Bundan ikki oy muqaddam toshloqlik 11 oylik chaqaloqning tanasidan 16 dona igna topilgani haqidagi xabarlar rezonans keltirib chiqargan, uning tanasiga ignalar tashqaridan kuch bilan kiritilgani haqidagi farazlar yanada kengrov shov-shuvlarni keltirib chiqargandi, ushbu holat yuzasidan tergov ishlari boshlangandi. 14 mart kuni esa ushbu kichkintoy Azizbek Abdumajidov sog‘ayib uyiga qaytdi.
«Xabar.uz» nashri Azizbek Abdumajidovning ishi bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlarni bilish uchun Farg‘ona viloyati prokuraturasiga rasman murojaat qildi.

Prokuraturadan quyidagicha javob olindi:
«Farg‘ona viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan 2017 yil 11- fevralda tug‘ilgan A.Abdumajidovning ichki a'zolaridan ko‘plab ignalar topilgani yuzasidan JKning 25, 97-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borildi.
Aniqlanishicha, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona viloyat filiali tomonidan A.Abdumajidov qabul qilinib, 2018 yil 15 yanvarda o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvda uning ichki a'zolari turli joylarida ko‘plab ignalar borligi aniqlanib, zudlik bilan Respublika ilmiy markazi jarrohlik bo‘limiga yuborilgan va markazning jarrohlik bo‘limi tomonidan A.Abdumajidovning ichki a'zolaridan jami 11 dona po‘lat igna va sim bo‘lagi chiqarib olinib, qolgan 3 dona igna olinmagan.
Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma'lumotiga ko‘ra, jarrohlik operatsiyasida A.Abdumajidovning qorin bo‘shlig‘i va uning atrofida joylashgan ichki a'zolaridan jami 10 dona igna hamda to‘g‘ri ichak va siydik qopi orasidan 1 dona sim bo‘lagi olib tashlangani, ignalarni xarakteri va xususiyatlariga ko‘ra, og‘iz orqali qizilo‘ngachdan so‘ng oshqozon bo‘shlig‘iga tushib, tananing harakati, muskullarning qisqarishi, qizilo‘ngach, oshqozon ichaklar peristaltikasi oqibatida migratsiya bo‘lib, o‘z yo‘nalishini o‘zgartirgan bo‘lishi mumkinligi, chaqaloqning chap bo‘yin va chap yonbosh sohalarida aniqlangan ignalar tashqi kuch ta'siri ostida tanaga kiritilgan bo‘lishi mumkinligi, mazkur aniqlangan jarohatlar hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir shikastlar toifasiga kirishi qayd etilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha so‘roq qilingan Sh.B.ning aytishicha, 2017 yil noyabr oyining o‘rtalarida farzandi A.Abdumajidov kasal bo‘lgani uchun shifoxonada davolanib chiqqan. Dekabr oyida farzandining chap chov, orqa bel va bo‘yin sohalarida shishlar paydo bo‘lgan, shifokor maslahati bilan shishgan joylarga maz surtgan, farzandi istimalashni boshlagandan so‘ng, shifoxonaga olib borganida uning ichki a'zolarida ignalar borligi aniqlangan. Keyin Toshkent shahriga yuborilgan farzandi shifoxonada davolangan, farzandiga biron-bir shaxs tomonidan igna yuttirilmagan, balki uning o‘zi ignalarni yutib yuborgan bo‘lishi mumkin.








