridan ortda qolmoqda xolos. Anrida 175 gol bo‘lganini e'tiborga olsak, Aguero hali bu tempda undan ham, hatto 185 gol bilan barcha bombardirlar ichida 2-o‘rinda borayotgan Ueyn Runidan ham o‘zib ketishi mumkin.
Yana bir qiziq fakt, Pep Gvardiola Angliyaga tashrif buyurganidan beri, jamoa 12 marotaba bir o‘yinda besh va undan ortiq gol urib g‘alaba qozonmoqda. «Manchester Siti»dan bu ko‘rsatkich bo‘yicha keyingi o‘rinda turgan jamoalarda bunday o‘yinlar 6tadan oshmagan. Qizig‘i, qo‘shnilar – «Manchester Yunayted» 2013 yildan beri bir o‘yinda 5ta gol ura olmayapti. Oxirgi marta «MYu» Aleks Fergyusonning eng oxirgi uchrashuvida, 2013 yilning may oyida 5ta gol urgandi. Shundan buyog‘iga «Siti»da 21 marotaba mana shunday sermahsul o‘yin kuzatilganini ham ta'kidlab o‘tsak, rostdan ham Manchesterdagi futbol markazi tamomila o‘zgardimi?
An'analarga sobit qolib...
ARSeNAL – LIVeRPUL – 1:1
Gollar: Lyakazett (82) – Milner (61)
Har ikki raqibda ham o‘yin oldidan o‘ziga xos ijobiy seriya bor edi - «Arsenal» barcha musobaqalarda 13 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda, «Liverpul» esa, APLdagi joriy mavsumni mag‘lubiyatsiz o‘tkazyapti. Uchrashuv natijasi har ikki seriyani ham buzmadi, jamoalar qolgan joyidan yana davom ettirishlari mumkin. Ammo «Liverpul» so‘nggi daqiqalarda g‘alabani ushlab qola olmagani oqibatida, «Manchester Siti» endi ochkolar bo‘yicha ham turnir jadvalida peshqadam bo‘lib qoldi. «Chelsi» ham «Kristal Pelas»ni yengib, to‘plar nisbati yaxshiroqligi evaziga turnir jadvalida «Liverpul»ni quvib o‘tdi.
Jamoalar bittadan o‘yindan tashqari holatdan va yana bittadan «toza gol» urishdi. Avvaliga Bernd Lenoning xatosidan foydalanib, Jyeyms Milner hisolbni ochgan bo‘lsa, o‘yin oxirlarida Aleksandr Lyakazett hisobni tenglashtirdi. Aytgancha, bu gol Milnerning so‘nggi ikki yildagi o‘yindan kiritgan ilk goli bo‘ldi. Yarim himoyachi asosan o‘z gollarini penaltidan urib kelayotgandi.
«Arsenal» juda yaxshi formada va ular bilan durang natija doim qoniqarli» – deb izoh berdi Yurgen Klopp – «biz himoyada u qadar zich o‘ynay olmadik, shundan norozi bo‘ldim. Lekin to‘pga biz egalik qilganda, juda yaxshi o‘yin namoyish etdik, chiroyli gol urdik va bir qator xavfli hujumlar tashkil etdik».
Uning hamkasbi Uner Emeri esa, durangdan biroz norozi ekanini yashirmadi: «Men faqat qisman qoniqdim, ammo maydonga g‘alaba uchun tushganimizni e'tiborga olsak, vazifa bajarilmadi. Juda chiroyli o‘yin bo‘ldi, muxlislar bizga qo‘shimcha energiya berib turishdi, bundan xursandman. Yana yutqazmaslikda davom etamiz, «Sporting» va «Vulverhempton»ga qarshi o‘yinlar bilan biz o‘z maqsadimiz sari yana odimlaymiz» – dedi murabbiy VVS uchun bergan intervyusida.
Ma'lumot uchun, «Arsenal» mana yetti o‘yindirki, «Liverpul» ustidan g‘alaba qozona olmay kelmoqda. Demak, uchinchi an'ana ham bu safar buzilmay qoldi.
BOShQA O‘YINLAR:
EVeRTON – BRAYTON – 3:1
Gollar: Risharlison (26, 77), Koulman (50) – Dink (33)
NYuKASL – UOTFORD – 1:0
Gol: Ayoze Peres (65)
VeST HEM – BYoRNLI – 4:2
Gollar: Arnautovich (10), Filipe Anderson (68, 84), Chicharito (90+2) – Gudmundsson (45), Vud (77)
VULVeRHEMPTON – TOTTeNHEM – 2:3
Gollar: Neves (68, penaltidan), Ximenes (79, penaltidan) – Lamela (27), Moura (30), Keyn (61)
CheLSI – KRISTAL PELAS – 3:1
Gollar: Morata (32, 65), Pedro (70) – Tausend (53)
HADDeRSFILD – FULHEM o‘yini bugun tunda bo‘lib o‘tadi.
Q. Aslanov tayyorladi
Mavzuga oid
18:53 / 18.03.2025
Husanovning transfer narxi 35 million yevroga yetdi. Bu – Markaziy Osiyo uchun yangi rekord
17:30 / 31.10.2020
«MYu» «Arsenal»ga qarshi, «Liverpul» uchun jiddiy sinov. Hafta o‘yinlari anonsi
16:54 / 04.07.2020
Uchta chiptaga 7 da'vogar. APLda YeChL yo‘llanmasi uchun kimda qanday imkoniyat?
01:40 / 05.06.2020