UYeFA «Manchester Siti»ni ikki yilga yevrokuboklardan chetlatganini inobatga olsak, chempionga aylangan «Liverpul»dan boshqa jamoalar YeChL yo‘llanmasini naqd qilgani yo‘q. Shunday ekan, APL yakuniga 6 tur qolayotgan bir paytda qolgan 3ta yo‘llanma uchun 7ta klub da'vogar bo‘lib turibdi. Xususan, 3-o‘rindagi «Lester»ning karantindan keyin haligacha o‘ziga kela olmayotgani boshqa klublarga umid uchqunlarini yoqmoqda.  

3. «Lester» - 55 ochko

Bahorgacha 2-o‘rinda bo‘lgan Brendan Rojyers jamoasi «Manchester Siti» bilan kurashda bu o‘rinni yo‘qotgach, hozirga kelib 3-o‘rinni qo‘ldan chiqarishga yaqin turibdi. «Lester» Angliya Premer-ligasi doirasidagi so‘nggi g‘alabani bundan to‘rt oy oldin – mart oyida qo‘lga kiritgandi. Karantindan keyin o‘tkazgan 4ta o‘yinda ham ochkolarni boy bergan «tulkilar» bu ketishda Yevropa ligasi uchun yo‘llanmani ham boy berishlari mumkin. Sababi bu jamoaning mavsum yakunigacha bo‘lgan taqvimiga havas qilib bo‘lmaydi. Lesterliklar qolgan 6 o‘yindan 4tasini YeChL yo‘llanmasi uchun imkoniyatni saqlab qolgan jamoalarga qarshi o‘tkazishadi. Jumladan, «Arsenal», «Sheffild», «Tottenhem» va «MYu»ga qarshi bahslar APLning eng yaxshi to‘purari bo‘la turib, mart oyidan keyin gol urishni unutib qo‘ygan Vardi va uning jamoasi taqdirini hal etsa ajabmas.

«Lester»ning qolgan o‘yinlari:

33-tur: Lester – Kristal Pelas. 4 iyul

34-tur: Arsenal – Lester. 7 iyul

35-tur: Bornmut – Lester. 12 iyul

36-tur: Lester – Sheffild Yu. 15 iyul

37-tur: Tottenhem – Lester. 19 iyul

38-tur: Lester – MYu. 26 iyul

4. «Chelsi» - 54 ochko

«Chelsi» o‘z afsonasi Frenk Lempard boshqaruvida dastlabki yildayoq kutilgan natijani qayd eta oldi. Londonliklarning so‘nggi 5 o‘yinlik g‘alabali seriyasiga avvalgi turda «Vest Hem» chek qo‘ygan bo‘lsa-da, bu klub YeChL yo‘llanmasi uchun asosiy da'vogarlardan bo‘lib turibdi. «Chelsi» keyingi 6 o‘yindan 3tasini yevrokuboklardan umid qilayotgan klublarga qarshi o‘tkazadi. O‘tgan turda Mourino jamoasini ta'zirini bergan «Sheffild»ga safar qilinsa, bir hafta o‘tib «Liverpul» maydoniga boriladi, so‘nggi turda esa «chaqilmas yong‘oq» - «Vulverhempton» qabul qilinadi. So‘nggi turda nima bo‘lishini bilmaymiz-u, ayni damda «bo‘rilar» «aristokratlar»dan ikki ochko ortda qolishmoqda, xolos.