Jahon | 18:40 / 12.11.2018
66509
5 daqiqa o‘qiladi

Tojikistondagi mahbuslar isyoni tafsilotlari: Tartibsizlikni ekstremistlar boshlamagan

7 noyabr kuni Tojikiston shimolidagi Xo‘jand shahrida joylashgan 3-sonli qat'iy tartibdagi axloq-tuzatish koloniyasida ko‘tarilgan isyon oqibatida halok bo‘lganlar soni 47 nafarni tashkil etdi, 121 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda «Axbor» sayti tergov organlaridagi manbasiga asoslangan holda xabar tarqatgan.

Oxirgi xabarlarda qurbonlar soni 27 kishi bo‘lgani, shundan 2 kishi huquq-tartibot organlari xodimlari bo‘lgani, yana 100dan ortiq kishi jarohatlangani aytilgandi.

Shifokorlarning aytishicha, o‘qotar quroldan olingan jarohatlar bilan shifoxonalarga keltirilgan mahbuslarning ham bir qismi jon bergan. 

So‘g‘d viloyati huquq-tartibot organlaridagi manba ma'lumotiga ko‘ra, mahbuslar bilan o‘ta shafqatsiz muomalada bo‘ladigan nozir Fayzullo Safarov boshqaradigan bu qamoqxonadagi isyonga nozirlarning haddan oshishi sabab bo‘lgan.

Ma'lum qilinishicha, 7 noyabr kuni navbatchi mayor mahbuslardan birini yalong‘och qilib yechintirib, uni koloniya tashqarisida bir necha soat davomida yomg‘ir ostida turishga majbur qilgan. Bu mahbusning tahqirlanishi mahbuslarning bir otryadi isyon ko‘tarishiga olib kelgan. Pichoqlar, boltalar, toshlar va boshqa metall buyumlar bilan qurollangan mahbuslar nozirlarga hujum qilishgan.

Ikki nafar navbatchidan qattiq qasos olingan: «Mahbuslar nozirlarning barmoqlarini chopib tashlashgan. Shundan so‘ng, isyonga boshqa mahbuslar otryadlari qo‘shilgan va koloniya hududining bir qismi mahbuslar nazoratiga o‘tgan. Bu taxminan 7 noyabr kuni soat 22:30dagi vaziyat. Keyin viloyat bo‘ylab favqulodda holat e'lon qilingan, soat 23:00da hududga «Alfa» guruhi va OMON kirib kelgan. Ular isyonni shafqatsizlarcha bostirishgan», deyiladi xabarda.

Isyon va uni bostirish vaqtida 2 nafar nozir o‘ldirilgan, koloniyaning 7 xizmatchisi o‘qotar quroldan jarohatlangan. 

«Mahbuslar juda ko‘p yo‘qotishlarga uchradi. Isyonga aloqador bo‘lmagan mahbuslar ham o‘qqa uchradi», degan manba.

«Axbor» nashri isyon qamoqxonadagi IShID va «Hizb-ut-Tahrir» a'zolari tomonidan uyushtirilgani haqidagi ma'lumotlarni rad etgan. Manbaning so‘zlariga ko‘ra, qamoqxonada ekstremizm va terrorizmda ayblanib qamalganlar bo‘lgan, ammo ularning soni ko‘p bo‘lmagan.

«Bu yerda asosan qotillik, giyohvandlik va voyaga yetmaganlarni zo‘rlash jinoyatlarida ayblanib qamalgan mahbuslar saqlanardi. Ular orasida ekstremizmda ayblanganlar ham bo‘lishi mumkin, ammo ularning soni juda kam edi», degan manba.

Sobiq mahbuslardan biri «Axbor» muxbiri bilan suhbatda, ushbu koloniyada mahbuslar doimiy ravishda tahqirlanib kelinganini aytgan.

«Hamisha va har qanday vosita bilan mahbuslar tahqirlangan. Bu yerda mahbuslar odam o‘rnida ko‘rilmagan. Hech bir sababsiz jazolashlari mumkin edi. Istagan vaqtda yalong‘och qilib yechintirib, tashqarida yurishga majburlashardi», degan suhbatdosh.

7 noyabr kuni OAV Xo‘janddagi qamoqxonada Tojikistonda taqiqlangan IShID va «Hizb-ut-Tahrir»ga a'zoligi uchun qamalgan mahbuslar nozirlardan birining qurolini tortib olib, isyon boshlagani haqida xabar tarqatgandi. 

Ko‘p o‘tmasdan, hududga maxsus kuchlar yetib kelishgan va koloniyani elektr tokidan uzib, isyonni bostirish amaliyotini o‘tkazishgan.

Ma'lumot uchun, 3-sonli qat'iy tartibdagi axloq-tuzatish koloniyasi avval ham bir necha marta mahbuslarning qochib ketishi va tartibsizliklar ro‘y berishi tufayli OAV nigohida bo‘lgan.

2016 yilning 17 iyunida Xo‘jand koloniyasining 3 nafar mahbusi Ramzulloxon Dadoxonov, Xabibjon Yusufov va Mirzozarif Qayumov qamoqxonada tarbiyalov bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan Yormamad Alimamadovni o‘ldirib qochib ketishgandi. Qayumov qamoqxona hududini tark etmasidan otib tashlangan, Yusufov jarohatlangan holda qo‘lga olingandi, ammo u shifoxonada vafot etgan. Uchinchi qochqin - Ramzulloxon Dadoxonov esa ikki kun o‘tib qo‘lga olish chog‘ida qarshilik ko‘rsatgani uchun o‘ldirilgandi.

2016 yilning 24 noyabrida ushbu koloniyadan 2009 yili 19 yoshida o‘g‘rilik uchun 14 yilga qamalgan Amonulloxon Nosiri qochishga muvaffaq bo‘lgan. U ikki kun o‘tib qo‘lga olingan va unga yana 5 yil muddat qo‘shib berilgan.

Xo‘jand koloniyasi tarixidagi eng yirik tartibsizlik 1997 yilning aprelida ro‘y bergan. O‘shanda ko‘tarilgan isyonni bostirish chog‘ida 24 mahbus o‘ldirilgan va 35 mahbus jarohatlangandi.

Mavzuga oid