Jahon | 10:17 / 07.11.2018
11750
2 daqiqa o‘qiladi

Politsiyachilar o‘g‘irlab ketilgan 150 ming dollarlik protez qo‘lni egasiga qaytarishdi

Foto: Reddit

AQShning Boynton-Bich shahri politsiyachilari Kris Ruden ismli shaxsning avtomobilidan o‘g‘irlab ketilgan, qiymati 150 ming dollar turuvchi bionik qo‘lni topib, uni egasiga qaytarishdi. Protez qo‘lni topgan politsiyachilar esa “Reddit” portali “yulduzlariga” aylanib ketishdi.

Ruden jismoniy nuqson bilan dunyoga kelgan – uning chap qo‘li o‘ng qo‘lidan qisqaroq va unda bor-yo‘g‘i ikkita barmoq rivojlangan. Yigit ushbu nuqsonidan tushkunlikka tushmay, hattoki uni o‘zining ustun tomoniga aylantirgan – u motivatsiyalovchi notiq bo‘lib ishlaydi va nogironlikka ega boshqa odamlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Kris yuqori texnologik sun'iy qo‘lni bir yil avval olgan. 

Bunday qo‘lning narxi 150 ming dollar turadi, nogiron odamlar uchun esa bebahodir. Biroq afsuski, buni tushunmaydiganlar ham topilib, bir necha kun avval noma'lum kimsalar protez qo‘lni Krisning mashinasidan o‘g‘irlab ketishgan. Yigit darhol politsiyaga murojaat qilgan va tez orada qo‘l yo‘l chetidagi butalar orasidan topilgan. Ko‘rinishicha, jinoyatchilar birovning protez qo‘lini sotolmasliklarini anglab yetib, undan qutulishni ma'qul ko‘rishgan.

Protez qo‘lga kichik shikast yetgan, undagi jimjiloq singan. Biroq Kris shunga qaramay, qo‘li topilganidan xursand bo‘lgan, chunki bu qo‘l unga ijtimoiy dastur doirasida tekkan va uning o‘zi uni sotib olishga qurbi yetmasdi. Krisning sevgan yori uning politsiyachilar bilan tushgan suratini Reddit’da joylashtirgan va surat 100 mingdan ko‘proq layk to‘plagan. 

Mavzuga oid