Jamiyat | 01:00 / 18.11.2018
160385
6 daqiqa o‘qiladi

Tanasidan 16 dona igna topilgan chaqaloqning bugungi holati qanday?

Shu yilning yanvar oyida 11 oylik chaqaloqning tanasidan 16 dona igna topilgani haqida shov-shuvli xabarlar tarqalgan edi.

Chaqaloq jarrohlik amaliyotiga yotqizilgani, sog‘ligi haqidagi yangiliklar hech kimni befarq qoldirmadi. Go‘dak tanasiga ignalar qanday va kim tomonidan kiritilgani haqida  turli faraz va taxminlar bildirilib, mazkur voqea bir oy davomida barchaning e'tiborida bo‘lgani bor gap.

Foto: KUN.UZ

O‘shanda, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga keltirilgan bola tezkorlik bilan jarrohlik stoliga yotqizilgandi. Markazdagi, Bolalar jarrohlik bo‘limi tomonidan barcha ignalar tanada turlicha joylashgani, ya'ni -  chaqaloqning yo‘g‘on ichak qismida, siydik qopi, ko‘krak qafasida, bolaning bo‘yin qismida, umurtqa pog‘onasida, yurak ostida aniqlangach, bo‘lim mudiri, professor Akilov jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga kirishgan edi. Joriy yilning 17 yanvar kuni chaqaloq operatsiya qilindi. 9 soat davom etgan operatsiyada 10 nafarga yaqin shifokor ishtirok etdi va bolaning tanasidan 11 dona igna chiqarib olindi.  

Foto: Kun.uz

Mana, oradan 10 oy o‘tdi. Ko‘p sonli o‘quvchilarimizning talabiga binoan, hayotining ilk oylarida katta sinovlarni boshidan o‘tkazgan bolakayni yo‘qlab bordik.

Youtube'da ko‘rish

Mover.uz'da ko‘rish

Farg‘ona viloyati, Toshloq tumani, Nayman qishlog‘idagi Xudoyberdiyevlar xonadonidamiz. Oila, yangi qurilgan uyga yaqinda ko‘chib chiqibdi. Bizni Azizbekning otasi Azimjon kutib oldi. Ichkariga kiramiz. Mana o‘sha, murg‘ak bo‘lsada tanasidagi ignalar bilan olishgan bardoshli qahramonimiz – Azizbek. U onasining quchog‘ida jilmayib o‘tirardi.

Azizbek, ayni paytda 18 oylik. Serharakat, tinim bilmas bola bo‘libdi. O‘tgan voqealar haqida uning onasi Shohsanamxondan so‘raymiz.

«O‘tgan yilning noyabr oylarida Azizbekning tana harorati ko‘tarilib, hech pasaymadi. Siyishi qiyinlashdi. Tuman shifoxonasida davolandik. Foydasi bo‘lmadi. Siyishi yanada kamayib, bo‘ynida, qornida, bel sohasida shishlar paydo bo‘ldi. Vrachlar, siydik yo‘llarida tuz bor degan taxminni aytishdi. Urolog tekshirgach, siydik yo‘llari tozaligini aytib, viloyatga jo‘natdi.

Viloyat kasalxonasida buyrak qismini tekshirmoqchi bo‘lib rentgen qilishdi. Shifokorlar bolamning tanasida 15 dona igna borligini aytishganida shok holatga tushgandim. Rentgen suratidagi juda ko‘plab ignalarni ko‘rib ham ishonmadim. Toshkent tomon yo‘l oldik. Ignalardan azoblanayotgan Azizbekni uch kundan so‘ng operatsiya qilishdi.

To‘qqiz soat davom etgan operatsiya davomida, jarrohlar bolamning tanasidan 11 dona ignani olishdi. Qolgan, to‘rt donasini chiqarib olishga esa anesteziologlar ruxsat berishmadi. O‘g‘lim endi narkozni ko‘tara olmasdi. Shu bilan operatsiya to‘xtadi. Operatsiyadan keyin Azizbek 17 kun komada yotib, 18-kuni ko‘zini ochdi.  Davolanib, uyga qaytdik. Xudoga shukr, bolamning ahvoli kundan-kunga yaxshilanib bordi. Yomon kunlar ortda qoldi», deydi ko‘zda yosh bilan ona.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Azizbekning tanasiga ignalar qanday kirib qolgani hanuz sirligicha qolmoqda. O‘sha paytda ham uning badanida igna sanchilgani belgilari bo‘lmagan ekan. Onasining aytishicha, o‘tgan yil Yangi yil kunlari axlatidan shar parchalari va archa o‘yinchoqlari qoldiqlari chiqqan. Kimdan gumon qilishini so‘rashni ep ko‘rmadik. Taxminimizcha, bola igna to‘la sharni yutgan bo‘lishi ham mumkin. Bu ham bir taxmin...

Asosiysi, Azizbekning sog‘ayib borayotganidir. Bolakay narkoz va o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti ta'sirida 18 oylik bo‘lgach, emaklashni boshlabdi. Otasi Azimjon o‘sha paytda xorijga ishlagani chiqib ketgan ekan. Xabar berishganidan so‘ng yetib kelgan.

Azizbekning bugungi holati haqida Shohsanamxon shunday deydi: «Uyqusi, ishtahasi yaxshi. O‘yinqaroq. Hovliga, ko‘chaga chiqib sayr qilishni yaxshi ko‘radi».  

Suhbatimiz so‘ngida, ota-ona bolajonni  jarrohlik amaliyotidan o‘tkazgan, professor Habibulla Akilov boshchiligidagi shifokorlarga tashakkurlarini yetkazishimizni so‘radi. Undan tashqari, Azizbekni bemor paytida ruhan qo‘llab turgan barcha insonlarga ham rahmat aytishdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ularning aytishicha, o‘tgan 10 oy davomida juda ko‘plab insonlar ularga dalda bo‘lib turgan. Moddiy tomondan yordam bergan kishilar ham bor ekan.

Azizbekning tanasida yana ignalar qolgan. Ularni qachon olish haqida kun kelib shifokorlar o‘z so‘zini aytishadi. Bolakay esa ungacha ulg‘ayishi, kuch-quvvat yig‘ishi kerak.

Sir-sinoatli holatda nishlar bilan olishgan va olishayotgan Azizbekni ko‘rib qaytarkanmiz, uning bugungi holatidan biroz ko‘nglimiz yorishdi.

Xalqning kichik bir vakilining bemorligida sog‘ligiga kuyungan barchaga yana bir bor rahmat aytamiz.

Hayot esa davom etadi...

                            

Elmurod Ermatov,
KUN.UZ muxbiri.
tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov
Farg‘ona-Toshloq

Mavzuga oid