Jahon | 09:46 / 13.11.2018
3791
2 daqiqa o‘qiladi

Kaliforniyadagi yong‘inlar qurbonlari soni 42 nafarga yetdi

Foto: REUTERS / Mario Anzuoni

Kaliforniyada bir necha kundan beri davom etayotgan o‘rmon yong‘inlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 42 nafarga yetdi. Bu haqda Byutt okrugi sherifi Kori Xonea ma'lum qildi.

“Bugun yana 13 jasad topildi. Ulardan 10 tasi Paradays shahrida, 3 tasi Konkouda topilgan”, deb ma'lum qilgan Xonea. 

Sherifning aytishicha, Camp Fire deb nomlangan ushbu yong‘in AQSh tarixidagi eng qirg‘inbarot tabiiy yong‘in bo‘ldi.

Yong‘inlar Kaliforniya shtati shimolida 8 noyabrda boshlangan va shtat tarixidagi eng vayronkori bo‘ldi. Olov deyarli 45 ming gektar maydonni egallab olgan va 7 mingga yaqin inshootning kulini ko‘kka sovurgan. Kaliforniya janubida yana ikkita yong‘in avj olmoqda: Woolsey deb atalgan yong‘in 33 ming gektar, Hill esa 1,8 ming gektar maydonni qamrab olgan. 

Kaliforniyadagi yong‘inlar sababli umumiy holda 300 mingdan ko‘proq odam, jumladan Los-Anjyeles okrugidan 170 ming odam evakuatsiya qilindi.  

AQSh prezidenti Donald Tramp 12 noyabrda Kaliforniya shtatida yirik tabiiy ofat tartibini e'lon qildi.  

Bungacha Kaliforniya tarixida eng vayronkor yong‘in Tubbs hisoblangan. U 2017 yil oktabrida sodir bo‘lib, 15 ming gektar maydonni egallagan va 5,5 mingdan ko‘proq inshootni yo‘q qilgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid