Jamiyat | 19:48 / 10.11.2018
3217
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Hindistonning Integral universiteti bilan AKT sohasida hamkorlik qiladi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov Hindistonning Integral universiteti asoschisi va rektori Said Vasim Axtar boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda AKT sohasida xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali, birinchi navbatda, dasturiy ta'minot ishlab chiqish, axborot tizimlarini va kompyuter tarmoqlarini boshqarish yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash sohasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi. Bunda Hindistonning ilg‘or tajribasini tatbiq qilish muhim o‘rin tutishi qayd etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston prezidentining yaqinda Hindistonga davlat tashrifi doirasida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi AKT sohasida hindistonlik hamkorlar bilan bir qator shartnomalar, xususan, texnoparklarni rivojlantirish, AKT sohasida kadrlarni tayyorlash, elektron hukumatni rivojlantirish, tinchlik maqsadlarida kosmik tadqiqotlar va boshqa bir qator shartnomalar imzolangani qayd etildi. Ayniqsa, Hindiston bilan AKT-ta'limi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi.

Hindistonning Integral universiteti mamlakatning obro‘li oliy ta'lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Mazkur universitetga 2004 yili Lakxnau shahrida asos solingan. Hozirgi kunda universitetda 9,8 mingdan ortiq talaba arxitektura, kompyuter ilmi, iqtisod, tijorat, madaniyat va boshqa sohalardagi 150 dan ortiq ta'lim dasturlari bo‘yicha tahsil olmoqda.

Universitet 17 ta ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr hamda 14ta mutaxassislik bo‘yicha magistr tayyorlaydi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid