Sport | 16:56 / 20.11.2018
42121
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston terma jamoasi Janubiy Koreyaga yirik hisobda yutqazdi

Foto: O‘FA

O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi o‘rtoqlik uchrashuvini Janubiy Koreyaga qarshi o‘tkazib, yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi. Unda qayd etilgan hisob o‘yin ssenariysini ham to‘la aks ettirish bilan birga jamoalar saviyasi va tajribasi o‘rtasidagi farqni ham yaqqol ko‘rsatib berdi.

O‘yinning 9-daqiqasida hisob ochildi. Li Yong o‘ng qanotdan uzatib bergan to‘pni Nam Tayehi to‘xtatmasdan chap oyoq zarbasi bilan Nesterov darvozasiga joylab qo‘ydi.

24-daqiqada burchak zarbasidan so‘ng O‘zbekiston darvozasi oldida tartibsizlik yuzaga keldi. Ignatiy dastlab Li Yongning zarbasini qaytardi, ammo yaqin masofadan rikoshet natijasida qo‘liga yetib kelgan to‘pni ushlab qola olmadi. Takroriy zarbada esa koreyslar hujumchisi Hvang Uijo mo‘ljaldan adashmadi – 0:2.

Tanaffusdan so‘ng ham O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinida ko‘tarilish ko‘zga tashlangani yo‘q. Koreyslarning zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan ikki futbolchisi – Mun Seonmin (69-daqiqa) va Suk Hyunjun (81) o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygach, hisob yirik ko‘rinishga keldi – 0:4.

Ushbu o‘yin va ushbu hisob, shubhasiz, Ektor Kuper boshchiligidagi argentinalik murabbiylar shtabi uchun Osiyo kubogi oldidan unutilmas dars, terma jamoaning yosh a'zolari uchun esa beqiyos tajriba bo‘ldi.

O‘rtoqlik o‘yini
20 noyabr. Brisben, "Queensland Sport and Athletics Centre"
O‘zbekiston – Janubiy Koreya – 0:4 (0:2)
Gollar:
Nam Tayehi (9), Hvang Uijo (24), Mun Seonmin (69), Suk Hyunjun (81)
O‘zbekiston: Ignatiy Nesterov, Akmal Shorahmedov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Anzur Ismoilov, Oleg Zoteyev, Odil Hamrobekov, Otabek Shukurov, Doston Hamdamov (Husniddin G‘ofurov, 74), Javohir Sidiqov (Ikrom Aliboyev, 64), Aziz Turg‘unboyev (Marat Bikmayev, 46), Eldor Shomurodov.
Zaxira: Eldorbek Suyunov, O‘tkir Yusupov, Vladimir Kozak, Doston Tursunov, Yegor Krimets.
Janubiy Koreya: Jo Hyongvu, Park Juho (Hong Chul, 75), Kim Yongvon (Kvon Kyungvon, 63), Jung Seonghyun (Park Jisu, 82), Li Yong, Hvang Inbeom, Ju Sujong, Li Chungyong (Li Jinhyun, 75), Nam Tayehi (Mun Seonmin, 51), Na Sangho, Hvang Uijo (Suk Hyunjun, 69).
Hakamlar: Kris Bit, Eshli Bichem, Anton Shetinin, Piter Grin.
VAR tizimidagi hakamlar: Jarred Gillet, Richard Naumovski.

Mavzuga oid