Jahon | 16:50 / 06.11.2018
7876
2 daqiqa o‘qiladi

Braziliyaning yangi prezidenti Xitoy va Kubadan norozi

Foto: Carl De Souza / AFP / Scanpix / LETA

Braziliyaning yangi prezidenti Jair Bolsonaru Xitoy investitsiyalari uchun sharoitlarni keskinlashtirish bilan tahdid qildi. Uning fikricha, Xitoy Braziliya suverenitetiga tahdid solmoqda.

«Xitoyliklar Braziliyada narsa sotib olishmayapti, ular Braziliyani sotib olishyapti», — degandi Bolsonaru saylovoldi kampaniyasida.

Xitoy 2009 yildan beri Braziliyaning eng yirik savdo hamkori hisoblanadi va o‘tgan yili ikki tomonlama savdo hajmi 75 milliard dollarni tashkil etdi.  

Bundan tashqari, keyingi o‘n besh yilda Xitoy Braziliyaga qariyb 125 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritdi.

Braziliya prezidentining fikricha, xitoyliklar ko‘p milliardlik investitsiyalardan mamlakatni nazorat ostiga olish uchun foydalanishmoqda. 

Bundan tashqari, aftidan Bolsonaruga Xitoy siyosiy tuzumi yoqmaydi, chunki saylovoldi kampaniyasi davrida u asosan kommunistlar va so‘l kuchlarni tanqid ostiga olgandi.  

Bolsonaru saylanganidan keyinoq «rivojlangan dunyo» bilan aloqalarni mustahkamlashini ma'lum qildi. U Tramp izidan ketayotganligini ko‘rsatuvchi bir nechta bayonotlar bilan chiqdi.

Birinchidan, Bolsonaru muntazam ravishda inson huquqlari buzilayotganligini ro‘kach qilib Kuba bilan diplomatik munosabatlarni saqlab qolishni shubha ostiga oldi. Tramp 2017 yilda Kubaga nisbatan siyosatni keskinlashtirgan va bu davlatga qarshi savdo embargosini tiklagandi.

Bundan tashqari, Braziliyaning yangi prezidenti Isroildagi elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirishga va'da berdi va bu bilan Quddusni Isroil poytaxti deb tan olishini ko‘rsatdi. Tramp bahorda AQSh elchixonasini Quddusga ko‘chirgan va bu falastinliklarning noroziliklariga sabab bo‘lgandi.

Braziliyalik ekspertlarning fikricha, Xitoy bilan iqtisodiy munosabatlarning yomonlashuvi Braziliyaning o‘ziga og‘riqli zarba bo‘lishi mumkin, shu bois ish bungacha yetib bormaydi. 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid