Light | 12:48 / 17.11.2018
19776
5 daqiqa o‘qiladi

Yilning sovuq paytida qanday uyg‘onish mumkin?

Foto: Unsplash

Muhimi – o‘zingizni issiqlik va yorug‘lik bilan qurshab olish. Ko‘chadagi ob-havo kabi tund bo‘lmaslik.

Yetarli darajada uxlang

Agar shu oddiy qoidaga amal qilmasangiz, nima qilishingizga qaramay, osonlikcha uyg‘ona olmaysiz. Hammaning o‘z uyqu mezoni bo‘ladi. Kimdir standart sakkiz soatda uyg‘onadi, kim uchundir olti soat kifoya. Har qanday holatda ham agar shaxsiy me'yoringizdan kam uxlasangiz, keyingi maslahatlar ish bermaydi.

Bir vaqtda uyg‘oning

Ko‘pincha biz e'tibor bermaydigan yana bir aniq maslahat.

Har kuni 6:30da uyg‘onasiz va o‘qishga piyoda ketasiz. Kutilmaganda bir tanishingiz sizni o‘z mashinasida tashlab qo‘yishni taklif etadi. Albatta, siz xursandlik bilan budilnikni 6:45 ga qo‘yasiz. Tongda nima uchundir to‘yib uxlamagandek bo‘lasiz. Agar odatga ko‘ra uyg‘onsangiz va yana 15 daqiqa uxlab olishga qaror qilsangiz, nima uchundir o‘zingizni noqulay his etasiz.

U ham, boshqasi ham noto‘g‘ri. Organizm muayyan vaqtda turishga shu qadar o‘rganadiki, o‘rnatilgan grafikdan chiqish sizni tetiklik va yaxshi kayfiyatdan judo etadi.

Har doim bir vaqtda uyg‘onishga odatlaning. Ob-havoning o‘zgarishi sizga ta'sir ko‘rsatmasin.

Budilnikning tovushi yoqimlisini tanlang

Budilnikning keskin tovushi haqiqatan ham jiddiy zarar keltiradi. Tonggi baland va kutilmagan qo‘ng‘iroq sizni uyqudan qo‘pol ravishda uyg‘otadi. Bu qon bosimini oshirib, keskin tarzda adrenalin ajralishiga olib keladi. Oddiy qilib aytganda, har kuni tongda organizm xavotir va qo‘rquv hissi bilan uyg‘onadi. Bunday kundalik zo‘riqish oxir-oqibat yurak va tomir kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.

Asta-sekin baland bo‘ladigan sokin ohang odamni uyg‘otishda keskin tovushlardan ortda qolmaydi. Ayrimlar vibroqo‘ng‘iroqdan ham uyg‘onishlari mumkin.

Agar uyg‘otgichni eshitib, yurak urishining tezlashishi, o‘zingizni yo‘qotib qo‘yish va fikrlarning chalkashib ketishini sezsangiz, ohangni o‘zgartirishingiz lozim.

Kiyimlaringiz karovat yonida bo‘lsin

Kuz va qishda ko‘rpa tagidan chiqishga o‘zingizni majburlash ba'zida qiyin bo‘ladi. Chunki xona sovuq. Ayniqsa, bu isitish mavsumi boshlanguncha.

Shuning uchun issiq uy kiyimini darhol kiyish maqsadida uni yoningizga qo‘ying. Ana o‘shanda xonadagi sovuq havo osonlik bilan uyg‘onishga xalaqit qilmaydi.

Yorug‘lik qo‘shing

Yoz va bahorda uyg‘onish osonligining asosiy sababi – tabiiy quyosh nuri. Qish va kuzda yoritish darajasini sun'iy ravishda oshirishga to‘g‘ri keladi.

Uyg‘onishingiz bilan xonalarda chiroqni yoqing. Bu sizni tetiklantirib, yana uxlashga yotish istagini yo‘qotadi. Agar oilangiz bilan yashasangiz, sizdan erta uyg‘onadiganlarda xonangizdagi chiroqni uyg‘onishingizdan biroz oldin yoqishlarini so‘rang. Agar yorug‘likni asta-sekinlik bilan ko‘tarish tizimini o‘rnatish imkoniyati mavjud bo‘lsa, albatta undan foydalaning.

Qo‘llaringizni isiting

Bor-yo‘g‘i, qo‘llaringizni issiq suv bilan yuving. Siz issiqlik butun tanangiz bo‘ylab harakatlanayotganini darhol his etasiz. Bu kichik odat sovuq tongni ancha yoqimli qiladi.

Xonalarni shamollating

Batamom isinib olgach, xonaga musaffo havoni «qo‘yib yuboring». U tetiklantirib, xonaga soflik olib keladi va yotoqxonada qolish istagidan xalos etadi.

Bir stakan iliq suv iching

Nonushta va birinchi qahva finjonidan avval bir stakan toza suv ichish tavsiya etiladi. Ana o‘shanda oshqozon o‘z faoliyatini ishga tushiradi va ovqat qabul qilish va uni hazm qilishga kirishadi. Yozda salqin mineral suv ichish mumkin, biroq qish kunlarida uni iste'mol qilish yoqimli holatlar olib kelmaydi. Agar suv biroz isitilsa, uni ichish ancha yoqimli bo‘ladi.

Yaxshilab nonushta qiling

Yaxshi nonushta ko‘p quvvat beradi. Sovuq paytlarda kunni ochlikda boshlash ancha mushkul. Buni his qilmasangiz va tongda hech narsa iste'mol qilmasangiz-da, bu aniq fakt. Agar nonushtani qoldirmaslikka odatlansangiz, oshqozonning o‘zi sizni tongda oshxonaga yetaklaydi. To‘shakda uzoq qolib keta olmaysiz.

Mavzuga oid