O‘zbekiston | 13:10 / 19.11.2018
63567
2 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Shermatov Prezident maktablarida qanday fanlar o‘qitilishini aytdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonning har bir hududida Prezident maktablari tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda e'lon qildi.

O‘zbekiston xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovning aytishicha, prezident tashabbusiga ko‘ra birinchi maktab Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida tashkil etiladi. Prezident maktablari bosqichma-bosqich mamlakatning boshqa hududlarida ham ochiladi, dedi vazir.

Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, Sherzod Shermatov soha mutasaddilariga maktabni tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

“Prezident maktablarining asosiy maqsadi mamlakatimizning har bir viloyatida iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning rivojlanishiga kerakli sharoitlar yaratishdir”, - dedi xalq ta'limi vaziri. 

Vazirning aytishicha, Prezident maktablari STEAM Science (fan), Technology (texnologiya), Engineering (muhandislik), Art (san'at) va Mathematics (matematika) fanlarini o‘qitishga ixtisoslashgan bo‘ladi.

Ya'ni, Prezident maktablarida yoshlarga matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilg‘or ta'lim metodologiyalari asosida chuqur o‘rgatiladi.

“Prezident maktablarida o‘quvchilarni tanlash va ta'lim sifatini ta'minlash uchun ularni xorijlik mutaxassislar boshqaradilar. Shu bilan birga, maktabga malakali xorijlik hamda mahalliy pedagoglar jalb etiladilar va ularning faoliyatiga kerakli shart-sharoitlar yaratiladi”, - dedi Shermatov.

Vazirning qayd etishicha, hozirda tegishli vazirlik va idoralar tomonidan Prezident maktablari faoliyati va o‘quvchilarni qabul qilish masalalarini tartibga soluvchi kerakli me'yoriy hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha ishlar boshlandi. Bu hujjatlar o‘quvchilarga qo‘yiladigan talablar va qabul qilish jarayonini belgilab beradi.

Mavzuga oid